So’nggi yangiliklar

15:20"Натижа учун баъзида мазмунли ўйиндан воз кечдик. Етакчиларимизни йўқотишни истамаймиз, Хебайдан эса кўп нарса кутгандик" — Рўзиқул Бердиев билан интервью  0 15:05Расман: "Милан"га клуб тарихидаги биринчи эквадорлик ўтди   0 14:48Халқаро тақвим: Август ойида нималар кутмоқда?  0 14:36Хато "Челси" билан шахсий шартларни келишиб олди  1 14:09Шерзод Эсанов "Акрон"ни тарк этди  8 13:48"Барселона" ёш футболчиси билан хайрлашадими?  1 13:15"Манчестер Сити"ни 4 нафар футболчи тарк этиши мумкин  2 12:46"Челси" Симонс билан музокараларда олдинга силжиди  1 12:25Баҳром Ҳайдаров: "Имкон қадар 10таликдан ўрин эгаллашга ҳаракат қиламиз"  0 11:54"Интер" асосий футболчиси "Реал" диққат марказида  0 11:26Виталий Денисов: "Файзуллаев топ-5 лигадаги клубга ўтади деб умид қилгандим"  11 10:53"Насаф" сардори легионерга айланишга яқин  15 10:25"Нефтчи" футболчиси "Қўқон-1912"га ўтиши мумкин  1 09:51"Насаф" колумбиялик ҳужумчига қизиқиш билдирмоқда  7 09:18"Нефтчи" Жоэль Кожо учун қанча сарфлаши маълум  13

Bir shingil hangoma yoxud u shohdan bu shoxga Yangiliklar

Bir shingil hangoma yoxud u shohdan bu shoxga

O'zbekiston chempionatida bir yillik shartnomalar u yoqda qolib, so'nggi yillarda olti oylik shartnomalar ham urf bo'ldi. SHunday futbolchilardan biri bilan suhbatlashdik.
"Avvalo men bilan intervyu qilishga rozi bo'lganingiz uchun rahmat. Nuqul qarasa terma jamoa futbolchilari. Bilib olganinglar "Paxtakor", "Bunyodkor", "Lokomotiv" va "Nasaf". Bizning ham intervyu bergimiz keladi, bundoq bizga ham qaranglar", - deya etiroz bilan tashrif buyurdi SHoxga Sakraev.

- To'xtang, to'xtang... Biz siz bilan intervyu qilishga rosa urindik, "Navbahor"ga savollarimizni yuborgandik, sizni allaqachon "Andijon"da dedi. Sal o'tmay yo'limiz vodiyga tushgan edi, "Buxoro"ga ketib qolibsiz. Bizni ham to'g'ri tushuning, Sakraev.

- Siz o'ylaysiz bizga osonmi, endi bitta klubga kelib xonaga joylashdim deganimda, 4 oy o'tib chemodanni yig'ishtirib, yana yangi joyga borish kerak bo'ladi. Men ham istayman bir klubda uzoq o'ynashni. Bir klubga borasiz, vada beradi. Vadaga qopni to'ldirasiz, mazza qilasiz. Hayolizda "Lasetti"da yurasiz. Bir kun o'tadi, bir hafta o'tadi, oylar o'tadi: maoshdan darak yo'q. Keyin nima qilishingiz kerak, ketasiz.

- Lekin yangi jamoangizda ham ko'p qolmaysiz-ku. Ular ham aldadi deylik, lekin sizdan avval birovni aldagan bo'ladi. Bilib turib borishdan nima naf?
- Ha, endi bazan to'g'ri aldanamiz, lekin ular aytayotgan pulni eshitsangiz siz ham oyog'ingizga butsa kiyvorasiz-da. Masalan, siz bir oyda necha pul topasiz?
- Nasibaga yarasha, ana 1 million deylik.
 
- Bir oy bizni yoritaman deb yurasiz-a?
- Ishimiz shu...
- Biz o'ynamagan o'yinimizga 50 mln.dan kam olmaymiz. "Podyomniy" degan narsani bilasizmi? Mazza-ku bu, jonning rohati. Ko'tarma pulini olib o'ynay olasizmi yoki yo'q, endi bu ikkinchi masala. Undan zo'ri, ikkinchi davrada bahona qilib klubdan ketib olsangiz bo'lgani, yangi klubingizda ham ko'tarma puli bor-da... Lekin men unday emasman. Besh qo'l baravar emas. Bazi hamkasblarim rosmana o'ynagisi keladi, bazilari esa u oylikdan, bu oylikka etib olsa bo'lgani.

- Ha rostan ham ishingiz zo'r ekan. Hech yaxshi o'ynab chet elga ketishni o'ylaganmisiz?

- Bolalikda bo'lar edi shunday o'ylar. Bitta erkakcha gap-de, qaysi chempionatda yarim kuch bilan o'ynab shuncha pul topish mumkin? Mana, siz bizni tushunasiz, aytin-chi? Legioner bo'lishning o'ziga yarasha sinovlari bor. Undan keyin ruschani zo'rg'a gapirsam. Ingliz tilida bitta gapni bilaman (Xouv mach). Bu magazinga borganda, necha pul degani. Keyin "Diskont es"? degan so'zni ham o'rganib olish yaxshi bo'ladi. Savdolashishga yaxshi-da.

- Futbolchi shunday desa, terma jamoamiz qachon muvaffaqiyatga erishadi?
- 24 yoshgacha chet elga ketsangiz ketib oldingiz, ketmasangiz ko'nikib qolasiz. Hamma ham ichki chempionat bilan cheklanib qolishni maqsad qilmaydi. Boya yuqorida aytib o'tgan klublarimizda o'ynashning o'zi qiyin. Ular orqali ham terma jamoaga tushish mumkin. Men ham 24 yoshgacha terma jamoada o'ynashni, chet elga chiqishni istardim. "Paxtakor"ga, "Bunyodkor"ga o'tishni kim ham xohlamaydi? Kimning "Nasaf"da o'ynagisi kelmaydi deysiz? Hamma istaydi. Lekin yana bitta narsasi bor-da, uka. 23 yoshimda qattiq jarohat oldim. Klubga davolating desam, uka, chempionat tugashiga oz qoldi deb to'g'ri tushuntirib yuborishdi. Bir amallab o'zim davolandim. 2 oyda tuzaladigan jarohatim bilan yarim yil yurdim. Natijada avvalgi saviyamga qayta olmadim. Futbolchiga o'g'lidek munosabatda bo'lmagan klubga biz otadek qaraylikmi?

- Ha, bu gapingizga qo'shilmay ilojim yo'q. Yana qanday muammolar haqida aytib bera olasiz?

- Aytsam kulasiz. Bir kun qaysidir o'yinga bordik, o'yindan avvalgi taomda go'sht yo'q. Keyin bilsak, jamoamiz mamuri shundan tirikchilik qilib yuboribdi ekan. Yana bitta muammo. Bu haqda o'zingiz ham ko'p yozasiz. SHu qachon bizga vitamin berishadi? To'g'ri, namatak choy ham yomon emas. Lekin bizam bir kuchga to'lish uchun vitamin ichaylik.

- Lekin sizlarga ham xayronman. Arzimagan to'rt oyga 30-40 million pul olasizlar-da, yana hech nima qilishga ulgumadim deysiz?
- Nayzangiz o'tkir-da, o'rtoq jurnalist. To'g'ri, bazan pullarni bekorga ishlatib yuboramiz. Lekin bir marta jarohat olganimdan keyin qattiq afsuslanganman. O'shanda ko'z oldimdan bekorga sarf qilib yuborgan pullarim ko'ringan. Lekin oliy ligada hammani bunday deb aytmayman. Biz ham murabbiylarga ishonamiz-da. Murabbiylar esa rahbariyatga. Murabbiyni ham to'g'ri tushunish kerak, undan natija talab qilishadi.

- Statistikaga nazar tashlar ekanman, 2 marta bir klubga qaytishning o'zi uch marotaba qayd etilgan ekan. Yana 8 ta klubda yarim yoki bir mavsum harakat qilgansiz. Uydan chiqib ketayotganda qaysi klubga borishingiz esdan chiqib qolmaydimi?
- Endi kulavermang, bunisi oxirgisi. Bir amallab yilni tugatib olay, keyingi yil futbolni tugataman.

- Demak, sizni katta futbolda boshqa ko'rmas ekamiz-da?
-Nega unday deysiz, ikki yil o'tib PRO licenziyasi bilan biron-bir klubni boshqaraman.
- Nima?

"Ertalab, tushlik, kechqurun" loyihasining ilk mehmoni SHoxga Sakraev bilan bo'lib o'tgan qiziqarli suhbatimiz ham yakuniga etdi.

Albatta bu hazil, ammo tagida qisman bo'lsa-da haqiqat yotibdi. Futbolchilarning bir yillik shartnomaga imzo chekishida o'zida ham, klubda ham ayb katta. Ko'ramiz, kuzatamiz, balki yillar o'tib barchasi o'z joyiga tushib ketar.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика