Coca Cola Superligasi. "Paxtakor" o'tgan mavsum mag'lub etolmagan, "Navbahor" esa sevimliga aylangan raqibiga qarshi: 1-tur prevyusi
03 mar 2023 09:00
Yangiliklar
Coca Cola Superligasi. "Paxtakor" o'tgan mavsum mag'lub etolmagan, "Navbahor" esa sevimliga aylangan raqibiga qarshi: 1-tur prevyusi
Coca Cola Superligasining o'tgan mavsumi avvalgilarga qaraganda qiziqarliroq yakun topgani sir emas. Har holda yostiqqa yonboshlab olib, zangori ekranda o'z klublarimiz saf tortganda, peshonasini tirishtirib, televizor pultiga qo'l uzatadigan akaxonlarimizning ko'pchiligi oz bo'lsa-da diqqatini chempionat o'yinlariga qarata boshladi.
Joriy mavsum ham avvalgisidan-da tomoshabop hamda hayajonlarga boy o'tishi taxmin qilinmoqda. O'tgan mavsum borini berib ham "ulog'ini" "Paxtakor"ga boy bergan "Nasaf" va "Navbahor" klublari joriy mavsum ikki hissa kuch sarflashsa, ajabmas. Ayniqsa, Namangan klubidan jamoa muxlislari ko'p narsa kutmoqda. SHuningdek, o'tgan mavsum kashfiyotiga aylangan hamda etakchi klublarga qarshi bahslarda ularning uch ochkosini arralab tashlagan "Olimpik"ning joriy mavsumda ham raqiblariga syurpriz tayyorlashi kutilmoqda. Qolaversa, Pro-liga mehmonlari ham yangi mavsumda yuqori divizion jamoalarini Citramon ichishga majbur qiladi.
3 mart kuni start oladigan Coca Cola Superligasining 1-tur o'yinlari haqida mulohaza yuritamiz.
PAXTAKOR – OLIMPIK
3 mart 2023 yil. Toshkent. "Paxtakor" stadioni. 18:30
Hakamlar: Aziz Asimov, Ruslan Serazitdinov, Alisher Usmonov, Sultonmurod Abdurahmonov
VAR hakami: Abdurashid Xudoyberganov
AVAR: Edita Mirabidova
Nazoratchi: Marat Ismoilov
Komissar: Abbosxon Ahrorov
"SHerlar" o'tgan mavsum so'ngida deyarli har mavsum ega chiqadigan "o'ljasi"ni mashaqqatlar evaziga qo'lga kiritgan bo'lsa-da, chempionat doirasida Timur Kapadze qo'l ostidagi navqiron "Olimpik"ni bo'yin egdira olmadi. Har ikkala bahsda ham jamoalar bir marotabadan ortiq bir-birini xafa qilishni istamagandi. "JAR" stadionidagi bahsdan so'ng SHackix hatto "Paxtakor"ni hakamlik yo'li bilan yo'q qilmoqchi bo'lishsa, qo'llaridan hech narsa kelmaydi, deya takidlab o'tgandi. Umuman olganda, O'zbekistonning amaldagi chempioni faqatgina bir marotaba "Olimpik"ni taslim eta olgan — 2021 yilgi O'zbekiston kubogining chorak finalida Abror Ismoilov tomonidan kiritilgan yagona gol uchrashuv taqdirini hal qilgandi. O'tgan yili ham "sherlar" qo'shnilarini 1:0 hisobida mag'lubiyatga uchratgandi, faqatgina uchrashuv o'rtoqlik maqomini olgandi.
Yangi mavsum avvalida "Paxtakor" o'tgan mavsum "Olimpik"da harakat qilgan Muhammadqodir Hamralievni o'z tarkibiga jalb etdi. Yoshlarga qo'rqmasdan ishonch bildirayotgan SHackix ehtimol uni sobiq jamoasiga qarshi o'yinda maydonga tashlashi mumkin.
Imkoniyatlar: 60-40
So'nggi 5 ta o'yin
"Paxtakor" - "Qayrat" (Qozog'iston) – 4:3
"Paxtakor" - “Dinamo” (Kiev, Ukraina) – 1:0
"Paxtakor" - "Dinamo" (Batumi, Gruziya) – 0:2
"Paxtakor" - "SHkupi" (SHimoliy Makedoniya) – 4:1
"Paxtakor" - “Aqsu” (Qozog'iston) – 5:2.
- - -
"Olimpik" – "Qo'qon-1912" 4:2
"Olimpik" - "Navbahor-Farm" 3:0
"Olimpik" - "Alay" (Qirg'iz Respublikasi) 4:0
"Olimpik" - "Valmiera" (Latviya) 2:3
"Olimpik" - "Dinamo" (Rossiya) 0:1
Qiziqarli faktlar
"Paxtakor" Superliga doirasida "Olimpik"ni mag'lub eta olmagan.
"Olimpik" so'nggi 4 o'yindan beri kamida ikkata to'p kiritmoqda.
"Paxtakor" so'nggi 5 o'yinning 4 tasida g'alaba qozondi.
METALLURG – NEFTCHI
3 mart 2023 yil. Bekobod. "Metallurg" stadioni. 18:30
Hakamlar: Rahimbek Karimov, Sardor Nishonboev, Oybek Kalaxo'jaev, Rustam CHoriev
VAR hakami: Rustam Lutfullin
AVAR: Kristina Sereda
Nazoratchi: Baxtiyor Tog'aev
Komissar: Qudrat Madraimov
O'tgan mavsumni yonma-yon yakunlagan jamoalar bu safar dastlabki turda ro'baro' keladi. Farg'onadagi bahsda "Neftchi" raqib darvozasiga javobsiz uchta to'p sovg'a qilgan bo'lsa, Bekoboddagi to'qnashuvda Bektemir Abdumannopov kun qahramoniga aylangandi.
O'tgan mavsum ikkala jamoa ham dastlabki turni g'alaba bilan boshlagandi, bu safar esa ehtimol kuchlar teng kelsagina, ikkala jamoa azolari ikki nuqta hamda yopiladigan qavs :) kayfiyatida maydonni tark etishi mumkin.
Ikkala jamoa o'zaro 44 marotaba to'qnash kelishgan. SHundan 24 tasida vodiyliklarning qo'li baland kelgan bo'lsa, 11 tasida Toshkent viloyati jamoasi ustunlikka erishgan. 9 uchrashuvda esa kuchlar teng kelgan.
Turkiyadagi yig'indan O'zbekistonni afzal ko'rgan yagona Superliga jamoasi bo'lgan "Metallurg" "Antaliyada bor alamim manim... " deya maydonda saf tortishsa, ajabmas.
Imkoniyatlar: 55-45
So'nggi 5 ta o'yin
"Lokomotiv" 2:1 "Metallurg"
"Metallurg" 1:0 "So'g'diyona"
"Metallurg" 2:1 "Qo'qon 1912"
"Metallurg" 2:3 "Dinamo"
"Metallurg" 3:0 "Xorazm"
- - -
"Neftchi" 1:1 "Bunyodkor"
"Neftchi" 2:0 "Jetisu" (Qozog'iston)
"Neftchi" 3:2 "Krilya Sovetov" (Rossiya)
"Neftchi" 1:0 "Zarya"
"Krivbas" (Ukraina) 2:1 "Neftchi"
Qiziqarli faktlar
"Metallurg" o'z maydonida "Neftchi"ga qarshi so'nggi 4 o'yindan beri 1:0 hisobida g'alaba qozonmoqda;
O'zaro so'nggi 5 o'yindan beri mehmon jamoa gol ura olmayapti;
So'nggi o'zaro 12 o'yinning 11 tasida gol urilgan;
"Metallurg" ketma-ket uch mavsumdan beri Superligada o'z maydonidagi dastlabki bahslarda 1:0 hisobida g'alaba qozonmoqda.
SO'G'DIYONA – BUNYODKOR
4 mart 2023 yil. Zomin. "Zomin" stadioni. 14:00
Hakamlar: Asker Najafaliev, Aleksandr Sidorov, Baxtiyorxo'ja SHavkatov, Ravshan Abduvohidov
VAR hakami: Abdurashid Xudoyberganov
AVAR: Nayim Qosimov
Nazoratchi: Aleksandr Popov
Komissar: Bekzod Aripov
"So'g'diyona" va "Bunyodkor" ham mavsum yakunidagi jadvalda qo'shni bo'lishdi. Jizzaxliklarning ishlari OFK kubogidagi mag'lubiyatga qadar joyida edi. Keyin esa Bakaev boshchiligidagi jamoaning ishlari orqaga keta boshladi. "Bunyodkor"da esa aksincha, Boshkovich yosh jamoani quyi pog'onalardan tortib oldi.
Ikkala jamoa o'zaro 33 marotaba to'qnash kelishgan, shundan 22 tasida poytaxtliklar zafar quchgan, atigi 3 bellashuvda qovuni va somsasi bilan dong'i ketgan viloyat vakillari muvaffaqiyat qozongan, yana 8 bahsda esa tarozi pallalari muvozanatni ko'rsatgan. Jizzaxda o'tgan so'nggi uchrashuvda mezbonlar "qaldirg'ochlar"ni ikki marotaba rogatkali tosh bilan emas, oyoq bilan kuchli yo'llangan to'p bilan nishonga olishgan.
Imkoniyatlar: 60-40
So'nggi 5 ta o'yin
"Qo'qon-1912" - "So'g'diyona" 1:3
"Metallurg" 1:0 "So'g'diyona"
"So'g'diyona" - "Sileks" (SHimoliy Makedoniya) 1:1
"So'g'diyona" - "Metallist" (Ukraina) 1:1
"So'g'diyona" - "Saburtalo" (Gruziya) 2:0
- - -
"VOLGAR" (Rossiya) - "BUNYODKOR" 0:1
SSV ULM 1846 (Germaniya) - "BUNYODKOR" 1:2
"Bunyodkor" - "Rodina" 0:1
"BUNYODKOR" - "VELES" (Rossiya) 1:0
“BUNYODKOR” – “KRASNODAR” (Rossiya) 0:1
Qiziqarli faktlar
O'tgan mavsumning 1-turida ham aynan ikki jamoa to'qnash kelgan. Toshkentda o'tgan bahsda hisob ochilmagan;
"So'g'diyona" 6 mavsumdan beri o'z maydonidagi dastlabki o'yinda mag'lub bo'lmayapti;
O'zaro so'nggi 8 uchrashuvning 6 tasida durang qayd etilgan.
NAVBAHOR – QIZILQUM
4 mart 2023 yil. Namangan. "Markaziy" stadioni. 16:30
Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Andrey Sapenko, Ziyodulla Abdurahmonov, Doston Mirzaraimov
VAR hakami: Rustam Lutfullin
AVAR: Alisher Usmonov
Nazoratchi: Bobur Haydarov
Komissar: SHohruh Said
"Navbahor" o'tgan mavsum chempionlikka judadan ham judaroq yaqin kelgandi, ammo yakunda omad, yana allambalolar etishmadi. Joriy mavsum ham g'alabasini stadion maysalariga qulluq qilib nishonlaydigan murabbiy shogirdlari katta natijalarni ko'zlagani aniq. "Lochinlar" parvozi yo'lidagi ilk raqib esa Namangan klubi uchun qulay raqib hisoblanagan "Qizilqum" uklubi bo'ladi. Vodiy klubi o'tgan mavsum o'z maydonida ham, safarda ham raqiblarini maydonni ko'zyoshlar bilan (balki ko'zyosh to'kmas) tark etishga majbur qilgandi. Umuman olganda, navoiyliklar oxirgi bor bundan to'rt yil muqaddam g'alaba nashidasini surishgandi. Joriy yilgi safarda ham Asror Aliqulov shogirdlari tuxum ko'rinishidagi ochko bilan qaytmaslikka harakat qilishsa kerak. Qolaversa, yangi mavsumni vodiy jamoasida boshlaydigan Temirxo'ja Abduxoliqov ham sobiq jamoasini jazolay olish-olmasligi ham qiziq.
"Navbahor" kutilganidek, o'zaro o'yinlarda ustunlikka ega. Bir kam ellik uchrashuvda namanganliklar 21 bor murod-maqsadlariga etishgan bo'lsa, o'tgan mavsumni kuchli beshlikda yakunlagan "Qizilqum"da 15 g'alaba mavjud. Yana 13 uchrashuvda tomonlar qo'l siqishib qo'yishgan.
Imkoniyatlar: 65-35
So'nggi 5 ta o'yin
"Navbahor" — "Andijon" 0:4
"Navbahor" — "Xo'jand" (Tojikiston) 3:0
"Navbahor" — "Baltika" (Rossiya) 0:0
"Navbahor" — "Ufa" (Rossiya) 1:1
“Navbahor” — “Aktobe” (Qozog'iston) 0:0
- - -
OKMK — "Qizilqum" 2:0
"Qizilqum" 1:1 "Kaspiy"
"Qizilqum" 0:0 "Samtredia"
"FK Brasov" 1:2 "Qizilqum"
"Qizilqum" 0:2 "Samgurali"
Qiziqarli faktlar
"Qizilqum" 7 o'yindan beri "Navbahor"ni mag'lub eta olmayapti;
"Navbahor" 3 o'yindan beri "Qizilqum"ni mag'lub etmoqda;
"Qizilqum" so'nggi 7 o'yinda "Navbahor" darvozasiga atigi 2 ta gol urgan;
"Navbahor" 5 mavsumdan beri chempionatning 1-turida g'alaba qozona olmayapti;
"Qizilqum" so'nggi 4 mavsum birinchi turda gol urgan.
NASAF – ANDIJON
4 mart 2023 yil. Qarshi. "Markaziy" stadioni. 16:30
Hakamlar: Vadim Agishev, Husniddin SHomnov, SHavkat Rahmatov, SHuhrat Rajabov
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Oybek Yunusov
O'tgan mavsum so'nggi turlarda og'zidagi oshni oldirib qo'ygan "ajdarlar" joriy mavsum yana haligacha ushalmagan orzusi sari harakat qilib ko'radi. Ammo ularning dastlabki raqibi Pro-ligadan kuchga to'lib qaytgan hamda muxlislik bobida uncha-muncha jamoaga dam berib qo'yadigan "Andijon" bo'ladi. Norchaevsiz qolgan "Nasaf"ning oldingi chizig'ida kim etakchiga aylanishi ham hozircha jumboq bo'lib turibdi.
Jamoalar o'rtasidagi bellashuvlarda O'zbekiston kubogi sohiblari katta ustunlikka ega sanaladi, 49 bahsda qarshiliklar 33 bor xursandchilikda tandir eydigan natijaga sazovor bo'lishgan, vodiyliklar esa 7 marotaba g'alaba qozonishning uddasidan chiqishgan. Yana 9 uchrashuvda murosa ko'chasi tanlangan. Ro'ziqul Berdiev shogirdlari katta ustunlikka ega bo'lishiga qaramay, o'zaro so'nggi uchrashuv durang natija bilan yakunlangan.
Imkoniyatlar: 60-40
So'nggi 5 ta o'yin
"Al SHabob" (Saudiya Arabistoni) — "Nasaf" 2:0
"Ordabasi" (Qozog'iston) — "Nasaf" 0:1
"Nasaf" — "Minay" (Ukraina) 0:0
"Kedah" (Malayziya) — "Nasaf" 1:2
"Dila" (Gruziya) — "Nasaf" 0:2
- - -
"Andijon" — "Turon" 0:0
"Andijon" — "Navbahor" 4:0
“Andijon” – “Rodina” (Rossiya) – 0:0
“Andijon” – “Petrokub” (Moldova) – 0:0
“Andijon” – “Samtredia” (Gruziya) – 0:0
Qiziqarli faktlar
"Nasaf" o'zaro so'nggi 7 o'yinning 6 tasida g'alaba qozongan;
"Andijon" o'zaro so'nggi 7 uchrashuvda atigi 2 ta to'p kiritgan;
"Nasaf" oxirgi 5 mavsumning 4 tasida ilk turda g'alaba qozona olmagan;
"Andijon" oxirgi 5 uchrashuvda o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi.
SURXON – OKMK
5 mart 2023 yil. Toshkent. "Paxtakor" stadioni. 14:00
Hakamlar: Akobirxo'ja SHukurullaev, Rishat Nugmanov, Akmal G'iyosov, Abdurashid Xudoyberganov
VAR hakami: Rahimbek Karimov
AVAR: Ruslan Serazitdinov
Nazoratchi: Konstantin Smirnov
Komissar: Zohirjon Akramxonov
"Surxon" o'tgan mavsum Superligada jon saqlab qolishni uddaladi. Yangi mavsum avvalida Surxondaryo jamoasi (balki Toshkent jamoasi desak ham bo'lar) yangi loyihaga aylanayotgandi, biroq nimadir yuz berib, "chuchvara otmen bo'ldi". SHunga qaramay, klubga ko'pgina yangi nomlar jalb etildi. "Uchar tulporlar"ning ilk turdagi raqibi o'tgan mavsumni kuchli to'rtlikda yakunlab, OCHLda ishtirok etadigan OKMK klubi bo'ladi. O'tgan mavsumdagi har ikkala bahsda Mirjalol Qosimov shogirdlari 2:1 hisobida g'alaba qozongandi.
Umuman olganda, o'zaro qarama-qarshilikdagi 8 to'qnashuvda 7 bor "konchilar"ning qo'li baland kelgan. "Surxon" yakka-yu yagona g'alabasini 2019 yil qo'lga kiritgan.
Imkoniyatlar: 40-60
So'nggi 5 ta o'yin
"Surxon" — "Dinamo" 1:0
"Surxon" — "Mashal" 0:0
"Surxon" — "Akron" (Rossiya) 0:3
"Surxon" — "Vishkov" (CHexiya) 0:3
"Surxon" — "Randers" (Daniya) 1:3
- - -
OKMK — "Qizilqum" 2:0
OKMK — "Xo'jand" (Tojikiston) 3:0
OKMK — "Petrokub" (Moldova) 1:2
OKMK — "Metalist 1925" (Ukraina) 0:1
OKMK — "Astana" (Qozog'iston) 1:1
Qiziqarli faktlar
AGMK "Surxon"ni ketma-ket 7 o'yindan beri mag'lub etmoqda;
AGMK futbolchilari o'tgan mavsum "Surxon"ga qarshi har ikki o'yinda bittadan penaltini amalga oshira olmagan.
TURON – BUXORO
5 mart 2023 yil. Yaypan. "O'zbekiston" stadioni. 17:30
Hakamlar: Firdavs Norsafarov, Elnur Doniyorov, SHohnur Yo'ldoshev, Akmal Rahimov
VAR hakami: Aziz Asimov
AVAR: Andrey Capenko
Nazoratchi: Valentin Kovalenko
Komissar: Vladimir Nazarov.
Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritgan ikki klubning to'qnashuvi ham etibordan chetdan qoldirishga arzimaydi. Har holda, ularning o'tgan mavsum Pro-ligadagi janglariga guvohi bo'ldik. Jamoalar o'rtasidagi so'nggi 5 uchrashuvda 2 bor buxoroliklarning ustunligi kuzatilgan bo'lsa, yaypanliklar bir bor zafar quchishdi. Yana ikki uchrashuvda esa do'stlik g'alaba qozondi.
Ikkala jamoa ham yangi mavsum avvalida tarkiblarini mustahkamlab oldi va bu birinchi o'yin shiddatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Imkoniyatlar: 50-50
So'nggi 5 ta o'yin
"Turon" - "Mashal" 2:1
"Turon" - Xo'jand" (Tojikiston) 3:0
"Turon" - "Aktobe" (Qozog'iston) 3:1
"Turon" - "CHernomorec Odessa" (Ukraina) 2:4
"Turon" - "Edinstvo UB" (Serbiya) 1:0
- - -
"Buxoro" — "Alashkert" (Armaniston) 1:1
"Buxoro" — "Metallist 1925" (Ukraina) 0:1
"Buxoro" — "Akron" (Rossiya) 2:1
"Buxoro" — "Astana" (Qozog'iston) 1:3
"Buxoro" — "Montana" (Bolgariya) 3:2
Fikrlar