So’nggi yangiliklar

01:48Галлахер "Атлетико"га ўтишни хоҳламоқда  0 01:25"Ювентус" Йилдизни қўйиб юборишни хоҳламаяпти  0 00:57"Атлетико" "Челси" ўйинчисининг трансфери бўйича ишларни бошлаб юборди  0 00:29Игорь Сергеев ҳаракат қилаётган "Патум Юнайтед" жамоаси ўртоқлик ўйинида ЕЧЛ финалчиси "Боруссия"ни тор-мор келтирди!  3 23:55"Барселона" "Манчестер Сити" футболчисини ижарага олмоқчи  3 23:27Жамшид Саидов: "Бизда юқори мақсадлар йўқ, вазифа ўтган мавсумдан кўра яхшироқ иштирок этиш"  1 22:57"Бунёдкор" иккинчи даврада уйғонадими? Тайёргарлик қандай кетяпти? Илёс Зейтуллаев барча саволларга жавоб берди  4 22:23Расман: Шерзод Эсанов "Андижон"дан РПЛ клубига ўтди  18 21:27"Байер" Гюлерни ижарага олмоқчи эди. "Реал" ҳам, ўйинчи ҳам бунга қизиқиш билдиришмади  3 20:58Винисиус Мбаппе, Беллингем ва Эндрикнинг "Реал"га ўтишида таъсир қилган  12 20:21Максим Шацких: "Ёзги трансферлар ойнасидаги режамизни тўлиқ бажардик. Элит Осиё чемпионлар лигасидаги иштирокимиз ҳам қизиқарли кечиши аниқ"  20 19:47МЮ Амрабатни "Фиорентина"дан 20 млн евро эвазига харид қилмайди, аммо...  2 19:09Баҳром Ҳайдаров: "Қолган жамоалар ҳам ухлаётгани йўқ. Иккинчи даврада камида 30 очко тўплашимиз керак"   6 18:58Ламела Греция клуби билан шартнома имзолади  2 18:24"Ал Иттиҳод" АПЛдаги ўйинчи учун 51 млн фунт тўлайди  2

Barbod bo'lgan mamlakat uchun o'ynayotgan chidamli jamoa Yangiliklar

Barbod bo'lgan mamlakat uchun o'ynayotgan chidamli jamoa

Futbol bo'yicha Afg'oniston milliy terma jamoasi ushbu haftada ajoyib o'yinda maydonga tushdi. Biroq ularning mamlakati Tolibon nazoratiga o'tgan bo'lsa, ular nima va kim uchun o'ynashmoqda?

Belek, Turkiya — Anush Dastgir futbol dunyosidagi eng mehnatkash inson bo'lishi mumkin edi. Biroq shanbaga qadar u o'z kasbidan uzoqlashib ketdi.

Afg'oniston erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Dastgir mehmonxonaning bo'm-bo'sh restoranida jamoasi bilan Indoneziyaga qarshi o'rtoqlik o'yiniga tayyorlanib o'tirardi. Tush vaqti – chamasi soat 11 lar edi. Dastgir qattiq shamollashga qarshi kurashardi, buning ajablanarli jihati yo'q, chunki uning o'sha chog'da o'nlab yumushlari bor edi.

Futbol bo'yicha milliy terma jamoaga murabbiy bo'lish, qaerda bo'lmasin, juda murakkab, biroq Afg'onistonga murabbiylik qilish azaldan o'ziga xos qiyinchiliklarga duchor etadi.

Bu davlat dunyoning qashshoq davlatlaridan biri va fuqarolar urushi hamda Tolibon nazorati milliy termani ikki o'n yillikda o'yin amaliyotidan uzoq tutdi. Mamlakatga xavfli deb baho berilganidan, butun dunyo bo'ylab futbolni nazorat qiluvchi tashkilot – FIFA uzoq vaqt uning jamoalariga o'y uchrashuvlarini o'z diyorlarida o'tkazishni taqiqladi. Ko'pincha, dunyo bo'yicha reytingda uncha ahamiyatli bo'lmagan 152 o'rinni egallab keladi. Bu jamoa hech qachon katta musobaqalarga loyiq bo'la olmagan.

SHunday bo'lsa-da, yozda Tolibon Kobulga qadar etib keldi va Afg'oniston hukumati quladi. Uning prezidenti Ashraf G'ani millionlab erkak-u ayolni o'ylab o'tirmay mamlakatni tark etdi.


Afg'oniston murabbiyi – Anus Dastgirdir. U jamoasining Turkiyadagi o'yinini o'zi tashkillashtirdi va xarajatlarni qoplashda FIFAdan ko'mak so'radi. 

Dastgir tartibsizlikda jamoasining bir qismi va xodimlarining yarmidan ayrildi. Xodimlaridan ikki nafari hozirda Qatarda qochoqlar lagerida kun ko'rmoqda. Yana ikkisi Afg'onistonda bo'lib, mamlakatdan tezroq chiqib olishga ishtiyoqmand. Uning “rotasi” deyarli afg'on qochoqlari yoki 1980 yildan buyon uzoq yillar davomida Afg'onistondagi turli mojarolardan aziyat chekib, keyinchalik Niderlandiya, Germaniya, AQSH va SHveciya kabi davlatlardan boshpana topgan qochoqlarning farzandlaridan iborat. Ularning bir nechtasi Afg'onistonda vaqt o'tkazardi, ammo bu safargisi ularni tashvishga soldi.

Dastgirning eng muhim o'yinchilaridan biri Nur Husin, 6 yoshida Britaniyaga jo'nab ketgan bo'lib, iyul oyida Tolibon yaqinlashib kelayotgan paytda shimoliy Mozori SHarif shahrida edi. “Ochig'ini aytadigan bo'lsam, men dahshatga tushgandim”, deydi o'yinchining o'zi bu borada: “Sababi u erda har kuni Tolibon yaqinlashayotgani va shahar chekkasiga kelib qolgani haqida xabar kelib turar edi. Bunday paytda siz oldinda nima kutayotganini o'ylay olmaysiz”.

Husin Kobulga etib olishni va afg'on erlarini tark etishni uddaladi, biroq u xuddi boshqa jamoadoshlari kabi milliy terma tugatilganiga amin edi. “Barcha endi tugadi, hammasi tamom bo'ldi deb o'ylayotgandi”, – dedi u.

Dastgir esa shundoq ham etnik yoki til jihatidan bo'lingan mamlakatda kamdan kam uchraydigan birlik ramzi sifatida jamoani saqlab qolishga, vatani uchun o'ynashga qaror qildi. SHu tufayli u bir necha hafta ilgari qo'liga telefoni go'shagini oldi va Tolibon nazoratni qo'lga olganidan keyingi ilk o'yinni – Indoneziyaga qarshi o'rtoqliq o'yinini tashkillashtirdi. SHu erigacha hammasi silliq kechgan edi. Bundan so'ng u uchrashuvni o'tkazish uchun munosib joy topishi, parvozlar va futbolchilarning vizalari masalalarini hal etishi hamda barchani koronavirus uchun testdan o'tkazishni tashkillashtirishi lozim edi. Afg'oniston futbol federaciyasining bank hisob raqami muzlatilgani sababli Dastgir safarni moliyalashtirishda FIFAning ko'mak berishini taminlay oldi. Jamoaning buyumlari va jihozlariga masul xodimning mavjud bo'lmagani tufayli Dastgir taxminan 205 kg og'irlikdagi mashg'ulot jihozlarini o'zi bilan olib kelishiga to'g'ri keldi. Uni yuvib tozalashda qayniog'asini yordam berishga ko'ndirdi. U futbol to'plarini sotib oldi, hakamlarni topdi va o'yin targ'ibotini hech qanday mutaxassislarsiz o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida olib bordi. U hattoki Afg'onistonda qolgan millionlab futbol ixlosmandlari o'yinni tomosha qila olishlari uchun uchrashuvni translyaciya qilish bo'yicha muzokaralarga kirishdi. Bularning barchasini bajarib bo'lgandan so'ng esa jamoasini shug'ullantirishga vaqt topishi kerak edi.

Biroq shanba kuni yarim oqshom yaqinlasha borgani sayin mehmonxona oshxonasida bo'lgan jamoa hal etishi kerak bo'lgan yana bir muhim masala o'z echimini kutayotgan edi – ular qanday bayroq ostida harakatlanadilar?

Yosh etakchi

31 yoshli Dastgir futbol olamidagi eng yosh murabbiylardan biri hisoblanadi. U Kobulda tug'ilgan, 1989 yilda Sovet qo'shinlari Afg'onistonni tark etganidan ko'p o'tmay oilasi bilan mamlakatdagi fuqarolar urushidan qochib qutulgan. O'sha paytda u atigi bir necha oylik edi va Niderlandiyada qo'nim topishdan avval Pokiston va Hindistonda o'sib-ulg'aydi. 

Evropada u golland tilini o'rgandi va etakchi klublardan biri NEK skautlari etiboriga tushdi. Oxir-oqibat u Afg'oniston terma jamoasiga chaqirildi, biroq tizzasidan olgan jarohati tufayli futbolchilik faoliyatini yakunlashiga to'g'ri keldi.


