Belarusdagi legionerlarimiz haqida mahalliy mutaxassislar nima deydi?
05 iyu 2022 14:45
Yangiliklar
Belarusdagi legionerlarimiz haqida mahalliy mutaxassislar nima deydi?
Turnir startining asosiy kashfiyoti "Energetik-BGU" bo'ldi. To'rtta o'zbek futbolchisi to'p tepadigan ushbu jamoa BATEning asosiy taqibchisi. Borisov klubi 9 turdan keyin 23 ochko, minskliklar esa 10 turdan keyin 22 ochko jamg'ardi. "Talabalar" so'nggi uch o'yinda umimiy 9:0 hisobida g'alaba qozonishdi. Ushbu jamoa o'tgan yili jon saqlash uchun kurashib, oxirgi tur quyi pog'onaga tushib ketishdan qutilib qolganiga ishonish qiyin. Quvonarlisi, bu yutuqlarda o'zbeklarning hissasi katta. Himoyachi Abduqodir Husanov 10 uchrashuvda to'liq harakatlandi, 2ta gol urdi va 1ta golli pas berdi. Yarim himoyachi SHoxruhbek Abdurahmonov ham 10ta bahsda maydonga tushdi (2tasi to'liq emas), 1ta gol urib, 3ta golli uzatma qayd etdi. Uning ampluasida o'ynaydigan o'zbekistonlik Abbosbek Jumaqulov bitta uchrashuvda maydonga tushgan bo'sa-da, assist qayd etishga ulgurdi. Belarus chempionati asosiy qahramoni — Bobir Abdixoliqov. Forvard 10 bahsda 11ta gol urdi (albatta, ligada hammadan ko'pi) va 4ta golli pas berdi.
Terma jamoalar o'yinlari sababli, Belarus chempionatida ikki haftalik tanaffus elon qilindi. SHu fursatdan foydalanib, Belarusdagi taniqli murabbiy va mutaxassislardan poytaxt klubi safida to'p tepadigan o'zbeklar haqida fikr bildirishlarini so'radik.
Vitaliy Jukovskiy - "Isloch" va Borisovning BATE klubi sobiq bosh murabbiyi:
— Keling, so'zni Abdixoliqovdan boshlasak. Yigitcha juda tezkor ekani ko'rinib turibdi. Hamkasblari uning o'yinini bir muncha o'rganib, u maydonda nimalarga qodirligini bilib ulgurishdi. SHu sababli, ham vertikal uzatmalar soni ko'p va futbolchi to'p uchun kurashda ancha foydali harakat qilmoqda: qaytgan, nazoratsiz qolgan to'plarga birinchi bo'lib etib bormoqda. U shuningdek, hujumlarni yakunlashda ham yaxshi harakat qila oladi. Vaqt o'tishi bilan unga qiyinroq bo'lishi turgan gap: raqiblar uning o'yin uslubini bilib oladilar. Ammo yigitchaning iqtidori yaqqol ko'rinib turibdi.
Tayanch yarim himoyachi Abdurahmonov o'z ishini sifatli darajada bajaradi va murabbiylar undan nima talab qilayotganini yaxshi anglab etdi. To'p bilan yaxshi harakatlanadi, bazida unda etakchilik sifatlari ham namoyon bo'lyapti. Biroq ochig'ini aytsam, ayniqsa, markaziy himoyachi Husanov meni lol qoldirdi! Uning yoshini hisobga olib to'g'risini aytaman, u top himoyachi! O'zini qanday tutishi, qanday o'ynashi... meni tasirlantirdi. Bu yigitchaning kelajagi yorqin. Fikrimcha, u yuqori darajada o'ynay oladi. Yana bir jihat, aloqani yo'lga qo'yishi kerak. Bir o'yindan keyin ko'rishib qoldik, o'shanda unga shunday dedim: "Sen markaziy himoyachisan. Gaplashishni boshla". Agar shunga quloq solsa, hammasi super bo'ladi.
Aleksandr Luxvich - "Minsk"sobiq murabbiyi:
— Bobir — tez, keskin, mehnatsevar va yaxshi texnikaga ega futbolchi. Tarbiya olgani bilinadi. Uning o'yini ochilishida Yurevich va murabbiylar shtabiniing hissasi katta. Unga ishonishdi, u esa bunga gollari bilan javob qaytarmoqda. Ha, penaltidan urgan gollari ko'proq, lekin nuqtadan adashmaslik ham muhim. Yaqinda Moskvaning "Dinamo" klubidagi futbolchini eslang: "Spartak"ga gol urolmadi va jamoa Rossiya Kubogida mag'lub bo'ldi. Nuqtadan zarba berish uchun sovuqqon bo'lish kerak. Yanachi? Golni yaxshi his qila bilish muhim. U yakka o'zi epizodlarni hal qila oladi. Himoyachilar bunday forvardlarga qarshi o'ynashi juda qiyin. Yana menga yosh himoyachi ham yoqdi. Aytishlaricha, 2004 yilda tug'ilgan ekan. SHubhalandim, lekin agar shunday bo'lsa, u holda juda zo'r himoyachi. U juda qatiyatli, poziciyani o'qiy oladi va hujumlarni yaxshi boshlaydi.
