So’nggi yangiliklar

10:10«Сурхон» ўтган йилги легионерини ортга қайтарди  2 09:37«Барселона» «отмен»! Нико Уильямс келажаги борасида бир қарорга келди  3 09:05«Бухоро» «Андижон» футболчиси билан шартнома тузди  2 08:32Ўзбекистон ўсмирлар терма жамоаси Япония билан жанговар дуранг ўйнади  5 07:58Испанлар Европани «забт этишди». «Қизил фурия» икки кун ичида иккита «Евро»да ғалаба қозонишди  8 07:26Ўртоқлик учрашуви. «Қўқон-1912» «Сўғдиёна»ни мағлуб этди   1 01:48"Ал Шабаб" "Милан" футболчисини 14 млн евро эвазига харид қилишга тайёр, аммо...  3 01:21"Милан" сардори "Галатасарой"ни рад этди. Турк клуби ҳимоячига "Милан"дагидан кўпроқ маош таклиф қилганди  1 00:51"Комо" Рафаэль Вараннинг трансферини эълон қилди  3 00:22"Жирона" "Тоттенхэм" форвардини ижарага олиш бўйича келишувга эришди  1 23:51"Манчестер Юнайтед" яқин вақтларда Санчонинг тақдирини ҳал қилади  1 23:21"Барселона" собиқ футболчиси "Ювентус"га ўтишга яқин  1 22:55Мбаппесиз: "Реал" АҚШдаги турне учун таркибини эълон қилди  4 22:31"Реал" 2025 йилда Трент ва Дэвис билан текинга шартнома имзолаш устида ишламоқда  5 22:06"Галатасарой" 22 млн еврога РПЛдан ўйинчи харид қилади?  1

Boshqacha prevyu Yangiliklar

Boshqacha prevyu

Teglar :  SuperligaPrevyu
Bahorning ilk kunlaridanoq yurtimiz stadionlarida anchadan beri orziqib kutilgan va butkul yangilangan chempionatimizga start beriladi.

12 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib borish maqsadida, superliga bayrog'i ostida yangilangan formatda o'zaro bahslarga kirishadi. Quvonarlisi, "Sport" telekanali 1-tur bahslarining barchasini to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatishni maqsad qilgan. Yana bir yaxshi xabar sifatida o'yinlarning 18:00 dan barvaqt boshlanmasligi belgilab qo'yilganligini aytish mumkin. Xullas, boshlanajak superliga bahslariga bo'lgan qiziqish ancha baland. Bu esa muxlislarni stadionlarga jalb etadi.

Odatda, tur o'yinlari oldidan beriladigan prevyularda jamoalarning o'zaro o'yinlari tarixi, g'alabayu-duranglar soni, o'z maydonida va safarda o'tkazilgan o'yinlarda qayd etilgan natijalariga oid statistik malumotlar berib kelingan. Qo'yida esa, odatiy prevyudan biroz chetga chiqqan holda, 1-turda o'zaro bellashadigan jamoalarning mavsumga tayyorgarligi, chempionatda oldigan qo'yilgan maqsadi va tarkibidagi o'zgarishlarga asoslanib tayyorlangan prevyuni etiboringizga taqdim etmoqchiman.
Eslatib o'tamiz, 1-tur bellashuvlari 1,2,3 va 4 mart oralig'ida bo'lib o'tadi.

1 mart kuni Farg'onada mahalliy "Neftchi" "Istiqlol" stadionida Qarshining "Nasaf" jamoasini qabul qilsa, shu kuni Navoiyda "Qizilqum" klubi amaldagi chempion "Lokomotiv" jamoasi bilan bellashadi. 2 mart kuni "Paxtakor" va "So'g'diyona" qarama-qarshiligi guvohiga aylansak, 3 martda "Bunyodkor"-"AGMK" va "Buxoro"-"Qo'qon-1912" to'qnashuvini kuzatish imkoniga ega bo'lamiz.

Va nihoyat, 4 mart kuni, aslida 2-mart kunida o'tkazilishi belgilangan va ayrim sabablarga ko'ra (Bekabodda joylashgan stadion yoritgichlari sifatini oshirishga qaratilgan ishlarning cho'zilib ketganligi tufayli) yakshanba kuniga ko'chirilgan "Metallurg"-"Navbahor" bahsi bilan 1-turga yakun yasaladi. Xo'sh, superliga jamoalari bo'lajak bahslarga qay tarzda hozirlik ko'rdi? Birinchi turdanoq kuchli va kurashlarga boy to'qnashuvlarga guvoh bo'lamizmi? Keling, shu va boshqa narsalar haqida biroz fikr bildiramiz.



"Neftchi" - "Nasaf"

Aytish mumkin bo'lsa, 1-turning markaziy uchrashuvi. Bu ikki jamoa o'rtasidagi qarama-qarshilik har doim keskin va murosasiz tarzda o'tganligi hech kimga sir emas. Bo'lajak bahsga har ikki klub azolari etarlicha hozirlik ko'rishdi. O'FA rahbariyatining qaroriga ko'ra, superliga bahslarida "Cementchi" o'rnida ishtirok etishi oydinlashgan "Neftchi" kech bo'lsada, superliga bahslariga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko'ra boshladi. Qisqa fursat ichida jamoa o'zagi shakllantirilib, o'yin amaliyotini orttirishga va futbolchilarning o'zaro til topishishlariga ko'mak berishga harakat qilgan murabbiylar shtabi, tarkibga darvozabonlar V.Mirniy va F.Turdialiev, himoyachilar D.Mamatov, SH.Po'latov, A.Agaliev, J.Kimsanov va I.SHaykulov, yarim himoyachilar E.Mamasoliev, A.Maxstaliev, S.Ermatov va O.Ahmadjonov, hujumchilar A.Yusupov, M.Bobojonov, A.Berdiev va V.Sushkin kabi tajribali futbolchilarni jalb qildi. Quvonarlisi, o'ta zich reja asosida ishlashga majbur bo'lgan jamoa oldiga chempionlikni qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgan. Quyoshni mo'ljallasang, oyga etasan deganlari shu bo'lsa kerakda.

O'z oldiga har doim yuqori o'rinlardan birini qo'lga kiritishni maqsad qiladigan Qarshining "Nasaf" jamoasi ham 1-tur bahslariga qizg'in tayyorlandi. "Neftchi"dan farqli ravishda R.Berdiev shogirdlari rasmiy bahslarda ishtirok etishga ulgurdi. SHu manoda, o'yin amaliyoti bobida qarshiliklar sezilarli ustunlikka ega. Xabaringiz bor, qarshiliklar OCHL doirasida dastlab safarda Eron etakchisi "Persepolis" jamoasidan mag'lub bo'lgan bo'lsa, o'z maydonida BAAning "Al-Vasl" klubidan 1:0 hisobida ustun keldi. Davralar oralig'ida jamoani bir qancha etakchi futbolchilar tark etgan bo'lsada, chuqur o'ylangan va oqilona olib borilgan transfer siyosati natijasida ketganlar o'rni munosib to'ldirildi deyish mumkin. Etiborli transfer sifatida "So'g'diyona"dan taklif etilgan Sanjar Rashidov, serbiyalik Slavko Lukich va tojikistonlik Jahongir Alievlarni jamoa azosiga aylanganini qayd etish mumkin.

Ana shu jihatlarni inobatga oladigan bo'lsak, qarama-qarshilik g'olibi garchi mehmonda to'p sursada, "Nasaf" jamoasiga nasib etsa kerak. "Istiqlol" stadionidagi mavsumning ilk o'yinida mehmon sifatida Birodar va Azamat Abduraimovlarning ishtirok etishiyu, OTJ va MTJ bosh murabbiylari R.Haydarov va T.Kapadzelarning uchrashuvni sinchkovlik bilan kuzatib borishi bahs ahamiyatini oshirib yuboradi. Qolaversa, PFL hakamlar qo'mitasi turning markaziy uchrashuviga mamlakatimizning birinchi raqamli hakami R.Ermatov brigadasini tayinlagan. SHunday ekan, qiziqarli va keskin kurashlarga boy tarzda o'tishi kutilayotgan uchrashuvni stadionda kuzatishga oshiqing!

