Hakamlar OKMKga "Bunyodkor"ni mag'lub etishga yordam berishdimi? Superliga 16-turidagi hakamlik tahlili

Оқил Абдубарноев
13 avg 2026, 17:10
Championat.Asia saytining hakamlik bo'yicha eksperti, rossiyalik sobiq hakam Anatoliy Sinyaev ("Alyo, ref!" Telegram kanali) o'z hakamlar jamoasi bilan birgalikda O'zbekiston Superligasining 16-turi doirasidagi o'yinlarda yuz bergan bahsli vaziyatlarni tahlil qildi.

"So'g'diyona" – "Andijon"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Hakamning o'yinni davom ettirish qarori to'g'ri. Hujum qilayotgan tomondan ham, himoyalanayotgan tomondan ham qoida buzilishini ko'rmayapmiz. Odatiy o'yin holatidagi yakkakurash sodir bo'lgan, bu yerda chalib yiqitish ham, oyoqqa zarba berish ham yo'q.

✅❌ "Surxon" – "Navbahor"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

"Surxon" himoyachisi to'pga o'ynashga ulgurmaydi va gol urish uchun yaqqol imkoniyatga ega bo'lgan raqibining oyog'iga ortdan zarba beradi. Bosh hakam dastlab burchak to'pi belgilashga qaror qildi, biroq yordamchisining ko'rsatmasidan so'ng penalti belgiladi. Bizning fikrimizcha, to'g'ri qaror – penalti va to'p uchun kurashda raqibni yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qilgani uchun sariq kartochka.

P.S. Hakam "Surxon" himoyachisiga sariq kartochka ko'rsatmadi.

"Surxon" – "Navbahor"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Nazarimizda, hakam jarima to'pi belgilab xatoga yo'l qo'ydi. Ushbu vaziyatda "Surxon" darvozaboni va "Navbahor" o'yinchisi o'rtasida odatiy yakkakurash yuz berdi, shundan so'ng darvozabon to'pga qo'l bilan o'ynab, raqibni yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qildi. Buning uchun unga qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi.

"Paxtakor" – "Buxoro"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Bosh hakam va VAR bilan to'liq hamfikrmiz. Raqiblar o'rtasida qoida buzilishi sifatida baholab bo'lmaydigan arzimas to'qnashuv yuz bergan. Fikrimizcha, "Buxoro"ning goli to'g'ri hisobga olingan.

"Lokomotiv" – "Dinamo"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

VAR o'rinli aralashdi va hakamni vaziyatni ko'rish uchun chaqirdi. "Dinamo" o'yinchisi hujumning yakuniy fazasida tanadan uzoqlashgan va uni g'ayritabiiy ravishda kattalashtirib turgan qo'li bilan o'ynadi. To'g'ri qaror – himoyalanayotgan jamoa foydasiga jarima to'pi va "Dinamo" golini bekor qilish.

"Xorazm" – "Mashal"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Hakam to'g'ri qaror qabul qildi va "Xorazm" foydasiga penalti belgiladi. "Mashal" himoyachisi raqibini ushlab qolib, uning to'p tomon harakatlanishiga to'sqinlik qildi. To'g'ri, bu vaziyatda hujumchining to'pga yetib borishi dargumon edi, ammo fol yuz foizlik bo'lgani sababli, bu faqat kartochkaning rangiga ta’sir qiladi, xolos. Vaziyat bahsli, hakam qoidabuzarga sariq kartochka ko'rsatdi.

"Neftchi" – "Qizilqum"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Taqdim etilgan takroriy lavhalar asosida ishonch bilan aytishimiz mumkinki, "Neftchi" darvozaboni to'pga o'ynamoqda va bu holat hakam to'g'ri qaror qabul qilib, o'yinni davom ettirganini anglatadi.

"Neftchi" – "Qizilqum"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

To'g'ri, gol urgan "Neftchi" o'yinchisi qasddan raqibiga urildi, lekin biz buni tajovuzkor xulq-atvor va qizil kartochka deb ayta olmaymiz, chunki aniq yo'naltirilgan zarba yo'q edi. Bizning fikrimizcha, hakam to'g'ri qaror qabul qildi va sportga xos bo'lmagan xatti-harakati uchun o'yinchiga sariq kartochka ko'rsatdi.

"Nasaf" – "Qo'qon-1912"

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Hakamning "Nasaf" golini bekor qilish haqidagi qarori bilan to'liq hamfikrmiz. Agar maydondagi boshqa poziciya o'yinchisiga qarshi shunday tarzda yakkakurash olib borilganida, bu kontaktni qoidabuzarlik uchun etarli emas deb hisoblagan bo'lardik. Nazarimizda, darvozabon bilan bunday tarzda yakkakurash olib borish mumkin emas. Raqib to'pni ilib olishga harakat qilayotgan posbonni qo'li bilan itarib yuboryapti. To'g'ri qaror – himoyalanayotgan jamoa foydasiga jarima to'pi belgilash.

"Bunyodkor" – OKMK

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Maydondagi hakamning ajoyib qarori. "Bunyodkor" o'yinchisi tirsagi bilan raqibining yuziga zarba bermoqda. Bizning fikrimizcha, to'g'ri qaror – qo'pol o'yin uchun penalti va sariq kartochka.

P.S. Sariq kartochka ko'rsatilmagan.

"Bunyodkor" – OKMK

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

“Bunyodkor” futbolchisi tomonidan o'ng oyoqqa yaqqol zarba berilganini ko'rishimiz mumkin. Biroq, uchrashuv sharhidagi takroriy lavhalarga qarab, bu holat hujumning qaysi pallasida yuz berganini aniqlash imkonsiz. Agar bu hujumning yakuniy pallasida sodir bo'lgan bo'lsa, VAR vaziyatga to'g'ri aralashgan va gol bekor qilinishi lozim edi.

"Bunyodkor" – OKMK

BAHSLI VAZIYAT VIDEOSI

Bizningcha, hakam OKMK himoyachisining oyog'iga nisbatan ishlatilgan qo'pollikni e'tiborsiz qoldirib, xato qildi. VAR vaziyatga aralashmadi, chunki takroriy lavhalardan qoidabuzarlik, katta ehtimol bilan, jarima maydonchasi tashqarisida sodir bo'lgani ko'rinadi. To'g'ri qaror – jarima zarbasi va qizil kartochka.


Shu tariqa, Superliganing 16-turi uchrashuvlarida hakamlar uchta xatoga yo'l qo'yishdi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia