Dilshod Karimov: "Paxtakor"ning yangi siyosati - akademiya" (intervyu)
29 fev 16:45
Yangiliklar
Dilshod Karimov: "Paxtakor"ning yangi siyosati - akademiya" (intervyu)
Avvallari biz faqat jamoada pul bo'lmasagina yoshlarga kuni qolib ketishini ko'rardik. Lekin "Paxtakor" hozir unday holatda emas, jamoaning homiysi AKFA mamlakatning eng qudratli zavodlaridan biri. Ammo bu yilgi tarkibga qarasangiz faqat yoshlar. "Paxtakor"da rostdan ham strategiya o'zgardimi? Byudjet qanchaga qisqardi? SHackixga ishonishda davom etiladimi? Diyor Xolmatovga Italiyadan qiziqish borligi rostmi? Klub xususiy bo'lsa nimalar o'zgaradi? Stadion qachon tamirlanadi? SHu va boshqa savollarga javob olish maqsadida "Paxtakor" klubi raisi o'rinbosari Dilshod Karimovdan intervyu oldik.
- "Paxtakor" klubining amalga oshirgan transferlari va jamoani tark etgan futbolchilarga qarasak strategiya o'zgarganini sezish mumkin. Bunga nima sabab bo'ldi?
- Balki chetdan shunday ko'rinayotgandir, ammo bizning strategiya o'zgargani yo'q. Agar siz tarkibning yosharganini aytayotgan bo'lsangiz "Paxtakor" tarixiga etibor qilsangiz doimo klub o'z akademiyasiga tayanib o'ynagan. Bu mavsum o'z akademiyamizdan chiqqan futbolchilarga ko'proq imkoniyat berishga qaror qildik.
- SHota Arveladze davridan boshlangan yulduz futbolchilar va qimmat legionerlar olib kelish to'xtagani rost. To'g'ri undan oldin "Paxtakor" ko'proq o'z akademiyasiga tayanardi. Demak shu narsaga qaytilmoqda?
- Ha shunday. Bir narsani aytaman, Arveladze davrida klubga kelgan va klub bilan 4-5 marta chempion bo'lgan, yaxshi pul topib, shartnomasi tugamay turib "Paxtakor"dan ko'proq maosh taklif qilgan klubga ketgan futbolchilar ham bo'ldi. Biz har qanday vaziyatda ham jamoa uchun turib bera oladiganlarni kashf qilishimiz kerak. Yana bir maqsadimiz, endi Rossiya orqali emas, to'g'ridan-to'g'ri O'zbekistondan kuchli chempionatlarga futbolchilarni transfer qilish. Bu oson ish emas, lekin uddalab bo'lmaydigan ham. Qimmat legioner olib kelishga pul yo'q emas. Lekin o'sha olib kelgan o'yinchingiz ish bermasachi, kuyganimiz qoladi. Akademiyaga yo'naltirilgan pulga hech qachon kuymaysiz.
- Bilishimcha, Farruh Sayfievning shartnomasi bor edi, Hamrobekov erkin agent sifatida ketdi. Nega klub masalan Sayfievni sotish orqali pul ishlab olish imkoniyatidan foydalanmadi?
- Ikkala futbolchi ham ketishni o'zi xohladi. Agar ularni olib qolganimizda akademiyamizdan chiqayotgan futbolchilarning yo'lini to'sardi. Tajribali o'yinchilarni qo'yib yubordik va uning o'rnida yoshlarni o'ynatamiz. To'g'ri ikkala futbolchi ham mahoratli, terma jamoa azolari, lekin yoshlarga ham imkon berishga va ularni kashf qilishga qaror qildik.
- Agar klub xususiylashtiriladigan bo'lsa, AKFA Group'ning "Paxtakor"ga oid rejalari qanday?
- Yaqinda bu xabar katta ajiotaj bo'lib ketdi. SHu bois biroz to'xtab turibdi. "Paxtakor"ni qaysi kompaniya olsa ham investor davlat bilan tuziladigan shartnomaga amal qiladi. Yani yangi xo'jayin stadiondan sport yo'nalishida foydalanishga majbur. Masalan, bu basseyn bo'lishi mumkin, fitness zal bo'lishi mumkindir. SHartnomaga ko'ra, stadionni o'rniga yoki atrofiga turar-joy majmuasi yoki savdo markazi qurish mumkin emas. Agar AKFA Group'ning rejalariga keladigan bo'lsak, tez kunlarda o'z loyihamizni ko'rsatamiz. "Paxtakor" stadioni atrofida darahtlar ko'p ularni kesish kerak emas deyishdi. Bizning rejamizga ko'ra shu erga yana 2000 ta ko'chat ekiladi. Atrofda o'ralgan panjalarni olib tashlash va 24 soat davomida odamlar bemalol sayr qilib yuradigan tematik-bog' qilmoqchimiz. Maqsadimiz ham stadionni rekonstrukciya qilish, ham odamlarning futbolga qiziqishini oshirish.