Afg'onistonlik futbolchilar Turkiyaning Belek shahrida mashg'ulot o'tkazmoqda

“Murabbiylarim: “Siz murabbiylikni boshlashingiz kerak”, deyishdi, chunki men futbolchi sifatida jamoaning etakchisi edim”, – dedi u. Uning Afg'onistonni boshqarish uchun birinchi imkoniyati 2016 yilda, shartnoma bo'yicha mojaro tufayli xorijlik murabbiy o'yinga kelmaganida paydo bo'ldi.

"O'yinchilar: "Anush buni uddalay oladi deb aytishdi", – deb eslaydi Dastgir. U o'sha o'yinda yutqazdi, ammo jamoa yaxshi o'yin ko'rsatdi. Keyingi safar esa 2018 yilda lavozim egasiz qolganida, shu vazifa yana unga topshirildi.

O'shanda u afg'on o'yinchilarini topish uchun ovni boshlab yubordi. Ko'pchilik o'yinchilar afg'on diasporasi, dunyo bo'ylab tarqalgan qochqinlar va ularning bolalari orasidan aniqlandi. 2018 yilda Kobulda bo'lib o'tgan Afg'onistonda Falastinga qarshi tashkillashtirilgan o'tkazilgan birinchi xalqaro o'yinda Dastgir o'zining ko'plab kashfiyotlarini tarkibga chaqirdi.

“Men bu futbolchilarni mamlakatni his qilishlari, odamlarni ko'rishlari uchun Afg'onistonda bo'lishini istardim, chunki ularning aksariyati mamlakat tashqarisida tug'ilgan”, – deydi u. "Agar siz ularga vatani uchun o'ynashini aytsangiz, ular: "Vatan uchun o'ynash nima degani?" deb so'raydi.

Hozir ham jamoa turli madaniyat vakillaridan iborat ekani ko'zga tashlanib turadi.

Ko'rsatmalar golland va pushtun tillarida ovoza qilinadi. Ruhlantirish nemis, dari va ingliz tillarida amalga oshiriladi. Bazida Dastgir gap o'rtasida tillarni almashtirardi. “Men tanlagan birinchi sardor tojik”, – dedi u. “Mening tarkibimdagi ikkinchi sardorim esa pushtun. Uinchi sardorim esa – hazara”. Uning ikki o'yinchisi, aka-uka Adam va Devid Najemlar Nyu-Jersida tug'ilgan.


Safarlardan birida avtobusda olingan surat

 Muxlislar futbolchilarning nomini aytib, olqishlagan xalqaro futbol hissiga ega o'yin

SHunga qaramay, o'yin yaqinlashgani sayin bayroq va madhiya masalalari hal etilmay qolaverdi. Bu osonlik bilan qabul qilinadigan qaror emas edi. Afg'oniston prezidentlik saroyi ustidagi yashil, qizil va qora uch rangli bayroq o'rnini endilikda toliblarning ustiga musulmonlarning etiqod bayonoti – SHahodat bitilgan oq bayrog'i egalladi. Tolibon musiqaga keng qamrovli taqiq joriy qilgani sababli milliy madhiya amalda qonundan tashqarida deb topildi va ahamiyatini yo'qotdi.

Dastgir madhiyani yangratish va eski bayroqni ko'tarish bahsli holatni yuzaga keltirishini bilardi. Sababi bundan avval mamlakatning erkaklar kriket jamoasi Twenty20 Jahon kubogida shunday qilganidan keyin Tolibon rahbari tomonidan tanbeh berilgan edi. Dastgir chiqaradigan qarori uni ishidan ayirishi yoki bundanda yomonrog'iga olib kelishi mumkinligini sezib turardi.

"Ishdan bo'shatishlaridan qo'rqmayman", – dedi Dastgir. “Men 37 million afg'onistonliklar terma jamoasi bosh murabbiyiman. Tolibon tuzumi yoki G'ani tuzumining milliy terma jamoasi murabbiyi emasman. Biz buni hech qachon hukumat uchun qilmaganmiz. Biz buni xalq uchun qildik”, – dedi qahramonimiz.

Olislardan yo'llangan olqishlar

Afg'oniston lageridagilarning hech biri ularning Antaliya yaqinidagi qirg'oq bo'yida joylashgan Belek shahridagi uchrashuvini tomosha qilish uchun biron bir Afg'oniston tarafdori kelishiga ishonchi komil emas edi.

Koronavirus cheklovlaridan xavotirlangan stadion rasmiylari Dastgir xavfsizlik uchun o'z cho'ntagidan to'lashga rozi bo'lgachgina tinchlandi. Yana bir muammo yuzaga kelishi mumkin edi. Turk policiyasi o'yinni to'xtatishga vaj topishni istasa, topardi. So'nggi yillarda kamida 300 ming afg'on qochqin va muhojirlari Turkiyada boshpana topgan hamda ularning ko'pchiligida umuman hujjat yo'q edi. Ammo kun qorong'ulashib, o'yin boshlanish vaqti yaqinlashar ekan, yuzlab muxlislar stadion darvozasi oldida saf tortdilar.



Afg'onistonning Indoneziyaga qarshi o'yini qisqa muddat ichida tashkillashtirildi. Kutilganidan kechroq urilgan gol 1:0 hisobidagi g'alabani keltirdi. Darvoza ortida va tribunada bayram boshlanib ketdi

"Men afg'on ekanligimni ko'rsatishni xohlayman", – dedi katta afg'on bayrog'iga o'ralib olgan va familiyasini aytishdan bosh tortadigan darajada ehtiyotkor 18 yoshli Mursal ismli talaba. U to'rt yil oldin otasi Afg'onistonda o'ldirilganidan keyin Turkiyaga qochib ketgan. U bu erga kelganidan beri Afg'oniston bayrog'ini hilpiratishga ko'p ham imkon topmagan. "Bu bizning bayrog'imiz. Undan boshqasi yo'q. Faqat shu bayroq va uni hech kim o'zgartira olmaydi”.

Olti yuzta tarafdor — stadion mutasaddilari bilan kelishilgan muxlislar sonidagi chegara edi. Biroq tez orada stadionning bitta katta tribunasi to'lib ketdi.

O'yin boshlanishiga bir necha daqiqa qolganida jamoalar yarim himoya chizig'ida saf tortdilar. Ularning qarshisida Afg'onistonning ikki zaxira o'yinchisi Dastgir o'zi bilan Belekkacha olib kelgan katta yashil, qizil va qora rangli bayroqni yoyib, asta-sekin ko'tardi. Madhiya yangradi. Bir lahzada millionlab afg'onlar vatanga qaytgandek bo'ldi. O'yin oldidan ananaviy suratga olish uchun u erda hech kim yo'q edi. Jamoaning rasmiy fotosuratchisi bir necha oy oldin Portugaliyaga qochib ketgandi.

O'yin afg'on muxlislarining doimiy shovqin-suroni ostida hayajonli o'tdi. To'liq qora libosga burkangan Dastgir bosiqlik bilan taktik ko'rsatmalar berdi. Ikkinchi bo'lim yakunlanishi arafasida u oxirgi marta Polshaning to'rtinchi ligasida o'ynagan Niderlandiya tarbiyasini qo'rgan yarim himoyachi Omid Popalzayni zaxiradagilar orasidan yoniga chaqirdi. Qizig'i, zaxiradan o'yinga tushganiga bir necha daqiqa bo'lgan Popalzay 85-daqiqada gol urdi. Sanoqli daqiqalardan so'ng final hushtagi yangradi. Afg'oniston g'alaba qozondi va muxlislar bundan benihoya mamnun edi.

Muxlislardan biri selfiga tushmoqchi bo'lib 12 fut pastga, maydonni o'rab turgan yugurish yo'lagiga sakrab tushdi, biroq uni policiya ushlab oldi va yana o'z joyiga olib borib qo'ydi. Bir o'yinchi – Nurulla Amiri o'zining go'dak o'g'lini muxlislar qatoridan qabul qilib olish uchun jamoadoshining elkasiga chiqdi.


Nurulla Amiri g'alabani nishollash chog'ida go'dak o'g'lini qo'liga olish uchun jamoadoshlaridan birining elkasiga chiqdi

Boshqa muxlislar selfiga tushishni so'rab, o'yinchilarga qo'l telefonlarini tashlashdi. Ko'pchilik 30 yoshli yarim himoyachi Faysal SHayeste bilan suratga tushishni xohlardi, u bolaligida Niderlandiyaga ko'chib o'tganidan buyon dunyo bo'ylab professional karerasini amalga oshirgan edi.

"Agar men bu haqda gapiradigan bo'lsam, his-tuyg'ularga berilib ketaman", – dedi u ko'z yoshlarini tiyib. “CHunki men Afg'onistondagi odamlar nimalarni boshidan kechirayotgani menga yaxshigina ayon. Bilaman, ularni xursand qiladigan yagona narsa – terma jamoa uchun o'yinda g'alaba qozonish. Bu ularda bor yagona narsa, shuning uchun men bundan juda xursandman".


Dastgir bularning barchasini orqa tomondan kuzatib, instagramdagi sahifasiga joylashtirish uchun telefoniga suratga oldi. Bu lahzani tarixga muhrlash uchun boshqa hech kim undan ziyodroq ish qilmagan.

Mansurbek Nematov tarjimasi

Reyting: +20   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика