So’nggi yangiliklar

16:53УEФА миллий терма жамоаларнинг Евро-2024 учун қайдномаларини кенгайтиради  0 16:25"Тоттенхэм" ҳимоячиси Европа чемпионатини ўтказиб юборади  0 16:21Ривожланиш Кубоги. Ўзбекистон U-16 терма жамоасининг Тожикистонга қарши таркиби маълум  3 15:59Манба: "Бавария" ва "Барса" қизиқиш билдирган Унаи Эмери "Астон Вилла" билан ҳамкорликни давом эттиради  3 15:31"Барселона" ярим ҳимоячиси мавсум охиригача сафдан чиқди  2 15:05Ироқ ОТЖ бош мураббийи: "Чорак финалда осон рақиб бўлмайди, бироқ энг муҳими, бор кучимизни ишга солиш"  4 14:59МЮ ва "Челси" собиқ футболчилари АПЛ Шон-шараф залига киритилди  1 14:30Ўзбекистон U-23 термасининг Вьетнамга қарши тахминий таркиби билан танишинг  11 14:15Саудия Арабистони ОТЖ бош мураббийи: "Икки йил аввалги мусобақада Вьетнамни ҳам, Ўзбекистонни ҳам мағлуб этганмиз. Эътиборингиз учун раҳмат"  25 13:59Рэтклифф Тухель билан музокаралар ўтказди  2 13:31"Бавария" форварди мавсум охирида жамоадан кетади  0 13:04Вьетнам футзал термаси бош мураббийи: "Ўзбекистон — турнир фаворити"  4 12:42Родриго "Реал"ни тарк этиш ниятида эмас  10 12:18Хосе Венансио Лопес: "Ярим финалга чиқиш учун Вьетнамга қарши учрашувда назоратни қўлга олишимиз талаб этилади"  13 12:01"Манчестер Сити" ярим ҳимоячисини қўйиб юборишга тайёр  8

Davron Hoshimov: Bir kun yana Paxtakorga qaytaman Yangiliklar

Davron Hoshimov: Bir kun yana Paxtakorga qaytaman

Salkam 7 yil davomida Paxtakorda to'p surgan tajribali himoyachi Davron Hoshimovning yangi mavsumni boshqa klubda boshlashi aniq bo'lib ulgurdi.

U ayni payt «Qo'qon-1912»ning Toshkentdagi o'quv-mashg'ulotlar yig'inida ishtirok etyapti. Katta ehtimolki, Davron aynan vodiy klubi bilan shartnoma tuzadi. Har holda, «Qo'qon-1912» bosh murabbiyi No'mon Hasanovning aytishicha, himoyachi bilan og'zaki kelishuvga erishilgan.

Tabiiyki, Hoshimov uchun qadrdon klubidan ketish oson kechmagan. Lekin futbolchining hayoti shunday - har qadamda kutilmagan holatlar uchrab turadi.

Bilasiz, Davron «Paxtakor» safida tanildi, bir qator sovrinlar sohibiga aylandi. Muhimi, ishonchli o'yinlari orqali milliy jamoaga kirdi.

Xo'sh, Yangier futbol maktabi tarbiyalanuvchisi faoliyatidagi ushbu katta o'zgarishni qanday qabul qildi?

- Davron, «Paxtakor»da 7 yil o'ynadingiz, tabiiyki, bu kichik muddat emas. Umuman, chempionatimizda bitta jamoada uzluksiz shuncha uzoq to'p surgan futbolchilar juda kam.

Demakki, klub ikkinchi uyingizga aylanib qolgani va u bilan xayrlashish oson bo'lmagani tayin. Qiziq, bunday keskin qaroringiz sababi nima?

- Ha, oxirgi 2-3 hafta juda og'ir o'tdi. Yani yakuniy qaror qabul qilishda rosa qiynaldim. Albatta, barchasini obdon o'yladim. To'g'ri aytdingiz, «Paxtakor» ikkinchi uyimga aylanib qolgandi. Men uchun katta futbol yo'li shu jamoada boshlandi. SHu kungacha nimaga erishgan bo'lsam, barchasi aynan «Paxtakor» bilan bog'liq.

Asosiysi, klub futbolchi sifatida o'sishimga imkoniyat berdi. Fursatdan foydalanib, «Paxtakor» rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar, ishchi-xodimlar va albatta, muxlislarga 7 yillik hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Nasib etsa, bir kun yana «Paxtakor»ga qaytaman.

Klub safiga 2011 yili qo'shilgandim. «Buxoro»ga qarshi kechgan o'yinda ilk marta «sherlar» libosini kiyganim hech esimdan chiqmaydi. Umuman, ortda qolgan vaqtda yorqin damlarni boshdan kechirdim. Lekin «Paxtakor»dan ketganim hayot to'xtaganini anglatmaydi. O'ylaymanki, «Qo'qon-1912»da ham o'zimni begona his qilmayman.

Zero, jamoa bosh murabbiyi No'mon Hasanov bilan «Paxtakor»da bir necha yil birga ishlaganmiz. Qolaversa, Murod Xolmuhammedov, Javohir Siddiqov, Bahodir Pardaev, Suhrob Berdiev va Aleksandr Merzlyakov kabi futbolchilarni juda yaxshi bilaman. SHu bois, No'mon aka chorlovini rad etolmadim.

To'g'ri, boshqa takliflar ham bor edi. Xususan, sovrinli o'rinlar uchun kurashadigan klublarga ham chaqirishdi. Hammasini taroziga solib ko'rib, «Qo'qon-1912»da o'ynash variantini maqul topdim. Endi jamoa muvaffaqiyatiga munosib hissa qo'shib, ishonchni oqlasam, bas.

- Bu borada kimlar bilan maslahatlashdingiz, qanday tavsiyalar eshitdingiz?

- Qandaydir ishga qo'l urishdan avval birinchi galda, masalani oila davrasida  muhokama qilamiz. Tabiiyki, otam bosh maslahatchimizdir. Ular doimo eng to'g'ri yo'lni ko'rsatadilar. O'zlari vaqtida kurash bilan professional darajada shug'ullanganlar.

Demakki, oilamizda sportcha muhit hukmron. SHu kungacha otamning aytganlariga amal qilib, kam bo'lmadim. Xullas, «Paxtakor»dan ketish haqida ham avvalo, otam bilan maslahatlashdim. CHunonchi, avvalgi mavsumning oxirgi 6-7ta uchrashuvida asosiy tarkibda maydonga tushmadim.

Buning o'ziga yarasha sabablari bor, ammo hozir barchasini oshkor qilishni istamayman. Xullas, umumiy holatni nazarda tutib, jamoadan ketish eng to'g'ri yo'l ekanligini tushundim.

Otam ham zaxirada navbat kutib o'tirgandan ko'ra, boshqa jamoada etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lishim maqsadga muvofiqligini aytdilar. Axir hozir ayni o'ynaydigan yoshdaman.

- Muxlislar sizni o'ta qiziqqon futbolchi sifatida bilishadi. Zero, tez-tez sariq kartochka olasiz, bazida maydonni ertaroq tark etasiz. Darhaqiqat, tabiatan qo'pol o'yinchimisiz yoki barchasi taktik uslubga bog'liq?

- Statistikaga etibor qaratsak, himoyachilar boshqa amplualar vakillariga nisbatan ko'proq sariq yoki qizil kartochka olishadi. CHunonchi, to'p bilan oldinga intilgan hujumchi mudofaa chizig'idan o'tib ketsa, uning gol urish ehtimoli 80-90 foizga oshadi.

Xullas, himoyachilar ko'pincha xavfni bartaraf etish yo'lida so'nggi chorani qo'llashga majbur bo'lishadi. Ha, bu toza futbol emasligini tushunaman. Lekin bazan shunday yo'l tutishga to'g'ri keladi.

Ochig'i, menda qiziqqonlik qachon boshlanganini bilmayman. Bir tomondan, xarakterim shunday - yakkakurashlarda engilishni sira hazm qilolmayman. Lekin hayotda tajovuzkor yoki qo'pol emasman. Ko'rib turganingizdek, suhbatga tezda kirishib ketadigan, xushchaqchaq yigitman (kuladi).

- Lekin sariq va qizil kartochkalar jamoaga pand beradi. Deylik, maydondan chetlashtirilsangiz, sheriklaringiz qiyin vaziyatda qolishadi...

- Ha, shunday. Oxirgi vaqtlarda ortiqcha qo'pollik ishlatish odatini yo'qotishga harakat qilyapman. Misol uchun, o'tgan yili 8 marta sariq kartochka oldim.

Muhimi, «qizil»ga duch kelganim yo'q. Demak, yaxshi tomonga o'zgaryapman. No'mon Hasanov ham men bilan aynan shu masalada yakkama-yakka suhbatlashdi va tanbeh berdi: «Raqiblaring ham sen kabi futbol orqali ro'zg'or tebratishadi.

Yakkakurashlarda qo'pollik ishlatishdan tiyil...». Albatta, barchasini to'g'ri qabul qildim. Muxlislar yangi mavsumda umuman boshqa Davron Hoshimovni ko'rsalar, ajabmas.

- Sportchilar oilasida ulg'ayganingizni aytdingiz. Bolalikda otangiz  izidan borib, kurashchi bo'lishni o'ylamaganmisiz?

- Aniq esimda, doim otamga ergashib, kurash zaliga borardim. Oz-moz shug'ullanganman ham. Keyinroq boks to'garagiga qatnash barobarida futbol guruhiga borganman.

Natijada otam oldimga qatiy shart qo'ygandilar: «Hamma sport turlari bilan shug'ulanolmaysan. Yuragingga quloq tutib, bittasini tanla».

Yakunda futbolga mehr kuchlilik qildi. SHu tariqa Yangier futbol maktab-internatiga bordim. Bu dargohda 5 yil tahsil olganimdan so'ng «Paxtakor»ga chaqirishdi.

- O'sha payt ko'pchilik «Paxtakor»da o'ynashni orzu qilardi. Jamoaga taklif etishgach, qanday holatga tushgandingiz?

- Ha, ko'pchilik qatori menda ham «Paxtakor»da to'p surish orzusi yo'q emasdi. Ammo jamoa libosini kiyib, mashhur futbolchilarni ko'rgan afsonaviy stadionda o'ynash shunchalik tez nasib etishini sira o'ylamagandim.

Xullas, 2008 yili «Paxtakor» va «Yangier» tarbiyalanuvchilari o'rtasida nazorat uchrashuvi tashkil etilgani taqdirimni o'zgartirib yubordi. Qarangki, o'yin kuni rahmatli buvam uyimga mehmon bo'lib kelganlar va otam stadionga borolmaganlar.

SHunda bobom meni uzoq duo qilgan ekanlar. Etiborlisi, ayni o'sha uchrashuvdagi harakatlarim maqul kelganmi, meni «Paxtakor»ga chaqirishdi. SHu tariqa Robert Gay rahbarligidagi o'rinbosarlar jamoasida o'ynay boshladim. Duo kuchini o'shanda bilganman.

- Bugungi kunda yaqinlaringiz o'yinlaringizni bevosita stadionda kuzatib borishadimi?

- Otam o'yinlarni o'tkazib yubormaydilar, hisob. SHu asnoda kechqurun xatti-harakatlarimni tahlil qilib, xato-kamchiliklarimni tushuntiradilar. Har holda, u kishi futbolni juda yaxshi tushunadilar.

SHu manoda aytsam, otam birinchi murabbiy va asosiy tanqidchi rolidalar. To'g'ri, bazan tanqidni oshirib yuborsalar, biroz jahlim chiqadiyu, tezda barchasi o'rinli ekanligini tushunaman va xatolarni takrorlamaslikka intilaman. Aytgancha, O'zbekiston chempioni bo'lganimdan keyin qattiq koyimay qo'yganlar.

- Futboldagi yutuqlaringizdan qay biri eng qadrlisi?

- 2014 va 2015 yillarda qo'lga kiritilgan chempionlik medallari. CHunki «Paxtakor» o'sha mavsumlar chempionlikka qiyinchilik bilan erishgan. Xususan, jamoada moliyaviy muammolar yuzaga kelgan va futbolchilar bir necha oy maoshsiz o'ynashgandi.

SHunga qaramay, yakunda chempionlik shohsupasiga ko'tarilgandik. Hamjihatlikda har qanday ishni uddalash, ishonch va ishtiyoq bo'lsa, oliy maqsadga erishish mumkinligini amalda isbotlaganmiz.

- Superligada 12ta jamoa o'ynashini hisobga olsak, ayrim futbolchilar ishsiz qolishlari hech gap emas. Demoqchimizki, futbolchi sifatida yangilik va o'zgarishlarga munosabatingiz qanday?

- Biror narsaga erishish uchun nimadandir voz kechishga to'g'ri keladi - urush qurbonsiz bo'lmaydi. SHunday ekan, o'zgarishlar futbolimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi kerak. SHaxsan men faqat ijobiy natija kutyapman. Endi har bir o'yin va ochkoning qadri keskin oshadi. SHuningdek, turnir jadvalida tig'izlik yuzaga kelsa, ajabmas. Har holda, biror jamoa yaqqol ajralib qolmasa kerak. Eng asosiysi, har bir poziciya uchun 2-3 nafar futbolchining kurash olib borishi natijasida raqobat talab darajasiga chiqadi.

- Bu yilgi mavsumning eng muhim musobaqasi - bu Rossiya-2018 mundiali. Bo'lajak JCHda qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

- Afsuski, jahon chempionati yo'lidagi urinishimiz yana besamar ketdi. Aslida Rossiyaga borishni juda xohlagandik. O'yinlar va voqealarga muxlislarning o'zlari guvoh bo'lishdi. Nasib yo'q ekan, nachora... Lekin JCH-2018da biz muxlislik qiladigan jamoa bor.

FIFA referisi Ravshan Ermatov brigadasini nazarda tutyapman. Etakchi hakamimiz hozircha 2ta mundialda 9ta o'yinni boshqargan. Demak, Ermatovda rekordchi sifatida Ginnes kitobiga kirish imkoni bor. SHuningdek, shaxsan men Rossiya va Braziliya termalariga ham befarq qaramayman.

Yoshligimda Kafu ijrosidagi o'yinlarga mahliyo bo'lardim. Menimcha, navbatdagi mundialning bosh favoriti aynan «pentakampeonlar»dir. O'z-o'zidan OFK jamoalari o'yinlarini ham o'zgacha qiziqish bilan kuzataman.

Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreya termalarining guruhdan chiqishiga ishonyapman. Umidvormanki, qitamiz sharafini himoya qiladigan jamoalar ham uyaltirib qo'yishmaydi. Yana bir gap: O'zbekiston termasining JCH-2022da ishtirok etishiga qattiq ishonyapman. Hozirgi o'zgarishlar shunday fikr yuritishimga asosdir.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi     Manba: "Interfutbol" gazetasi

Reyting: -48   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика