"Barselona"da ichki mojaro boshlandi. Messi "Instagram"da Abidalning gaplariga javob qaytardi
05 fev 2020 16:10
Yangiliklar
"Barselona"da ichki mojaro boshlandi. Messi "Instagram"da Abidalning gaplariga javob qaytardi
"Barselona" sport direktori Ispaniyaning Diaro Sport nashriga bergan intervyusi katta mojaroga sabab bo'ldi. O'sha intervyudagi asosiy mavzu - Ernesto Valverdening chetlatilishi va yangi murabbiy izlash.
Abidalning asosiy gaplarini taqdim etamiz:
- Valverdening o'rniga nomzod izlash 2 yil avval boshlangan. Abidal 2018 yilning yozida "Barselona"ga sport direktori sifatida qaytdi - o'shandayoq yangi murabbiy nomzodlari ko'rib chiqilgan.
"Biz malumot yig'ishni boshladik, kutilmaganda prezident Valverde bilan shartnomani uzaytirdi (2019 yil fevralida). Biz bu qarorni qabul qildik, ammo gap natijada emas, klub ichida sodir bo'layotgan voqealarda ekan".
- "Barselona" 18 dekabrdan istefoga tayyorlandi. Valverde 13 yanvarda ishsiz qoldi, Abidalning so'zlariga ko'ra, klub murabbiyning ketishi ustida "Real" bilan bahsdan (0:0) so'ng ishlay boshlagan.
- Asosiy etiroz - o'yin sifati. "Biz taktika, futbolchilarning o'yini, ko'p maydonga tushmayotganlarni ko'rib chiqdik. Bor etiborimni shu narsaga qaratdim. Aksariyat futbolchilar Valverdening ishidan norozi yoki juda kam ishlashayotgan ekan (gapning oxirgi qismini eslab qoling). Jamoadagilar o'rtasidagi aloqada muammolar bo'lgan".
- Seten - ideal nomzod. "Kikeda bizning DNK bor, u ishlashni, kam maydonga tushayotgan futbolchilarga o'zini jamoaning bir qismidek his qilishga yordam beradi. Futbolchilar o'rtasida aloqa bo'lishi kerak, bu jamoani kuchaytiradi va raqobat qo'shadi".
- Xavi bilan uchrashuvda ish aniq taklifgacha etib bormagan. Yanvar oyida Ispaniyaning barcha nashrlari afsonaviy yarim himoyachi Valverde o'rnini egallashi haqida bong urishdi. Ammo Abidalning aytishicha, rasmiy taklif bo'lmagan.
"Hech qanday shartnoma taklif qilmaganmiz. Agar Xavi shunday degan bo'lsa, marhamat, ko'rsatsin. Biz 2ta uchrashuv o'tkazdik: Birinchisida biz klub haqidagi tasavvurimiz bilan bo'lishdik, ikkinchisida esa u o'z rejasini malum qildi. Mediadagi barcha malumotlar - futboldan ko'ra siyosatga o'xshab qoldi. Men bu narsalar bilan shug'ullanmayman, faqat futbol haqida gapiraman".
Futbolchilar noroziligi haqida aytilgan gap Messini g'azablantirdi
"Barselona" sardori Lionel Messi Abidalning gaplariga javob qaytardi. Leo Diario Sport nashrida elon qilingan intervyuning bir qismini qizilda belgilab, uni Instagramdagi storisga joyladi.
Uning ostida Messining g'azabdagi matni:
"Menga sport direktorining so'zlariga Instagramda javob qaytarish yoqmaydi, ammo fikrimcha, o'z ishi uchun o'zi javob berishi va erkin qaror qabul qilishi kerak.
Futbolchilar maydonda sodir bo'layotgan ishlarga javobgar va omadsizlikka uchrasak, birinchi bo'lib aybimizni tan olamiz. Sport bo'limi rahbarlari ham qilgan ishi uchun masuliyatni bo'yniga olishi lozim.
So'nggisi. Gap futbolchilar haqida ketganda, aniq ismlarni aytib o'tish kerak. Aks xolda siz barchani ustiga axlat ag'darasiz, ammo bu haqiqatga to'g'ri kelmaydi".
Messining bunday reakciyasini har kuni ham ko'ravermaysiz - odatda Leo bu uslubda chiqishlar qilmaydi. COPE radiokanalidagi El Partidazo loyihasi boshlovchisi Xuanma Kastano Messi nega bu tarzda javob bergani haqida fikr bildirdi.
- Messi "Barselona"dagi barcha omadsizliklarni unga ag'darishlaridan charchadi. Intervyuda "futbolchilar", "kiyinish xonasi", "jamoa etakchilari" so'zlari aytilganda, hamma Leoni tushunadi. Argentinalikning fikricha, Abidal ham shunday yo'l tutgan: Valverde istefosi bo'yicha aybni o'zidan soqit qilib, Messini ayblagandek ko'ringan.
- Messi Valverdening istefosini xohlamagandi. U va Suares xuddi jamoaning katta qismi kabi murabbiyga oxirigacha ishonishdi. Marca nashrining taxminiga ko'ra, faqat uch futbolchi Ernestoning ketishidan quvongan: Rakitich, Buskets va Vidal.
- Leoning yana bir etirozi - Grizmanning xaridi. Yozda argentinalikka Franciya terma jamoasi hujumchisi xarid qilinmasligi, Neymar qaytarilishi haqida vada berilgan. Biroq Grizmann bilan mart oyidayoq kelishib qo'yilgan edi.
Endi nima bo'ladi? Marca nashrining yozishicha, klubdagi mojaro endi avj pallasiga chiqmoqda. Bartomeu ham Abidalning ishidan norozi: Sport direktori Xavi bilan kelisha olmadi va Suares o'rniga forvard xarid qilmadi.
Fikrlar