Dinamo - Navbahor: Ustunlik kim tomonda?

Narzulla Saydullayev
26 apr 2019, 10:10
Superliga 6-turi doirasidagi e'tiborli qarama-qarshilik Samarqandda o'tadi.

Hozirda turnir jadvalida yonma-yon borayotgan azaliy raqiblar Dinamo va Navbahor jamoalari o'zaro saf tortishadi. Ushbu bahs Samarqand va Namangan klublari o'rtasidagi 47-uchrashuv sifatida tarixga kiradi.

Superliga. 6-tur.
26 aprel (juma)
“DINAMO” – “NAVBAHOR”
O'yin boshlanish vaqti:
17:30
Chipta narxi: 10 000 co'm.
TV-translyatsiya: Sport TV (jonli efir)
Sharhlovchi: Xayrulla Hamidov.

JORIY MAVSUMDA…
Yangi mavsum oldidan Davron Fayziev boshchiligidagi “Dinamo” tayyorgarlikni Toshkentda olib borgan bo'lsa, Andrey Kanchelskis qo'l ostidagi “Navbahor” yakuniy yig'inni xorijda o'tkazdi.

“Dinamo” Superliganing 5-turidan so'ng 1 ta durang, 2 g'alaba, 2 mag'lubiyat bilan 7 ochko bilan 7-o'rinni band etgan bo'lsa, “Navbahor” ham xuddi shunday natija bilan 7 ochko jamg'arib, gollar nisbatiga ko'ra “Dinamo”dan bir pog'ona yuqori 6-o'rinda ketmoqda. 6-turdagi “Dinamo” – “Navbahor” uchrashuvidagi g'alaba jamoalardan birini yanada yuqorilashiga sabab bo'ladi.



“Dinamo”ning o'tkazgan o'yinlari:

1-tur. “Dinamo” – “Nasaf” – 1:1
2-tur. “Surxon” – “Dinamo” – 1:0
3-tur. “Dinamo” – “Metallurg” – 2:1
4-tur. “Dinamo” – “So'g'diyona” – 1:0
5-tur. “Paxtakor” – “Dinamo” – 2:0

“Navbahor”ning o'tkazgan o'yinlari:

1-tur. “Navbahor” – “Qo'qon-1912” – 1:1
2-tur. “Lokomotiv” – “Navbahor” – 1:0
3-tur. “Navbahor” – “Bunyodkor” – 2:3
4-tur. “Nasaf” – “Navbahor” – 0:1
5-tur. “Navbahor” – “Surxon” – 3:0

O'ZARO O'YINLAR TARIXI
Samarqand va Namangan jamoalari 1992 yildan buyon Oliy Liga tarixida 46 marotaba ro'baro' kelishgan. Statistika vodiy jamoasining foydasiga gapirmoqda: 25 ta o'yinda Navbahor g'alabani tantana qilgan, 8 bahs murosa yo'li bilan intiho topgan, 13 marta esa Dinamo g'olib sifatida maydonni tark etgan.

To'plar nisbati bo'yicha ham tosh “Navbahor” tomonini bosmoqda: 82:41. O'tkazilgan 46 o'yin yakunida Navbahor 83 ochkoga ega chiqqan bo'lsa, Dinamo 47 ochkoni o'z hisobiga yozib qo'ygan.

O'zaro o'yinlarda namanganliklarning eng yirik g'alabasi 7:1, Dinamoda esa bu ko'rsatkich – 2:0 ga teng.

Samarqandda bo'lib o'tgan so'nggi olti uchrashuv:
31.03.2017 Dinamo - Navbahor 0:1
23.09.2015 Dinamo - Navbahor 2:1
21.06.2014 Dinamo - Navbahor 2:0
31.05.2013 Dinamo - Navbahor 1:1
14.09.2012 Dinamo - Navbahor 2:0
02.04.2011 Dinamo - Navbahor 0:1



ESKI TANISHLAR…
Joriy yilda Navbahor safida Dinamoning bir qator sobiq futbolchilari to'p surishmoqda. Shu jumladan Dinamoda ham.
Xususan, ayni damda “Navbahor” safida to'p surayotganlardan, Bahodir Nasimov “Dinamo” tarbiyalanuvchisi sanalib, 2003-2010 yillarda, Aziz Ibragimov 2015 yilda va yarimhimoyachi Abdujamol Isroilov 2017 yilda aynan “Dinamo” safida Oliy Ligada debyutini o'tkazgan.
Hozirda “Dinamo” safida to'p surayotgan darvozabon Botirali Ergashev 2018 yilda, himoyachi Akmal Xolmurodov esa 2010-11 yillarda “Navbahor” sharafini himoya qilgan.

Qolaversa, "Dinamo" bosh menejeri Ilhom Sharipov o'z vaqtida "Dinamo"dan tashqari "Navbahor" klubida ham muvaffaqiyatli to'p surgan.

REKORD YODINGIZDAMI?

2017 yilgi “Dinamo” – “Navbahor” (0:1) o'rtasidagi o'zaro so'nggi uchrashuvda Samarqandda rekord qayd etilgandi. O'shanda “Dinamo” 3-turda “Paxtakor”ni safarda mag'lub etib, 1-o'ringa ko'tarilgach, 4-turdagi “Dinamo” – “Navbahor” o'yinida stadion o'yin boshlanishiga 1 soat vaqt qolganda 13 mingdan ortiq muxlis bilan liq to'lgan, o'yingoh tashqarisida 4 mingdan ortiq muxlis qolib ketgandi. Bu yaqin 10 yillikdagi rekord tashrif edi.

Bu safargi “Dinamo” – “Navbahor” uchrashuvi ham muxlislarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Barchani 26 aprel kuni soat 17:30da Dinamo stadioniga taklif etamiz!


Dinamo klubi matbuot xizmati.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcdinamo.uz