Muallif taxmini: 30-30-40



Qizilqum - Lokomotiv


1 martning yana bir qiziq bellashuvi Navoiy shahrida bo'lib o'tadi. H.Aktamov shogirdlari dastlabki turdanoq amaldagi chempion va kubok sohibi "Lokomotiv" jamoasiga qarshi saf tortadi. Bilasiz, navoiyliklar ham doim "Loko"ga noqulay raqib bo'lib kelgan.

"Oltin izlovchilar" yangi mavsumga hozirlikning so'nggi bosqichini Toshkentda olib borib, oz emas ko'p emas naqd 11 ta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Murabbiylar mazkur o'yinlar orqali futbolchilarga o'yin amaliyotini berishga va mavsum startiga ajoyib sport formasida etib kelishini taminlashga harakat qildi. Jamoa tarkibida ham sezilarli o'zgarishlar sodir bo'ldi. Superligada kuchli oltilikdan joy olishni maqsad qilgan navoiyliklar bir yo'la 9 nafar futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Etiborlisi, H.Aktamov o'z jamoasini shakllantrishda, superligada o'ynovchi legionerlar uchun belgilangan "4+1" limitidan to'liq foydalandi. SHunday qilib, jamoaga rossiyalik darvozabon E.CHeremesin, himoya vakillari bo'lmish S.Proxorov, M.Ubaydullaev, G.Kvesieshvili, yarim himoyachilar A.Sanoev va D.Usmonov hamda hujumda o'ynovchi A.Sidorov, E.Grigalashvili va N.Yovanovich kelib qo'shildi.

"Lokomotiv" haqida ortiqcha tarif berib o'tish shart bo'lmasa kerak. Bugungi kunda futbolimiz etakchisi bo'lgan "temiryo'lchilar" oxirgi ikki yil singari o'z oldiga chempionlik va kubok sohibi statusini saqlab qolish vazifasini qo'ygan. "Qizilqum"dan farqli ravishda M.Yelichich shogirdlarida o'yin amaliyoti normal holatda. Har holda, ular OCHL doirasida 2 ta o'yin o'tkazishga muvaffaq bo'ldi. Dastlab, BAA ning "Al-Vahda" jamoasi yirik hisobda mag'lub etilgan bo'lsa, keynchalik Eronda mahalliy "Zob Ohan" klubidan engildi. Ham xalqaro maydonda ham ichki musobaqalarda g'oliblik uchun harakat qilayotgan jamoa uchun o'tgan yilgi tarkib o'zagi saqlab qolinganligi va ayrim chiziqlarni yanada raqobatbardosh ko'rinishga keltirilganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada 6 nafar yangi futbolchi taklif etildi. Legionerlar sifatida braziliyalik Nivaldo, serbiyalik Yelich va koreyalik CHo Suk Jae taklif etilgan bo'lsa, S.Rashidov, H.G'ofurov va SH.Karimov kabi mahalliy futbolchilar sifatida ro'yxatdan o'tkazildi.
Garchi 1-tur o'yini bo'lsada, ancha qiziqarli kechishi kutilayotgan uchrashuvda "Lokomotiv"ning imkoniyatlari yuqori ko'rinmoqda.

Muallif taxmini: 30-30-40



Paxtakor - So'g'diyona

O'tgan mavsum bronza medali bilan cheklangan va yil boshida OCHL pley-off bahsida muvaffaqiyatsizlikka uchragan "Paxtakor" bor etiborini ichki musobaqalarda g'olib bo'lishga qaratishi hech kimni ajablantirmasa kerak. Superliganing ochilish uchrashuvida Jizzaxning "So'g'diyona" jamoasini qabul qiladigan SH.Arveladze shogirdlari, mavsumni chiroyli g'alaba bilan boshlab, o'z muxlislariga futbol bayramini taqdim etishni niyat qilganliklarini jamoa futbolchilari o'yindan oldin taqdim etilgan video prevyuda takidlab o'tdi.

Aytish mumkinki, "sherlar" tarkibi sezilarli darajada kuchaytirildi. Asosiy etibor teng kuchli ikkita tarkib qilishga qaratilganligini jamoa tarkibida qayd etilgan o'yinchilardan ham bilib olsa bo'ladi. Mavsum tayyorgarligini asosiy qismini xorijda olib borgan toshkentliklar, bosqichma-bosqich kuchayishga harakat qilib keldi. CHiziqlardagi raqobatni oshirish maqsadida tarkibga himoyachilar A.SHorahmedov, F.Sayfiev, E.Krimec, yarim himoyachilar D.Rahmatullaev, J.Masharipov (ijaradan qaytdi), B.Abdurahimov va hujumchi portugaliyalik Ismoil Gonsalvesh taklif etildi.

Xuddi "Neftchi" kabi "so'nggi soniya"larda superligada ishtirok etishi malum bo'lgan "So'g'diyona" ham berilgan imkoniyatdan maksimal tarzda foydalanib, rahbariyat tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashga astoydil harakat qilishi aniq. Aytish mumkinki, A.Mochinov ham deyarli yangi jamoa tuzishga majbur bo'ldi. Aytgancha, yangi jamoaga yangi logotip ham tanlandi. Endilikda, jizzaxliklar logotipida moviy tog'lar, yashil bo'ri va to'p ramzlari tushirilgan bo'ladi. Mavhumlik hukm surgan va jamoaning superligada ishtirok etishi so'roq ostida turgan paytda jamoa o'zining asosiy yulduzidan ayrildi. Jamoa "motori" Sanjar Rashidov o'z taqdirini "Nasaf" bilan bog'ladi. SHunday bo'lsada, A.Mochinov qisqa fursat ichida o'zi uchun kerakli tarkibni shakllantirib oldi. Jamoaga taklif etilgan darvozabon D.Hamroev, himoyachilar R.Melziddinov, F.Miraxmatov, D.Odilov, SH.Xolmatov, T.SHamshitdinov, yarim himoya vakillari N.To'xtasinov, D.Karimov, D.Hasanov, S.Azimov, A.Ziyaviddinov, J.Abdumo'minov, I.Malikjonov va hujumchi SH.Norxonovlar yakunda 6-o'rinni egallashga harakat qiladi.

Jamoalarning bugungi kundagi holatiga real baho beradigan bo'lsak, bo'lajak bahsda "Paxtakor"ning yaqqol ustunligi ko'zga tashlanadi. Lekin, bu aldamchi taassurot bo'lishi ham mumkin. SHunday ekan, o'yinni stadiondan tomosha qilishga harakat qiling.

Muallif taxmini: 50-30-20



Buxoro - Qo'qon-1912

O'tgan mavsumning 1-davrasini ajoyib o'tkazgan bu ikki klub o'rtasidagi bahs ham qizg'in kurashlarga boy tarzda o'tishi kutilmoqda. Har ikki klub ham superliga bahslariga yuqori darajada hozirlik ko'rishga harakat qildi.

Yangi mavsumda "Buxoro" oldiga aniq vazifa qo'yilmagan bo'lsada, U.Baqoev raqobatbardosh jamoa shaklllantirish asosiy vazifasi ekanligini aytib o'tish bilan birga bo'lajak har bir uchrashuvda faqat g'alaba uchun harakat qilishini takidlagan. Mavsumlar oralig'ida jamoa tarkibida sezilarli o'zgarishlar sodir bo'ldi. Jamoaga kelib qo'shilgan futbolchilarning deyarli barchasi tajribali hisoblanadi. Rossiyalik S.Ruseckiy, serbiyalik M.Klisura kabi legionerlar qatorida mahalliy R.Berdimurodov, SH.Mullajonov, Qozog'istonda o'ynab kelgan SH.Salomov, Koreyadan qaytgan B.Nasimov, A.Omonov, SH.Erkinov kabi yigitlar maksimal darajada yuqoriroq o'rindan joy olishga harakat qiladi.
N.Hasanov boshchiligidagi "Qo'qon-1912" jamoasi esa bu yil oldingidanda katta ishtiyoq bilan superliga bahslariga tayyorgarlik ko'rib keldi. O'tgan yilgi xatolardan to'g'ri xulosa chiqargan jamoa rahbariyati tarkibdagi raqobatbardoshlikni oshirishga va zahira o'rindig'idagi o'yinchilar sonini ko'paytirishga harakat qildi. Esingizda bo'lsa, o'tgan yili 1-davrani 2-o'rinda yakunlagan qo'qonliklar hal qiluvchi pallada zahira o'rindig'ining "tor"ligi evaziga pand eb qolgan edi. Qo'rqmasdan chempionlik uchun kurashishni elon qilgan N.Hasanov oliy maqsadga erishish yo'lida qo'yidagi yangi futbolchilar xizmatidan foydalanishga qaror qildi: O'.Yusupov, M.Abdullaev, B.Pardaev, G'.Komilov, I.Taran hamda serbiyalik legionerlar M.Spremo va M.Milich. Bundan tashqari, murabbiylar shtabi ham sezilardi darajada kuchaytirilib, tarkibga o'z vaqtida "Paxtakor"da faoliyat olib borgan Dragan Dukich qo'shildi. Endi Dukich o'zining qimmatli maslahatlari bilan N.Hasanovni olg'a chorlashi kutilmoqda.

