So’nggi yangiliklar

07:45Шунчаки қойил! 6 очкодан маҳрум бўлган Канада аёллар терма жамоаси плей-оффга йўл олди. Чорак финал жуфтликлари билан танишинг  1 07:00Бугун Париж Олимпиадасида қайси спортчиларимиз иштирок этишади? (рўйхат)  0 04:48Париж-2024. Ўзбекистон гуруҳ босқичида барча жамоалар ичида қандай кўрсаткичлар қайд этди?   12 00:32Расман: "Милан" Павлович трансферини эълон қилди  1 00:01"Атлетико" "Барселона" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 23:31ЕЧЛнинг янги формати тасдиқланди: анъавий гуруҳ босқичи ўтмишга айланди, қуръани махсус компьютер ўтказади  15 22:30Аёллар футболи афсонаси Марта ўзининг Олимпиададаги катта эҳтимол билан сўнгги ўйинида қизил карточка олди  4 21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  2 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  8 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  6 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  8 18:18Флик "Барса" ҳақида: "Манчестер Сити"дек иш тутмоқчимиз"  0

“Bunyodkor” o'zbek futboliga kerak! (davomi) Yangiliklar

“Bunyodkor” o'zbek futboliga kerak! (davomi)

21 iyun kuni “Bunyodkor” o'zbek futboliga kerak!” sarlavhali maqolaning birinchi qismini etiboringizga havola qilgandik.

Bugun esa maqolaning davomi (oxiri)ni berib o'tamiz. Maqola elon qilingach, ko'plab muxlislar o'zlarining turli fikrlarini yozib qoldirishdi. Ular orasida “Bunyodkor”ni asrab qolaylik degan gaplar bilan birga shuncha klub paytida yopilib ketdi (“Do'stlik”, MHSK, “Angren”, “Obod”), shunday ekan “Bunyodkor” ham yopilsa nima bo'pti kabi fikrlarni ham uchratdik. 

SHu o'rinda bir narsani aytib o'tishni xohlardik, "Bunyodkor" bungacha yopilib ketgan klublarga sira o'xshamaydi. Birinchidan, bu jamoada mustahkam poydevor bor. Klub avvalo o'z akademiyasiga ega. "Bunyodkor" tarbiyalanuvchilari har qanday musobaqada (shahar chempionati, shahar birinchiligi, ikkinchi liga, va festivallar)da faqat chempionlik uchun o'ynaydi. 

Ikkinchidan, "Bunyodkor" tarkibida asosiy va o'rinbosarlar tarkibidan tashqari futzal, ayollar jamoalari ham bor va bu jamoalarning har biri o'zi ishtirok etayotgan musobaqalarda faqat chempionlik uchun kurashadi. Yani, "Bunyodkor"da hech narsani faqat nomigagina ochib qo'yilgan emas. 

Va eng katta dahshat: agar "Bunyodkor" yopilib ketsa avvalo "Paxtakor" raqobatchisiz qoladi va bundan o'zbek futboli faqat yutqazadi. Raqobat yo'q joyda o'sish qiyin bo'lishini har bir muxlis juda yaxshi biladi. Hozir Superligada "Paxtakor"ga astoydil raqobat ko'rsatayotgan ikkita jamoa bor: biri "Bunyodkor", ikkinchisi "Navbahor". Qolgan klublar ham o'zaro o'yinlarda qarshilik ko'rsatishi mumkin, lekin chempionlik poygasida emas. CHunki poyga boshqa, o'zaro o'yin boshqa. Mana shularni hisobga olib ham o'ziga yarasha tarixga ega, yoshlar, o'smirlar, olimpiya va albatta milliy terma jamoamizga bir qancha futbolchilarni etishtirib bergan klubning saqlab qolinishi tarafdorimiz. 


2012 yil. “Paxtakor”ga boy berilgan mavqe 

SHunday bo'ldiki, 2012 yilga kelib “Bunyodkor” chempion bo'la olmadi. “Paxtakor” bu jamoadan ikki ochko ko'p to'plagan holda (jami 59 ochko) to'rt yillik tanaffusdan so'ng yana chempionlikni qaytarib oldi. Endilikda “Bunyodkor” tarkibida mashhur legionerlar yo'q edi. Jamoa asosan o'zimizning mahalliy futbolchilarga tayanib o'ynay boshlagandi. Legionerlardan o'sha yili birgina Yan Kozak nisbatan yaxshiroq to'p surgan. 