Umuman olganda, har uchala o'yinchining ham zarbasi kuchli va texnik tomondan yaxshi talim olishgan. Avvallari: "Agar jamoani barbod qilmoqchi bo'lsang, bir mamlakatdan uch o'yinchi ol" deyishardi. Ayni damda "Energetik"da 4ta o'zbek to'p tepadi, biroq ular bu maqolning teskarisini qilishmoqda. Barakalla! "Energetik-BGU"ning jadvaldagi o'rni? Agar omad kelgan bo'lsa ham, faqat birinchi tur, jamoa endi formaga kirishayotganda bo'lgan. Hozir esa 10-tur! Jamoa rivojlanayotgani, muxlislarga yoqadigan vertikal futbol o'ynayotganini ko'ryapmiz. Menimcha, jamoa 2-o'ringa loyiq. Buyog'iga nima bo'lishini ko'ramiz, taxmin qilish qiyin. CHempionatimiz o'rtacha ko'rsatkichga chiqdi, jamoalar o'rtasida katta farq yo'q. Har qaysinisi istalgan jamoani yutib qo'yishi mumkin va bu sensaciya emas, aksincha, yanada qiziqarli bo'ladi.
Mixail Gornak - sobiq futbolchi, ABFF va "Yasnae-TV" telekanali sharhlovchisi:
— Abdixoliqov moslashishi uchun biroz vaqt kerak bo'ldi. O'tgan yili u kelganidayoq, undan umid katta edi. Lekin jamoa o'ynamadi: oliy ligada qolish uchun kurashdi, natija bo'lmadi, moliyaviy ahvol ham yomonlashdi. Bu esa unga tasir ko'rsatgan deb o'ylayman. Lekin shunga qaramay, u 14 o'yinda 3ta gol urdi.
Joriy mavsumda esa ancha moslashib oldi. Jamoa ham jismoniy va psixologik tomondan yaxshi tayyorlangan ekan. Yigitlar natija ko'rsatmoqda. O'tgan yili Bobirga vaziyatlardan unumli foydalanish biroz pand bergandi, ammo bu yil buning uddasidan chiqyapti. Statistikaga ko'ra, 8 turda darvoza tomon 23 marta zarba yo'llagan, undan 16tasi aniq va 8tasi gol bo'lgan. Kosmik natija! Hattoki, uni kim bilan solishtirishni ham bilmayman. Balki, o'tgan yilgi Dembo Darboga o'xshar?! Bobir shu tempda davom etsa, Darbodan ham o'zib ketadi.
O'xshadi! Ammo boshqa tomondan Lvovga o'tayotganidayoq u 900 ming dollarga baholangandi. Bu kichkina raqamlar emas. Murabbiylar unga bu erda o'zini ko'rsatish imkoniyatini berishdi.
Markaziy yarim himoyachi Abdurahmonov haqida gapiradigan bo'lsak, avvaliga uni himoya chizig'i vakili deb o'ylaganman. Ammo "Energetik-BGU" markazdagi futbolchilar "uchburchagini" teskari tomonga aylantirib qo'ydi va SHoxruhbek yuqoriroqda harakat qila, hujumlarga qo'shila boshladi. Erkinlik berilgandi, jamoaning yorqin vakillaridan biriga aylandi.
Uning yaxshi zarbasi bor va bundan nafaqat jarima zarbalarida foydalanmoqda, balki muntazam ravishda qaytgan to'plar uchun faol kurashmoqda va imkon topilsa, darvozani nishonga olmoqda. Yaxshi pas bera oladigan, katta ko'lamdagi ishni bajaradigan o'yinchi. Belarus chempionati uchun yaxshi futbolchi. Yana bir-ikki yilda superyulduzga aylanadi. Biroq u chempionatimizda uzoq ushlanib qolmaydi, deb o'ylayman. "Energetik" yaxshi o'ynayotganidan kelib chiqsak, Abdixoliqov va u – sotilishi mumkin bo'lganlar ichida etakchi.
Uchinchi yigit – Abduqodir Husanov. Men uchun u shunchaki o'zga daraja. U 18 yoshda, shunga qaramay, deyarli xato qilmayapti va hujumlarni yaxshi boshlab, ularga kerak bo'lsa qo'shilyapti, ikkinchi qavatda ham foydali o'ynayapti. Buni qanday uddalayotganini ochig'i tushuntirib bera olmayman. O'z yurtida shunday o'ynasa ham tushunardim, vatanida xotirjam, erkin harakat qilyapti-da derdik, biroq u butkul boshqa davlatda shunday o'yin ko'rsatmoqda. Bunda ham murabbiylar shtabining hissasi bo'lsa kerak. Psixologik tomondan yigitlar kuchliligi ko'rinib turibdi.
Fikrlar