Elit jamoalar qatoriga kirmasada, mazkur klublarni yangi mavsumda haqiqiy "chaqilmas yong'oq" bo'lishini bashorat qilish qiyin bo'lmasa kerak. Bir-biriga teng bo'lgan jamoalar bahsida kim to'g'ri taktika tanlay olsa va raqib xatolaridan unumli foydalanishni uddasidan chiqsa o'sha jamoa yakunda uch ochkoni qo'lga kiritadi. Fikrimcha, mazkur bahsda tomonlar durangga imzo chekadi.

Muallif taxmini: 30-40-30



Bunyodkor - AGMK


Mazkur jamoalar o'rtasidagi bahs ham shiddatli o'tishini bashorat qilish qiyin emas. Asosiy etiborni o'z akademiyasi tarbiyalanuvchilariga qaratgan "Bunyodkor" va jamoadagi katta hajmdagi ishni ko'p hollarda legionerlar yoki tajribali futbolchilar gardaniga yuklaydigan AGMK o'rtasidagi qarama-qarshilikni kuzatish hammaga birdek qiziq bo'lsa kerak. Boshqacha aytganda yoshlik shijoati va tajriba o'zaro bahslashadigan o'yindan ko'p narsa olsa bo'ladi.

So'nggi yillarda mavqeini biroz yo'qotib qo'ygan "qaldirg'ochlar", jamoa boshqaruvida sodir bo'lgan o'zgarishlardan so'ng yana oldingi obro'sini qaytarish yo'lida tinim bilmay izlanayapti. Malum tanaffusdan so'ng jamoa murabbiyligiga qaytgan M.Qosimovni ortiqcha tariflab o'tish shart bo'lmasa kerak. Oshxonasidagi bor masalliqdan shirin taom tayyorlashga intilayotgan murabbiy superligada sovrinli o'rinlardan birini egallash orqali qita miqyosidagi musobaqalarga yo'llanmani qo'lga kiritishni maqsad qilgan. Bu borada esa asosiy etibor o'z akademiyasi tarbiyalanuvchilariga qaratiladi. Moddiy imkoniyatlari cheklanganligi tufayli M.Qosimov tarkibga 3 nafar futbolchi jalb qilgan xolos. "Qo'qon-1912" jamoasida muvaffaqiyatli to'p surgan serbiyalik hujumchi F.Rayevac, "Metallurg"dan kelgan M.Sulaymonov va M.Toshmatovlar yangi "qaldirg'och"ga aylangan bo'lsa, jamoa ko'rigida bo'lib turgan A.Gabelyuk taqdiri hozircha nomalumligicha qolmoqda. SHuningdek, jamoa mashg'ulotlariga akademiya tarbiyalanuvchilarining bir nechtasi jalb qilingan. Superliga bahslari boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bir paytda, jamoaning asosiy figuralaridan biri bo'lgan D.Hamdamov o'z taqdirini Maxachqalaning "Anji" klubi bilan bog'lashga qaror qildi. O'ylaymizki, M.Qosimov mazkur yo'qotish o'rnini tezda qoplashga harakat qiladi.

Mavsumga hozirlikning asosiy qismini xorijda olib borgan V.Kumikov shogirdlari superligada yangi nom bilan qatnashishga qaror qilganidan xabaringiz bor. Endilikda AGMK nomi ostida harakatlanadigan jamoa oldiga kuchli uchlikdan joy olish vazifasi qo'yilgan. Etiborlisi, "AGMK" ham legionerlar uchun belgilangan "4-1" limitidan to'liq foydalanishga qaror qildi. Jamoa safiga qirg'izistonlik P.Matyash, serbiyalik V.Bubanya va Y.Jokich, moldovalik V.CHemirtan hamda belaruslik V.Kashminin kabi legionerlar bilan bir qatorda mahalliy A.Abdullaev, O.Zokirov, J.Guseynov va M.Muzaffarovlar kelib qo'shildi. Katta tanaffusdan keyin chempionatimizga qaytgan V.Kumikov boshlanajak mavsumda yuqori maqsadlarni ko'zlagan holda ishga kirishadi.

Fikrimcha, mazkur juftlikda o'z maydonida ishonchli o'yin namoyish etadigan "Bunyodkor" vakillari g'alaba qozonsa kerak.

Muallif taxmini: 40-30-30



Metallurg - Navbahor

Superliga 1-tur uchrashuvlariga yakun yasab beruvchi o'yin ham muxlislar diqqat-etiborini tortishi aniq. Ancha paytdan beri keskin yangilangan va nisbatan kuchaygan "Metallurg" o'z maydonida vodiyning "Navbahor" klubini qabul qiladi.

Bekobodda jamoa tepasiga yangi rahbariyatning kelishi, klubda ham keskin o'zgarishlar sodir bo'lishiga olib keldi. Ancha vaqtdan beri "madanchilar"ni boshqarib kelgan R.Mirsodiqov istefoga chiqarilgach, jamoa ruli A.SHipilovga topshirildi. Bu esa tabiiy ravishda tarkibda katta o'zgarishlar kuzatilishiga olib keldi. Ahamiyatlisi, jamoa tarkibida oldingi mavsumdagi futbolchilardan bor yo'g'i 8 nafari qoldi. O'z-o'zidan jamoaga kelib qo'shilgan futbolchilar soni bo'yicha "Metallurg" superliga jamoalari orasida yaqqol etakchiga aylanib oldi. Jamoa tarkibga kam emas, ko'p emas, naqd 17 ta yangi futbolchi qo'shib olindi. Bular, darvozabonlar N.Ribkin va J.Ilyosov, himoyachilar A.Otaxonov, SH.Fayziev, D.Irmatov va SH.SHaymanov, yarim himoyachilar J.Sohibov, A.Isaev, J.Yusupov. J.Hasanov, S.Davlatjonov, P.Smolyachenko, A.Ismatullaev va S.Nurullaev hamda hujumchilar P.Purishkin, Z.To'raev va Z.O'rinboevlardir. Eng qizig'i, jamoaga qo'shilganlarning olti nafari "Paxtakor"dan ijara shartnomasi asosida olingan. "Metallurg" jamoasi oldiga aniq vazifa belgilanmagan bo'lsada, yangi qurilayotgan jamoa imkon qadar yaxshi futbol ko'rsatgan holda dastlabki oltilikka kirishga urinib ko'rmoqchi.
O'tgan mavsumda beshinchi o'rinni egallagan I.Mo'minjonov boshchiligidagi jamoa ham superliga bahslariga jiddiy hozirlik ko'rdi. Jamoa oldiga chempionlik uchun kurashish vazifasi qo'yilgan. Yangi formatdagi yangi chempionatga, yangi logotip bilan kirib kelayotgan "Navbahor lochinlari" o'z safini B.Ergashev, A.To'raev, T.Payovich, A.No'monov, A.Allaniyozov, B.Sadullaev, S.Sulaymonov, Z.Pirimov, R.Do'smatov va N.Inyac kabi futbolchilar bilan to'ldirib oldi.

Bo'lajak bahsda mezbonlarning qo'li baland kelsa kerak. Yana kim biladi deysiz? Qanday natija qayd etilishini o'z ko'zingiz bilan stadionning o'zidan ko'rish zavqini boshqa hech narsa bera olmaydi. SHunday ekan, superliganing dastlabki tur o'yinlarini o'tkazib yubormaslikka harakat qiling.

Muallif taxmini: 35-35-30
 

Ulug'bek SHukurullaev

Reyting: +23   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика