Devid Bekxem: MYU avvalgi vajohatini tiklashga majbur
20 avg 2016 07:30
Yangiliklar
Devid Bekxem: MYU avvalgi vajohatini tiklashga majbur
CHunonchi, u qizil iblislarning nihoyat, yana premer-liga taxtiga qaytishlaridan umidvor. Futbolchilik faoliyati davomida MYU bilan APLda naq 6 marta chempionlik nashidasini surgan Beks Sky Sportsga bergan eksklyuziv intervyusida ayniqsa, top-darajadagi nomdor murabbiylar o'rtasidagi raqobatdan ko'p narsa kutayotganini takidladi. Uni xususan, Manchester jamoalari boshqaruvida ish boshlagan Joze Mourino va Xosep Gvardiolaning faoliyati qanday kechishi qiziqtiryapti.
- Avvalo, o'tgan mavsumga to'xtalsak - u shaxsan siz uchun nechog'li g'alati bo'ldi?
- Menimcha, bunaqasi oldinlari sira kuzatilmagan. Misol uchun, o'zim premer-ligada o'ynagan paytlar barchani birdek hayratga soluvchi g'alaba va mag'lubiyatlar qayd etilardi. Biroq muayyan o'yinlarda, xolos. Harqalay, sensaciyalar butun mavsumga cho'zilganini eslolmayman... Avvalgi chempionatda esa hammasi oxiriga qadar hayratlanarli tarzda davom etdi. O'z o'rnida, Lesterning haqli ravishda chempionlik maqomiga erishganini alohida takidlashim joiz. Axir bu jamoa butun mavsum bo'yi eng kuchli ekanligini to'la isbotladi. O'ylashimcha, ko'pchilik Lesterning muayyan masofada charchab qolishini taxmin qildi, ammo amalda bunday bo'lgani yo'q. Boshqacha aytsak, har bir o'yindan so'ng Tamom, shu oxirgisi, buyog'iga tulkilar chiday olmaydilar qabilidagi so'zlarni eshitdik. Biroq Lester finishgacha chidadi va bu tahsinga loyiq. SHaxsiy fikrimcha, bosh murabbiy Klaudio Raneri va futbolchilarga to'liq ishonch bildirilgani jamoada birdamlikni kuchaytirdi. Natijada Lester misolida jamoaviy ruh yordamida qanday yuksaklikka chiqish mumkinligini yana bir bora ko'rdik. Yo'q, chempionlikni faqat birdamlikka bog'lamoqchi emasman. Tulkilar yutug'ida iqtidor va mahoratning ham o'rni katta, albatta. Fakt shuki, Lester tarkibidagi saviyali futbolchilar tufayli yaxshi o'ynadi va yakunda mo'jizaviy natija qayd etdi. Ammo shu saviya va mahoratning aynan birdamlik bilan qorishib ketgani yakuniy zafarni taminlagani ham rost. Albatta, Lesterning oltin medal yutgani ko'pchilik uchun sof syur-priz bo'ldi, ayniqsa, jamoa bir mavsum oldin qaerda turganini inobatga olsak (finishga 8ta tur qolganida, oxirgi o'rinda edi), shunday. Nima bo'lgan taqdirda ham, tulkilarning chempionlik taxtiga adolatsiz tarzda chiqishganini aytishga asos yo'q - barchasiga o'z mehnatlari bilan erishdilar.
- Yangi mavsumda ham shunga o'xshash syurprizlarni ko'rishimiz mumkinmi?
- Bunaqasi yana takrorlanishiga katta shubham bor. Ha, aksariyat muxlislar kutilmagan natijalarga ilhaqlar, biroq men xuddi Manchester Yunayted fanatlari kabi syurprizlarga moyil emasman. Betaraf ishqibozlarni tushunish mumkin: ular favoritlarning har qadamda engilishlarini kutishadi. Lekin takror aytamanki, yangi mavsumda aqlni shoshirib qo'yadigan natijalar ko'p qayd etilmasa kerak. Mana, APL klublarida ko'plab tan olingan murabbiylar ish boshlashdi va o'ylaymanki, ularning maydon chetidagi xatti-harakatlarini kuzatib borish ham alohida qiziqish uyg'otadi. Taxminimcha, yangi mavsum yakunida katta klublardan biri g'alabani tantana qiladi. To'g'ri, vaqtdan ilgaralab ketish yaramaydi. Yaxshisi, barchasini o'z vaqtida kuzatib borgan maqul.
- Xo'sh, nomdor yangi murabbiylardan aynan qanday yangiliklar kutyapsiz?
- Menga eng maqul kelgan tomoni shuki, yangi murabbiylarning barchalari kuchli xarakterlari bilan ajralib turishadi. Bilasiz, ingliz futboli muxlislari uzoq yillar davomida ser Aleks Fergyuson va Arsen Venger o'rtasidagi qiyosi yo'q raqobatga guvoh bo'lishdi. Bazan bu kurashga Kevin Kigan ham qo'shilib turardi. Endi esa hamma Xosep Gvardiola, Yurgen Klopp va Antonio Konte haqida gapiryapti. Aytgancha, shaxsan menga Konte yoqadi. Italyan mutaxassisi ayniqsa, maydon chetida o'zini yaxshi tutadi, shuning barobarida bor ehtirosini namoyish etishdan uyalmaydi. Yangi menejerlar haqida gap ketganda, ular orasida o'z o'rniga ega bo'lgan Joze Mourinoga alohida to'xtalmaslikning iloji yo'q. Mana, u dunyodagi eng yirik klub - MYUni boshqarishdek ulkan masuliyatni o'z zimmasiga oldi. Hozirdan shunday tasavvur yo'q emaski, yangi chempionat davomida gohida maydondagi voqealarni unutib, uning chetida bo'ladigan raqobatni kuzatishimizga to'g'ri keladi. Xullas, bizni oldinda o'ta qiziqarli mavsum kutyapti.
- Ha, murabbiylar tufayli chempionatning qanday tus olishini taxmin qilish ham qiyin.
- Xuddi shunday. Eng nomdor va ustakor menejerlar to'plangan birinchilikda qandaydir taxminga o'rin qolmaydi. Zero, ularning har biri o'z jamoasini keskin o'zgartirib yuborishga qodir. Misol uchun, Yurgen Klopp Liverpulni sezilarli darajada o'zgartirishga ulgurdi. Ochig'i, u klubga kelganidan so'ng MYU fanati sifatida ozgina xavotirga ham tushgandim. Mana, Liverpul katta klub maqomini qayta tiklay boshladi. Lekin unutmaslik kerak, Joze Mou- rino Yunaytedga, Antonio Konte CHelsiga va Xosep Gvardiola Manchester Sitiga keldi. Darvoqe, o'z o'rnida aytishim kerak, ko'p yillardan buyon Pepning murabbiylik ishiga befarq emasman va ishonchim komil, u Sitiga etarli naf keltiradi. Xullas, garchi taxmin qilish o'rinsiz bo'lsada, aynan shu murabbiylardan biri o'z jamoasi bilan chempionlik nashidasini surishini aytishim mumkin.
- Sizningcha, Mourinoning Manchester Yunaytedda muvaffaqiyat qozonish imkoniyati qanday?
- Uning samarali ish yuritishiga zarracha shubham yo'q. Jozening CHelsidan ketib, MYUga kelgani shaxsan men uchun ajoyib voqe-likdir. Aslida avvalgi bosh murabbiy Lui van Galga ham hurmatim cheksiz, ammo uning ishi kutilgan samarani bermadi. O'ylaymanki, Yunayted uchun endi hammasi yangitdan boshlanadi. Rahbariyat oxirgi 3 yoki 4 yilda bosh murabbiyni tez-tez almashtirdi. Vaholanki, bunday holat MYU ruhiyatiga mos kelmaydi. Axir bu erda klubni uzoq yillar davomida barqaror boshqaradigan menejerni ko'rishga odatlanishgan. Xuddi Aleks Fergyuson kabi... Afsuski, oxirgi vaqtlarda malum sabablarga ko'ra, menejerni tez-tez yangilashga to'g'ri keldi. Hozir Joze katta ish bo'sag'asida turibdi. Muhimi, u nimani xohlashiyu, sovrinlarni qanday yutishni yaxshi biladi. Murabbiydan talab qilinadigani ham shu. Manchester Yunayted avvalo, avvalgi vajohatini tiklashi shart. Bir eslang, oldinlari Old Traffordga tashrif buyurgan raqiblar nechog'li dahshatga tushardilar... Ular bu stadionga qadam bosar ekanlar, baribir, mag'lubiyatga uchrashlarini his qilardilar, go'yo. Aynan shunday holatni tezroq tiklash muhim.
- Taxmin qilish mushkul bo'lsada, so'rashga majburmiz: sizningcha, premer-liga g'olibligi qaysi jamoaga nasib etadi?
- Tabiiyki, Manchester Yunay-tedni tilga olaman. Zero, har doim shu jamoa tarafidaman.
- MYUning g'olib chiqishini yurak amri bo'yicha aytyapsizmi yoki miyadagi aqlga tayanib...?
- Har ikkisiga asosan.
- Ko'rinishidan, barcha-barcha oxirgi yillardagi eng shiddatli chempionlik poygasini kutyapti...
- SHubhasiz. Axir chempionatga kelgan har bir yangi murabbiy aql bilan ish ko'rishga o'rgangan va ular g'alabaga qaysi yo'l orqali borish mumkinligini yaxshi bilishadi. Menejerlarning orttirgan umumiy tajribalarini nazarda tutsak, bunday guruh hali hech qaerda yig'ilmaganini ko'ramiz. Bu ham APLning eng kuchli liga ekanligidan dalolat.
A.AHMEDOV tayyorladi
Fikrlar