Bundan tashqari akademiyamizni boshidan qurishni reja qilganmiz. Klubimiz rahbari Jahongir Obidovich bilan birga loyihalar ishlab chiqdik. Undan oldin Turkiyaga borib Izmirdagi, Rossiyada "Dinamo" va Qozog'istonda "Qayrat" akademiyalarini o'rganib chiqdim. Barcha akademiyalarda ko'rgan va o'zimizga maqul kelgan jihatlarini olib akademiya qurish. Buning natijasida yangi futbolchilarni kashf qilish va milliy terma jamoaga yanada ko'proq futbolchilarni etishtirib berishni maqsad qilgandik.
- "Paxtakor" stadioni atrofidagi panjaralar olib tashlanadi dedingiz, 4-5 yil avval "Bunyodkor" stadionida ham shunday holat bo'lgandi. Yani darvozalar ochib qo'yilgan va stadioni atrofi "bardak"ka aylangandi. SHu narsadan qo'rqmaysizmi?
- Yo'q, chunki ahamiyat bersangiz futbol bo'ladigan maydon atrofi o'ralgan, uning tashqarisida yana kattagina maydon bor va u panjara bilan o'ralgan. Masalan, odam uzoqdan kelib panjara bo'lsa yoki eshik yopiq bo'lsa kirgisi ham kelmaydi. Ochiq bo'lsa stadion atrofida aylanib yurishadi, ammo bu futbol maydoniga bemalol kirib ketishadi degani emas.
- Akademiya uchun joy tanlandimi? CHunki Toshkent shahrida joy muammo...
- Xabaringiz bo'lsa, CHilonzorda "Paxtakor"ning ikkita suniy maydoni bor. Ayni paytda suniy maydonimiz talabga javob bermaydi, futbolchilar ko'p jarohat olishmoqda. SHu bois maydonni yangilash uchun Italiyaning Italgreen kompaniyasi bilan muzokara olib boryapmiz. O'sha maydon atrofiga qo'shimcha yotoqxona binosini qurishni reja qilganmiz. 12-13 yoshgacha bo'lgan yoshlar CHilonzorda yashaydi. Undan yoshi kattalar uchun Qibraydagi bazada yana 200 kishilik yotoqxona quramiz va akademiya uchun qo'shimcha maydonlar bunyod qilamiz.
- Demak, Qibraydagi bazadagi binoni ham tamirlash rejada bor? Bilishimcha bu joy qurilganidan buyon umuman tamirlanmagan...
- Aynan bino haqida atayotgan bo'lsa ha, qurilganiga ancha yil bo'lgan. Lekin avvalgi "Paxtakor" bazasi bilan hozirgisining farqi juda katta. Maydonlarda projektor yo'q edi, fitness uchun qurilmalar yo'q edi, basseyn yo'q edi, saunalar qurildi. Hozir shularning barchasi bazada mavjud. Oldinlari futbolchilar o'yindan keyingi tiklanish uchun mehmonxonaga borib fitness bilan shug'ullanishardi. Hozir bemalol bazaning o'zida tiklanish mashqlarini bajarish mumkin.
- Tarkib yoshargan bo'lsa ham maqsad baribir chempionlikmi? "Paxtakor" aynan nimaning evaziga chempion bo'lmoqchi?
- Bitta gapni ishonch bilan ayta olaman. "Paxtakor"da boshqa klublarda yo'q narsa bor - chempionlik ruhiyati! Barcha futbolchilarimiz akademiyada o'z yosh toifasida chempion bo'lib katta bo'lishmoqda. SHu sabab hech ikkalanmasdan tarkibni yoshartirdik, ularga ishonamiz. Bugungi yoshlarimiz klubimiz logotipidagi 3ta yulduzni 4taga aylantirish uchun poydevor qo'yishadi deb o'ylayman.
- Maksim SHackixning "Paxtakor" klubidagi faoliyatiga qanday baho berasiz? Ko'pchilik SHackix klubni ikki marta chempion qilgan bo'lsa ham, u tomoniga ko'p tanqidlar bo'ldi.
- Futbol shunday sport turiki bitta o'yin bilan chempion bo'lmaysiz. Mavsum uzoq davom etadi. Hamma o'yinni yutadigan klub ham yo'q. Qaysidir uchrashuvda yutiladi, qaysidir bahsda yutqazadi. CHempionat tugaganidan keyingi ochkolarga ko'ra chempion aniqlanadi. Tanqidchilar xohlaydimi yoki xohlamaydimi ikki mavsumda ham SHackix qo'l ostida chempion bo'ldik, bu fakt. Jahongir Obidovichning bitta gapi bor: Haqiqiy mutaxassis bu yo'qdan bor qila oladigan odam. Bosh murabbiy oldiga yangi vazifalar qo'ydik: Yosh futbolchilarni o'ynatib ular orasidan yangi yulduzlarni kashf qilish. To'g'ri qiyin bo'ladi, ozgina vaqt kerak. Lekin yo'nalishni to'g'ri qo'yganmiz. Ko'rasiz, hali "Paxtakor"dan terma jamoada sardor bo'ladigan yulduzlar chiqadi.
- Yoshlar bilan o'ynaganda natija yaxshi bo'lishi uchun vaqt keraligini aytdingiz, bu juda to'g'ri fikr. Natija darrov bo'lmasa murabbiy ishdan ketib qolishi mumkinmi? Demoqchimanki Maksim SHackixda rahbariyat tomonidan ishonch krediti bormi?
- Maksim SHackixga klub rahbariyati tomonidan ishonch bildirilgan. Yoshlar bilan o'ynash va yangi yulduzlarni kashf qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Buni o'tgan yili ham gaplashganmiz. Bu yil ishonamiz. Xohlaymizmi, xohlamaymizmi bizda "Paxtakor" degan nom bor va doim chempionlik uchun kurashamiz.
- Kuzda "Paxtakor"ni Osiyo Elit chempionlar ligasi kutib turibdi. U erda Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etadi. "Paxtakor" bu musobaqada ham shu yigitlar bilan o'ynamoqchimi?
- Ochig'ini aytaman, bu musobaqa sentyabr oyida boshlanadi. SHu bois hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Barchasini vaqt ko'rsatadi. Superligadagi o'yinlarga qarab qaror qabul qilamiz. Dastlab o'z yoshlarimizni kuzataylikchi. O'tgan yil Jahongir Ortiqxo'jaev bilan aynan shu musobaqa bo'yicha suhbatlashgandik. Rahbarimiz "Paxtakor"ga 3 nafar zo'r legioner olib kelsak Elit chempionlar ligasida g'olib bo'la olamizmi dedilar. Sportda, ayniqsa futbolda oldindan hech nima deb bo'lmaydi. Vaziyatga real qarasak, masalan Saudiya Arabistoni klublari necha millionlab pul tikayotganini ko'rib turibmiz. SHu bois qaysidir bosqichgacha etib borishimiz mumkin, lekin yuta olmaymiz dedim. SHunda Jahongir Obidovich unday holda 3 nafar qimmat legioner olib kelmay, o'sha pullarni akademiyaga yo'naltiramiz va o'zimiz yulduzlarni kashf qilamiz dedilar.
- Diyor Xolmatov Italiyadan qiziqish rostdan bo'ldimi? Muhammadali O'rinboevning "Brentford"ga o'tish jarayoni haqida ham to'xtalib o'tsangiz...
- O'rinboev "Paxtakor" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O'tgan yil Ramazon oyida "Brentford" klubi skautlari kelib uning o'yinlarini kuzatishdi. Keyinroq o'zimiz uning harakatlarini videoga olib ularga yuborib turdik. APLda transfer bo'lishi juda murakkab ekan. Futbolchi APL klubiga o'tishi uchun xalqaro musobaqada ham o'ynashi kerak ekan. SHu bois OCHLda ham adashmasam ikkita o'yinda ishtirok etdi. Demoqchimanki klub O'rinboevning xorij klubiga o'tishi uchun qo'lidan kelganicha yordam berdi. 6-7 oy davomida muzokara o'tkazildi va O'zbekiston tarixida ilk bor APL klubiga futbolchi transfer qilindi. Istiqbollli kelajakda bunday transferlarni hali ko'p amalga oshiramiz.
Diyor Xolmatovga keladigan bo'lsak, Italiya klubidan qiziqish haqiqatdan ham mavjud. Italiyalik skautlar Qatardagi Osiyo kubogida uni kuzatishdi. Yil davomida ham Xolmatovning o'yinlarini kuzatib borishadi. Yana bir narsani aytaman bazi yosh futbolchilarimizga Ispaniya va Germaniya klublari qiziqishmoqda. Skautlar yil davomida ularni kuzatishadi.
- Aynan qaysi futbolchilar ekanini ayta olasizmi?
- Bilasizmi agar hozir familiyalarni aytsam, bu intervyuni o'qib o'yini o'zgarib qolishi mumkin. Bosim ostida qolishi mumkin. SHu bois aniq kimligini aytsam to'g'ri bo'lmaydi. Adashmasam 2000 yillarda Yaponiya va Janubiy Koreya futbolni rivojlantirish uchun o'z futbolchilarini Evropa klublariga ijaraga berishgan va maoshni ham Yaponiya va Koreya klublari to'lashgan. Hozir esa bu mamlakatlardan Evropa jamoalarida qancha futbolchi o'ynayotganini ko'rib turibsiz. Biz ham o'z yoshlarimizni Evropa klublariga o'tkazish va buning natijasida milliy terma jamoamizga munosib futbolchilar etishtirib berishga harakat qilamiz.
- "Paxtakor"dan pul qochdi degan gaplarga munosabatingiz? Umuman olganda klub smetasi o'tgan yilga nisbatan qanchalik o'zgardi?
- Smeta oshgan bo'lsa oshdiki, kamaygani yo'q. Endi siz savol berishingiz mumkin, katta maosh oladigan futbolchilar ketishdiku, nega smeta baribir katta deb? Katta maoshlardan iqtisod bo'lgan pullarni biz akademiyaga yo'naltirdik: Maydonlarni qurish, yotoqxona qurish, vitaminizaciya va boshqalar.
- "Paxtakor" stadioni tribunalarining kattagina qismi o'tgan yil yopib qo'yilgandi. Tribunalar tamirlandimi?
- PFL "Paxtakor" stadionida o'yin o'tkazish uchun faqat birinchi davraga ruxsat berdi. Agar tamirlanmasa ikkinchi davrada bu erda futbol o'ynash mumkin bo'lmaydi. Hozirgi kunda "Paxtakor" klubi 100 foiz Toshkent shahar hokimiyati qaramog'ida. Lekin AKFA kompaniyasi va boshqa bir qator homiylar mablag' berilmoqda. Nafaqat "Paxtakor" davlat ulushi bo'lgan klublar xususiy bo'lganida birinchidan yurtimizga ko'mak bergan bo'lardik, ikkinchidan xususiy bo'lganidan keyin har bir so'm maqsadli sarflanadi. SHu bois agar tezroq stadionni tamirlamasak ikkinchi davrada bu erda o'ynay olmaymiz.
- "Paxtakor" darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov klubdan o'zi ketdimi va uning o'rniga nega aynan Pavel Bugalo ishga olindi?
- Qisqa qilib aytganda qonida "Paxtakor" DNKsi bo'lganlarni yig'ishga qaror qildik. Bekorga Bugalo, Kamoliddin Tojiev, SHuhrat Maqsudov, Ilhom Suyunov kabi sobiq futbolchilarni klubga qaytarmadik. Bir narsani aytib beraman: Hojiakbar Alijonovga O'zbekistonning boshqa klubidan moliyaviy jihatdan yaxshigina taklif bo'ldi. Alijonov maoshga uchgani yo'q va O'zbekistonda bo'lsa faqat "Paxtakor"da o'ynayman deb javob berdi.
- "Paxtakor" klubida yana qanday yangilik bor?
- Yangilik sifatida bu yildan Birinchi ligada ham jamoamiz bo'ladi. SHuhrat Bo'riev murabbiy qo'l ostida 2007 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat jamoa Birinchi ligada tajriba to'plashadi. U-19 CHempionatida "Paxtakor" 2008 yilda tug'ilgan futbolchilar bilan ishtirok etadi. Yani bizning jamoa 3 yosh kattalar bilan o'ynaydi. Bu erda natija muhim emas, asosiysi tajriba to'plash.
- So'nggi savol, "Paxtakor" muxlislariga yangi mavsum oldidan nimalar deysiz?
- "Paxtakor"ga muxlislik qilishdan charchashmasin. Ularning ishonchini oqlaymiz. Tarkib yoshartirildi deyishdi, bitta gap: "Paxtakor" tarkibida 14 yoki 15 yoshlik futbolchi maydonga tushsa ham baribir biz chempionlik uchun kurashamiz. CHunki biz "Paxtakor"miz!
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar