Endi saytda yoki ijtimoiy tarmoqlardagi komment uchun fikr bildiruvchi javobgarlikka tortiladi
01 apr 2021 14:35
Yangiliklar
Endi saytda yoki ijtimoiy tarmoqlardagi komment uchun fikr bildiruvchi javobgarlikka tortiladi
Ularga xususan, tartibsizliklar va mitinglarga chaqiriqlar, jamiyat va davlatga hurmatsizlikni ifodalaydigan malumotlarni elon qilish taqiqlanadi.
Bu haqda Prezident tomonidan 30 mart kuni imzolangan qonun bilan «Axborotlashtirish to'g'risida»gi qonunning 12-1-moddasiga (hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan axborotni internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish) tegishli qo'shimcha kiritildi.
Endilikda ushbu modda quyidagi tahrirda bayon etilgan:
«Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasi yoki boshqa axborot resursi egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog'idagi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasi yoxud boshqa axborot resursidan:
- O'zbekiston Respublikasining mavjud konstituciyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo'rlik bilan o'zgartirishga davat etish;
- ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo'ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o'tkaziladigan yig'ilishlar, mitinglar, ko'cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga davat qilish, shuningdek ushbu noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirishga chaqirish;
- jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborot tarqatish;
- urush, zo'ravonlik va terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g'oyalarini targ'ib qilish;
- davlat sirlarini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi malumotlarni oshkor qilish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo'zg'atuvchi, shuningdek fuqarolarning shani va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro'siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo'l qo'yuvchi axborotni tarqatish;
- axloqsiz shaklda ifoda etilgan axborotni, shu jumladan, jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni ko'rsatadigan malumotlarni tarqatish;
- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ'ib qilish;
- pornografiya, zo'ravonlik va shafqatsizlikni targ'ib qilish, shuningdek o'z joniga qasd qilishga undash;
- fuqarolarni, shu jumladan voyaga etmaganlarni, ularning hayoti va (yoki) sog'lig'iga yoki boshqa shaxslarning hayoti va (yoki) sog'lig'iga tahdid soladigan noqonuniy xatti-- harakatlarni sodir etishga ishontirishga yoki boshqacha tarzda jalb qilishga qaratilgan malumotlarni tarqatish;
- qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo'ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo'l qo'ymasligi shart.
- SHuningdek, sayt egasi va blogerga o'zlarining internetdagi sahifalarini, shu jumladan, jamoat uchun ochiq bo'lgan malumotlar joylashtirilgan tezkor xabar almashish tizimlarini kuzatib borish, yuqoridagi malumotlar va materiallarni aniqlash majburiyati yuklatildi.
Bundan tashqari, yuqoridagi talablar bajarilmagani oqibatida sayt egasi yoki bloger tomonidan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan shaxslar o'z huquqlari, shani, qadr-qimmati va ishchanlik obro'si, shu jumladan, etkazilgan zararni qoplash talablari bilan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Qonun bilan Mamuriy javobgarlik to'g'risidagi va Jinoyat kodeksga qo'shimcha kiritildi.
Unga ko'ra, O'zbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikaciya tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko'paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida davat qilish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (14 mln 700 ming so'mdan 19 mln 600 ming so'mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, O'zbekiston Prezidentini telekommunikaciya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog'idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.)
Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo'ravonlik qilishga omma oldida davat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.
Unga ko'ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O'sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikaciyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko'paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo'lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qonunga kiritilgan tegishli o'zgarishlar 31 martdan etiboran kuchga kirdi.
Fikrlar