Mirjalol Qosimov boshchiligida to'liq mavsumni o'tkazgan jamoa chempionatda ikkinchi o'rinni olgan bo'lsa-da, hartugul O'zbekiston Kubogida zafar quchdi. “Paxtakor” stadionida kechgan bahsda “Bunyodkor” “Nasaf”ni 3:0 hisobida mag'lub etgandi. SHavkat Salomov, Kamoliddin Murzoev va Viktor Karpenko tomonidan kiritilgan gollar “qaldirg'ochlar”ga ikkinchi bor Kubokni taqdim etadi. 

SHuningdek, OCHLda ilk bor SHarq mintaqasida o'ynagan “Bunyodkor” o'z ishtirokini yarim finalda to'xtatadi. Janubiy Koreyaning “Ulsan Xyunday” klubi bilan kechgan har ikkala bahsda “Bunyodkor” umumiy 1:5 hisobida mag'lub bo'ladi. 

2012 yil jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Ignatiy Nesterov, Lutfulla To'raev, Javlon Ibrohimov, Xayrulla Karimov, Viktor Karpenko, SHavkat Salomov, Kamoliddin Murzoev, Akmal SHorahmedov, Yan Kozak, Anvar Soliev, Artyom Filiposyan, Anvar G'ofurov, Sahob Jo'raev, Ruslan Melzitdinov, Bahodir Pardaev, Jasur Hasanov. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Anvar Soliev (7), SHavkat Salomov (6), Yan Kozak (5), Bahodir Pardaev (5), Viktor Karpenko (4).


2013 yil. Oxirgi chempionlik 

2013 yil “Bunyodkor” yana chempion bo'ldi va bu hozircha oxirgi chempionlik bo'lib turibdi. SHundan beri jamoa hatto ikkinchi o'rinni egallay olgani yo'q. Mirjalol Qosimov jamoasi mavsum oxiriga kelib “Lokomotiv”ni bir ochkoga ortda qoldirgan holda o'z tarixida beshinchi chempionlikni rasmiylashtiradi. SHuningdek, Kubok finalida yana “Nasaf”dan ustun keladi, faqat bu safar o'yinda 2:1 hisobi qayd etiladi. 

O'sha yili ukrainalik hujumchi Aleksandr Pishur o'zini ko'rsatgandi. U oliy ligada 19ta gol kiritishga muvaffaq bo'lgan. OCHLda yana guruhdan chiqishni uddalagan “Bunyodkor” bu safar 1/8 finalda Tailandning “Buriram Yunayted” klubi to'sig'idan o'ta olmaydi. 

Jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Aleksandr Pishur, Javlon Ibrohimov, Xayrulla Karimov, Anvar G'ofurov, Lutfulla To'raev, Oleg Zoteev, Akmal SHorahmedov, Marko Blajich, Jasur Hasanov, Dilshod Jo'raev, Artyom Filiposyan, Igor Taran, Sahob Jo'raev, Ignatiy Nesterov, Alibobo Rahmatullaev, Sardor Rashidov, Murod Zuhurov, Fozil Musaev. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Aleksandr Pishur (19), Lutfulla To'raev (7), Oleg Zoteev (5), Igor Taran (4).


2014 yil. Faqat Superkubokdagi yutuq 

2014 yil chempionlik “Paxtakor”ga ketdi, “Bunyodkor” esa o'z tarixida birinchi bor pastga og'ish qilib chempionatni to'rtinchi o'rinda tugatdi. Aytish mumkinki, aynan shu yildan boshlab jamoada quyiga sho'ng'ish boshlanadi. Xuddiki “Bunyodkor” o'z o'yinini yo'qotib qo'ygandek edi. “Bunyodkor” oliy ligani hatto kuchli uchtalikda yakunlay olmaydi. Olmaliq shahrida bo'lib o'tgan Kubok finalida esa “Lokomotiv”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy beradi. 

“Bunyodkor” 2014 yil faqat Superkubokda zafar quchadi. Mavsum avvalida “Jar” stadionida bo'lib o'tgan bahsda “Bunyodkor” “Lokomotiv”ni 2:1 hisobida mag'lub etgan va o'sha o'yinda Vohid SHodiev endilikda “Loko”ga o'tib ketgan Ignatiy Nesterov darvozasiga juda ajoyib tarzda to'p kiritgandi. Qandaydir muammolar girdobiga tushib qolgan “Bunyodkor”ni o'sha yili uch nafar murabbiy boshqargan: avvaliga Qosimov, undan keyin Aleksandr Volkov va oxirida Sergey Lushan jamoani qabul qilib olgandi. 

Jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Anvar G'ofurov, Oleg Zoteev, Sardor Sobirxo'jaev, Sardor Rashidov, Akmal SHorahmedov, Vohid SHodiev, Aleksandr Pishur, Xayrulla Karimov, Javlon Ibrohimov, Sato Minori, Akbar To'raev, Dilshod Jo'raev, Samir Bekrich, Islom Inomov, Ivan Miloshevich, Anvar Berdiev, Alibobo Rahmatullaev, Pavel Bugalo. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Sardor Rashidov (10), Vohid SHodiev (6), Aleksandr Pishur (6). 


2015 yil. Sovrinsiz mavsum 

2015 yil ham “Bunyodkor” uchun muvaffaqiyatli kelgan deb bo'lmaydi. Jamoa O'zbekiston chempionatini yana to'rtinchi o'rinda tugatadi. Jizzaxda bo'lib o'tgan O'zbekiston Kubogi finalida esa “Nasaf”dan 1:2 hisobida mag'lub bo'ladi. Qolaversa, yil davomida jamoani ikkita murabbiy boshqaradi. 22 sentyabrga qadar Sergey Lushan bosh murabbiylik qilgan bo'lsa, 23 sentyabrdan Baxtiyor Boboev jamoa rulini qo'lga oladi. Va eng dahshatlisi, Osiyo chempionlar ligasida ro'y beradi. “Bunyodkor” atigi bir ochko bilan guruh o'yinlarini to'rtinchi o'rinda tugatadi. 

2015 yilgi mavsumda jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Sato Minori, Akmal SHorahmedov, Doston Hamdamov, SHaker Zuagi, Eldor SHomurodov, Ivan Miloshevich, Vohid SHodiev, Xayrulla Karimov, Zabixillo O'rinboev, Murod Zuhurov, Sardor Sobirxo'jaev, Anvar G'ofurov, Akrom Komilov, Dilshod Jo'raev, Sardor Rashidov, Samir Bekrich, Viktor Karpenko, Rustam Ashurmatov, Javlon Ibrohimov, Obid Jo'raboev. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Doston Hamdamov (10), Vohid SHodiev (7), SHaker Zuagi (7), Eldor SHomurodov (4), Sato Minori (4). 


2016 yil. Hartugul uchinchi o'rin 

Sovrinlarsiz o'tgan bir mavsumdan keyin “Bunyodkor” 2016 yil hartugul nimagadir erishdi. Jamoa chempionatni uchinchi o'rinda tugatadi. Mavsumni to'liq Sergey Lushan qo'l ostida o'tkazgan “qaldirg'ochlar” Kubokning yarim final har ikkala bahsida “Lokomotiv”ga bir xil 0:1 hisobida imkoniyatni boy beradi. SHu tariqa "Bunyodkor" finalga chiqa olmaydi. Osiyo chempionlar ligasida esa  yana oxirgi o'rin bilan guruhda qolib ketadi. 

Jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Murod Zuhurov, Akrom Komilov, Doston Hamdamov, Rustam Ashurmatov, Sato Minori, SHahzod Nurmatov, Eldor SHomurodov, Bahodir Nasimov, Akmal SHorahmedov, Yurica Bulyat, Otabek SHukurov, Zabixillo O'rinboev, Javlon Ibrohimov, Aleksandr Alimpievich, Dilshod Ahmadaliev, SHohruh Gadoev, SHaker Zuagi, Sardor Azimov. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Eldor SHomurodov (10), Doston Hamdamov (9), Bahodir Nasimov (8), Sato Minori (5), SHahzod Nurmatov (5).


2017 yil. Yana to'rtinchi o'rin 

O'tgan yil ham “Bunyodkor” uchun zo'r o'tmadi. Mavsumga Sergey Lushan boshchiligida kirishgan “qaldirg'ochlar” ancha payt o'zlariga kela olishmadi. “Bunyodkor” mavsum avvalida hatto 10-11 o'rinlarga tushib qolgandi. Qolaversa, Osiyo chempionlar ligasida yana guruhda oxirgi o'rinda qolib ketdi. Lekin 5 mayga kelib katta o'zgarish ro'y berdi. 

Rahbariyat Sergey Lushanga chiqish eshiklarini ko'rsatib, Mirjalol Qosimovni qaytardi. Harqalay Qosimov jamoani “botqoq”dan chiqara oldi va yakunda “Bunyodkor” chempionatni to'rtinchi o'rinda tugatdi. Aytishim mumkinki, bu natija o'tgan yilgi “Bunyodkor” uchun muvaffaqiyatli bo'ldi. “Bunyodkor” Kubokda finalgacha bora oldi-yu, biroq “Lokomotiv” bilan kechgan bahsda 0:1 hisobida yutqazib qo'ydi. 

Jamoa safida 10ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar: Dostonbek Hamdamov, Akrom Komilov, Dilshod Ahmadaliev, Otabek SHukurov, SHahzod Nurmatov, Javlon Ibrohimov, Rustam Ashurmatov, Murod Zuhurov, Mirjamol Qosimov, Davron Umirov, Nurillo To'xtasinov, SHohruh Gadoev, Eldor SHomurodov, Anvar G'ofurov, Farrux Ikromov, Vadim CHemirtan, Xurshid G'iyosov, Islom Qobilov, Vohid SHodiev, Javohir Esonqulov. Jamoaning oliy ligadagi eng yaxshi to'purarlari: Dostonbek Hamdamov (14), Otabek SHukurov (5), SHohruh Gadoev (4). 


Asosiy savol: Endi nima bo'ladi? 

Va nihoyat yaqin o'tmishni sayr qilib bu yilga ham etib keldik. “Bunyodkor” bu mavsum OCHLda ishtirok etmadi. Superligadagi ishtirokini hozircha yaxshiga baholasa bo'ladi. Jamoa 26 ochko bilan uchinchi o'rinda ketyapti. Yuqorida aytib o'tganimizdek, klubdagi moliyaviy holat hamon o'nglanmagan va bosh murabbiy Mirjalol Qosimov “Paxtakor”ga qarshi o'yindan keyin aytganidek futbolchilarga yil boshidan beri mukofot pullari berilmagan. SHunga qaramay jamoa o'ynashda davom etmoqda. 

Aytish mumkinki, “Bunyodkor” aynan bosh murabbiyning zehni va bilimi tufayli yuqori o'rinlarda bormoqda, yo'qsa ancha pastda bo'lardi. Afsuski, o'zbek futboli muxlislari uchun Rivaldo, Denilson, Ristich, Vilyanueva kabi futbolchilarni Toshkentga olib kelib o'ynatgan, Messi, Ronaldu, Puyol, Fabregas kabi yulduzlarning yurtimizga kelishiga sababchi bo'lgan klubning bugungi holati havas qilgudek darajada emas. Klub hatto yopilib ketishi mumkin. Agar shunday bo'lsa, bu o'zbek futboli uchun nihoyatda katta yo'qotish bo'ladi. CHunki “Bunyodkor” o'tgan 12 yil ichida o'zbek futboliga ko'p narsa berdi. 

Klubning shubhasiz eng katta yutug'i pul borligida akademiya ochgani bo'ldi. Yo'qsa, Doston Hamdamov, Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Xurshid G'iyosov, Mirjamol Qosimov kabi futbolchilar qaerdan ham chiqardi. Qolaversa, aynan “Bunyodkor” sabab Otabek SHukurov bilan Eldor SHomurodov kabi yoshlar oldinga katta qadam tashlashdi. Bu ikki futbolchining bugungi kunda xorijda to'p surayotganining eng katta sababi ham aynan “Bunyodkor”dir. 

Bilasiz, avvaliga “Bunyodkor” metro bekati eski nomiga qaytarildi, yani “Xalqlar do'stligi”. Yaqinda esa “Bunyodkor” stadioni “Milliy” stadionga o'zgardi. Endi bo'lsa klubni ham nimadir yangilik kutmoqda. Biz xohlardikki, mayli klubning nomi o'zgarsin (aytaylik, “Toshkent Siti”), mayli stadionni O'FA ixtiyoriga topshirib o'zi “Jar”da o'ynay qolsin, lekin klub yo'qolib ketmasa bo'lgani. 

Negaki “Bunyodkor” yo'q bo'ldi degani, avvalo Superligada raqobat to'xtadi degani, undan keyin akademiya tugadi, shuncha bola bekorchi qoldi degani. Hartugul oxirgi yillarda “Bunyodkor” ko'p futbolchilarni turli yoshdagi terma jamoalarga tarbiyalab bermoqda. Buni hech kim inkor qila olmaydi. SHunday ekan, bu jamoaning shunchaki yo'q bo'lib ketishiga hech kim befarq qarab turmasa kerak. 

Xayrulla Xoliqov.        

Birinchi maqola bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: "Bunyodkor" o'zbek futboliga kerak!

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика