So’nggi yangiliklar

12:58"Челси" вингерини маълум шартлар асосида қўйиб юборишга тайёр  0 12:31"Милан" "Штутгарт" етакчисига қизиқиш билдиряпти  0 12:05Ши Таэ Йонг: "Ўзбекистон ва Саудия учрашувини стадиондан томоша қиламан. Корея мусобақани эрта тарк этгани учун бироз хафаман"  2 11:40"Интер" эгалари ўзгариши мумкин  0 11:16"Бавария", ПСЖ ва АПЛ клублари Меньян ва Теога қизиқишмоқда  0 10:50“Ливерпуль” ва “Арсенал” 80 миллион евролик футболчи учун курашмоқда  0 10:30Жанубий Кореяни уйига жўнатган Индонезия ОТЖ ким бошқараётганини биласизми? (Мутолаа учун)   5 10:13«Манчестер Юнайтед» ходимлардан пул тежашни яна бир йўлини топди  2 09:46«Фейеноорд» устози «Ливерпул»нинг қизиқиши ҳақида фикр билдирди  0 09:19Хави «Барселона»да қолиши маълум бўлганидан сўнг нималар деди?  8 08:54«Кальяри» Шомуродовни олиб қолмоқчи. «Рома» эса терма жамоамиз сардорига нарх белгилади  11 08:30Анчелотти «Олтин тўп»га ким лойиқлиги ҳақида фикр билдирди  26 08:04Ўзбекистон кубоги. Бугун 2-тур якунланади ва 3-тур бошланади  3 07:38Футзал. Бугун Эронга қарши финал йўлланмаси учун баҳс олиб борамиз  7 07:15U-23 Осиё кубоги. Қатар - Япония 2:4  0

“Ayollar jamoasida ayol murabbiylar ishlashi kerak!” – Ayollar futboli afsonasi Karima Yuldasheva bilan suhbat Yangiliklar

“Ayollar jamoasida ayol murabbiylar ishlashi kerak!” – Ayollar futboli afsonasi Karima Yuldasheva bilan suhbat

Oxirgi yillarda mamlakatimizda ayollar futboliga bo'lgan munosabat ijobiy tomonga o'zgarmoqda desak mubolag'a bo'lmaydi.

 O'zbekistonlik ayol futbolchilar haqida gap borganida ko'pincha dastlab Karima Yuldashevani eslaymiz. Bugungi kunda “Navbahor-Woman” jamoasini boshqarib kelayotgan Karima Abdujabarovnaning ayollar futbolida ko'rsatgan natijalari tahsinga loyiqdir. Namanganlik murabbiy bilan yaqinda uchrashib suhbatlashib, futbolga qay tarzda kirib kelishi, ayollar futbolidagi kamchiliklar va PRO murabbiylik licenziyasi uchun o'tkazilgan o'quv-kurslarida olgan taassurotlari haqida so'radik.

Ayollar futboliga kirib kelish tarixi

-Yoshligimda sportning bir qator turlari bo'yicha shug'ullanganman. Maqtanyapti demang-u, iqtidorim yuqori bo'lgan. Yutqazishni sira istamasdim. Raqib kim bo'lishidan qatiy nazar, doimo g'alaba qozonish istagida bo'lganman. 1990 yili Namangan pedagogika institutida o'qib yurgan paytlarimda, amaliyot o'tash uchun Rossiyada Samara iloyatining Tolyatti shahrida bo'lganmiz. U erdagi kunlarimning birida to'satdan rossiyalik qizlarning futbol o'ynayotganini ko'rib qoldim. Keyin menda ham ularga qo'shilib, to'p tepish istagi paydo bo'ldi. Rossiyalik tengdoshlarimdan meni ham o'yinga qo'shishlarini iltimos qilganimda, bajonidil qabul qilishdi. O'yinimni ko'rishgach, qizlar mendan futbol jamoasiga o'tishim istagi bor-yo'qligini so'rashdi. O'zim haqimda kerakli malumotlarni berdim. Keyin ular murabbiyiga aytib meni o'z jamoasiga taklif qildi. SHu tariqa futboldagi faoliyatim “Sim-Moskva” jamoasidan boshlandi. Rossiyada 4-5 yil o'ynadim. So'ngra O'zbekistonga qaytib kelganman.




O'zbekistonda ayollar futbolining tashkil topishi


-1995 yili Rossiya davlatidan Toshkentga havo yo'llari orqali etib kelishimdan xabar topgan, marhum Ravshan Usmonxo'jaev meni aeroportga chiqib kutib olgandi. U kishi aeroportda men bilan uchrashib, O'zbekistonda ham ayollar futboli, xususan jamoalar tashkil etilayotganini bildirdi. Bu xabar meni juda xursan qildi. Sababi Rossiyada futbol o'ynab yurgan paytlarim, nega bizning mamlakatda ham ayollar jamoasi yo'qligi meni chuqur o'yga oldirib kelardi. Ravshan aka menga ayollar futboliga tamal-toshi qo'yilishida amaliy yordam berishim zarurligini bildirganida, hech ikkilanmasdan u kishining taklifiga labbay deya javob berganman. Dastlabki yili 4ta ayollar jamoasi ishtirokida chempionat o'tkazilgan. Keyinchalik esa joylarda ayollar futboli ham ommalasha boshlagan va jamoalar soni ham o'z-o'zidan ko'payib borgan.

O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida


-Mustaqillikka erishgan paytlarimiz. Aniqrog'i, 1995 yili meni “Andijanka” jamoasiga taklif qilishdi. U erda bir mavsum o'ynagach, faoliyatimni yana xorijda davom ettirishimga qaror qildim. Ozarbayjonning “Boku” jamoasi bilan bir yillik kelishuvga erishdik. So'ngra yana yurtimizga qaytganman. O'zbekistondagi faoliyatim asosan “Andijanka” jamoasida o'tgan. Jamoa rahbari bo'lgan marhum Miroman Dmitrievich Kim meni jamoaga dastlab futbolchi sifatida taklif qilgan. So'ngra u erda o'ynovchi murabbiy bo'lib ishladim. Mashg'ulotlarni o'zim o'tkazardim. Bu orqali o'zimni murabbiylikka tayyorlab borganman.

“Navbahor-Woman”dagi ishi haqida


-O'zim Namangan viloyatida tug'ilganman. “Gulbahor” ayollar jamoasi tashkil etilishida bevosita bosh-qosh bo'lgandim. 2001 yili Namangan viloyati hokimining taklifiga binoan viloyat ayollar jamoasiga bosh murabbiy bo'lganman. O'sha mavsumni hozirgacha yaxshi eslayman. Birinchi bor chempionlikni qo'lga kiritgandik. Keyinchalik yana “Andijanka” jamoasida faoliyat yuritdim. SHu orada farzandlik bo'lgach, malum muddat vaqtincha futboldan chetda bo'ldim. 2013 yil yana ishga kirishdim. SHundan buyon “Navbahor-Woman” jamoasini boshqarib kelmoqdaman. 2017 yili Birinchi ligada g'olib bo'ldik. Superligada ham imkon qadar yuqori o'rinlar uchun kurashishga xarakat qilyapmiz. Klubimiz prezidenti, Namangan viloyati hokimi SHavkat SHokirjonovich xolimizdan xabar olib turadi. Etibori yo'q emas. SHaxsan o'zimni yaqinda tashkkurnoma va qimmatbaxo sovg'asi bilan taqdirladi. Umid qilamanki, kelgusida ham klubimiz prezidenti bizni unutib qo'ymaydi va sharoitlarimizni yanada yaxshilanishi uchun masul shaxslarga topshiriqlarini beradi.

“Ayollar futbolida ayol murabbiy ishlashi kerak!”


-Bilasizmi men ayollar jamoasida bosh murabbiy ayollar bo'lishi tarafdoriman. Negaki, ayolni ayol yaxshiroq tushunadi degan gap bor. Bu – pisoxologiya demakdir. Qizlar o'yin kunlari xar xil xolatda bo'ladi. Ular bilan suhbatlashish jarayonida murabbiy va o'yinchi o'rtasida parda bo'lmasligi kerak. Buning echimi ayol murabbiyi bo'lishidir. Agarda ayol bosh murabbiyga erkak murabbiy yordam bersa qarshi emasman. CHunki erkak murabbiylar mashg'ulot jarayonida yordam bersa, qolgan vaqtlarda bosh murabbiyning o'zi futbolchilar bilan dildan suhbatlashishga imkon tug'iladi.




PRO licenziyasiga bo'lgan o'qishlar xaqida


-Murabbiylar uchun eng oliysi bo'lan PRO licenziyasi uchun tahsil olyapman. Yakuniy bosqichiga etib keldik. Toshkentda erkak murabbiylar bilan birga malakamni oshirdim. Bu men uchun juda ham foydali bo'ldi. Nasib qilsa oxirgi bosqichini ham ijobiy yakunlab olsam, licenziyani qo'lga kiritaman. Mazkur o'qish davomida biz bilan birga xorijlik murabbiylar ham tahsil oldi. O'zaro fikr almashdik. PRO licenziyasiga o'qish yaxshigina mablag'ni talab etadi. Menga FIFA ushbu kursda o'qishim uchun imtiyoz berdi. Bunda O'FAning yordam katta bo'ldi. Sababi o'zbekistonlik birinchi ayol futbolchisiman. Erishgan yutuqlarimni inobatga olishgani uchun O'FA rahbariyatiga va umuman meni qo'llab-quvvatlagan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman.

O'zbekiston ayollar terma jamoasini boshqarish niyati borligi to'g'risida


-Bilsangiz kerak, 2017-2018 yillar davomida O'zbekiston ayollar o'smirlar terma jamoasini boshqardim. Iqtidorli qizlarni saralab olib, kurashchan jamoa sifatida shakllantirdim. 2017 yili Tojikiston davlatida o'tkazgan CAFA Kubogida bosh sovrinni qo'lga kiritdik. Kelasi yili esa Bishkekda tashkil etilgan yoshlar o'rtasidagi Osiyo saralash musobaqasida faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritdik. Keyinchalik musobaqalar yakuniga etgach, meni boshqa terma jamoaga taklif etishmadi. Lekin niyatim milliy terma jamoani boshqarish ekanligini yashirmayman. Xabaringiz bor, ayollar terma jamoamiz Osiyo chempionatiga yo'llanmani qo'lga kirita olmadi. Bu bilan murabbiylarni tanqid qilmoqchi emasman. Agarda O'FA rahbariyati boshqaruvni endi menga beradigan bo'lsa, ishontirib aytamanki, ko'zlagan maqsadimizga etamiz. O'zbekistondagi ayol futbolchilarning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Terma jamoaga chaqiruv olishni kutib o'tirgan qizlar ko'p. Ularga o'zlarini ko'rsatish uchun imkoniyat berib, ozgina qo'llab-quvvatlasak yanada kuchliroq terma jamoani shakllantiramiz. Aytib o'tganimdek, nafaqat klublarda balki terma jamoalarda ham ayol bosh murabbiy bo'lishi kerak. SHundagina ijobiy natijalar haqida gapirsak bo'ladi.

Har jabhada birinchi bo'lib kelayotgan murabbiy


-Ayollar futbolida 35 yildan beri faoliyat ko'rsatib kelyapman. Ortda qolgan yillar davomida etiborga molik natijalarga erishdim deb, faxrlanib ayta olaman. Negaki, o'zbekistonlik birinchi ayol futbolchisiman. Birinchi ayol legioner futbolchi. Birinchi ayol murabbiy. O'zbekistonning bir necha bor chempioni. Yana bir necha bor mamlakat Kubogi sohibi. PRO murabbiylik licenziyasiga o'qigan birinchi ayol murabbiysi. Bilasizmi bu bilan men ayol murabbiylarning kelgusida nafaqat V, A murabbiylik licenziyasiga o'qishi uchun balki PRO uchun ham o'qishi mumkinligi bo'yicha namuna bo'la oldim deb o'ylayman. Albatta, bunday natijalarga o'z mexnatim orqali erishganman. Futbol xayotimning bir qismiga aylanib qolgan. Moddiy tarafdan juda zo'r imkoniyatlarga ega bo'lmasamda, futboldan ketishni sira o'ylamaganman. O'zimni boshqa sohada tasavvur ham qilib ko'rmadim.




Ayollar futbol haqida


-O'zbekistonda ayollar futboli haqida oxirgi vaqtlarda juda ko'p gapirilmoqda. Ammo joylarda baribir ayollar jamoasi etibor past darajada. Umumiy qilib aytganda, oxirgi darajalik bo'lib qolgan. Ko'p jamoalarda futbolchilarning ovqatlanishi sharoiti va vitaminizaciyasi yaxshi emas. 2-3ta jamoani aytmaganda, qolganlari chempionatda shunchaki ishtirok etayotgandek go'yo. O'FA tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarga ham ko'z yumib bo'lmaydi. Xususan, bu yil ilk bor qizlar o'rtasida U-14, U-16 musobaqalari tashkil etilgani ayni muddao bo'ldi. Bu orqali kelajakka mustahkam poydevor qo'yildi desam yanglishmagan bo'laman. CHunki professional klub murabbiylari uchun tayyor selekciya vazifasini o'tab berdi. SHuningdek turli yosh toifasidagi terma jamoalar uchun ham munosib nomzodlar aynan shu kabi chempionatlar orqali tanlab olinadi. Undan tashqari birinchi liga turniri ham o'tkazilib kelinmoqda. Umid qilamanki, kelgusida mamlakatimizda ayollar futboli yanada rivojlanadi. Iqtidorli qizlar xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladi.

Karima Yuldasheva – 55 yoshda!


Bugungi suhbatdoshimiz, Karima Yuldasheva 1966 yil 28 noyabr kuni Namangan viloyatida tug'ilgan. O'zbekiston ayollar futbolining afsonasi bo'lgan Karima Abdujabarovnani yubiley – 55 yoshi munosabati bilan saytimiz nomidan chin dildan samimiy muborakbod etib qolamiz!

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика