So’nggi yangiliklar

02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  0 01:00Ла Лига. "Барселона" "Сельта" меҳмони бўлмоқда (онлайн ҳисоб)  40 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  25 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  7 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  9 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0 22:00Суперлига. Экстра-тайм: жорий мавсум узоқ давом этган ўйинлар  0 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  3 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  8 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  2

Asqar Tolibjonov: Avstriya, SHotlandiya, Greciya bizga rad javobini berishdi Yangiliklar

Asqar Tolibjonov: Avstriya, SHotlandiya, Greciya bizga rad javobini berishdi

O'FF qoshidagi Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonovdan bu yilgi mavsum yakunlari va yangi yil rejalari to'g'risida intervyu oldik.
O'z o'rnida takidlash joizki, markaz rahbari milliy terma jamoa mavzusini qayta ko'tarmaslik sharti bilan suhbat uyushtirishga rozi bo'ldi. Muloqotimiz terma jamoalarimiz ishtirokidagi bo'lajak musobaqalar xususida boshlandi.

- Kelasi yili barcha yosh toifasidagi terma jamoalarimizni nufuzli musobaqalar kutib turibdi. Jumladan, milliy terma jamoamiz 5 mart kuni BAA termasiga qarshi Toshkentda Osiyo kubogi-2015 saralashi guruh bosqichi doirasidagi so'nggi uchrashuvni o'tkazadi. Bo'lajak o'yin natijasidan qatiy nazar, biz guruhda 2-o'rinni egallab, final bosqichiga chiqib bo'lganmiz. SHundan so'ng milliy jamoamiz Avstraliyada o'tkaziladigan final bosqichiga tayyorgarlikni boshlaydi. Yoz faslida esa hech qanday o'yinimiz yo'q. Sentyabr, oktyabr va noyabr oylarida FIFA kunlaridan unumli foydalanib, o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazish niyatidamiz. Bu borada Evropa va Osiyoning ko'zga ko'ringan terma jamoalariga takliflarimizni jo'natganmiz. Ularning ayrimlaridan javoblar ham keldi. Buni murabbiylar shtabi bilan o'rganib chiqqanimizdan so'ng bir qarorga kelamiz. SHunisi aniqki, 1 mart kuni Toshkentda BAA termasiga qarshi kechadigan o'yin oldidan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazamiz. Bu borada muzokara olib borilgan va yakuniy qarorga kelingan. Qo'limizga rasmiy shartnoma tegishi bilan bu haqda rasman malumot beramiz.

Yangi mavsum uchun markazning rejalari tayyor. Biz ularni barcha yosh toifasidagi terma jamoa murabbiylariga taqdim etamiz. O'z o'rnida ular ham o'z takliflarini yozib, bizga berishadi.

1993 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamiz iyul oyi­da Osiyo chempionatining saralash bosqichida ishtirok etadi. Bu jamoamizning ham yillik ish rejasi tayyor. Unga ko'ra, har oyda bir marotaba o'quv-mashg'ulot yig'inlari, xorijda o'rtoqlik o'yinlari o'tkazish rejalashtirilgan. Jamoani bir nechta xalqaro turnirlarga taklif etishgan. Bu termaga SHuhrat Maqsudov bosh murabbiy etib tayinlandi. Unga o'zining murabbiylar shtabini shakllantirish bo'yicha topshiriq berdik. Aleksey Evstafeevning katta murabbiy bo'lishi aniq.

1998 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamizga esa Temur Olimxo'jaev ustozlik qilishda davom etadi. Ushbu mutaxassisning qo'l ostida o'smirlarimiz Osiyo chempionatining final bosqichiga yo'llanma olishgandi. Kelasi yilning kuzida endi qita chempionatining final bosqichida jahon chempionati yo'llanmalari uchun kurash olib borishadi. Olimxo'jaevning oldiga shu vazifa qo'yildi. Murabbiylar shtabini qayta ko'rib chiqish bo'yicha ham topshiriq berdik. Bu terma jamoamiz uchun ham yillik tayyorgarlik ish rejasini tuzib chiqdik. Xorijda o'quv-mash­g'ulot yig'inlari tashkil etish barobarida Toshkentda shu yoshdagi terma jamoalar uchun xalqaro mini-turnir o'tkazishni rejalashtirib qo'yganmiz. Hozir shu reja bo'yicha ish olib borilyapti.

1995 yilda tavallud topgan futbolchilardan tarkib topgan termamizda ham bosh murabbiy o'zgarmadi. Jamoani Osiyo chempionatining final bosqichiga olib chiqqan mutaxassis Aleksey Evstafeev bosh murabbiylikka qayta tasdiqlandi. Ushbu jamoa va uning ustozlari oldiga JCHga beriladigan yo'llanmalardan birini qo'lga kiritish vazifasi qo'yildi.

Futzal bo'yicha milliy terma jamoamizga esa Bahodir Ahmedov bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu jamoamiz may oyida Vetnamda o'tadigan Osiyo chempionatining final bosqichida ishtirok etadi. Tabiiyki, futzalchilarimiz zimmasiga ham mundial yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifasi yuklatildi.

- 2000 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoada ham Temur Olimxo'jaev ishlayotgandi. Bu mutaxassis ikkala jamoada ham o'z faoliyatini davom ettiradimi?
- Kelasi yili ushbu terma jamoamiz uchun hech qanday rasmiy musobaqa yo'q. SHunday bo'lsa-da, bu jamoani yanada shakllantirish maqsadida yaqinda respublika turnirini tashkil etdik. Unda 5ta mintaqaviy terma jamoalar hamda Toshkentning Spartak klubi ishtirok etdi. Musobaqani o'tkazishdan maqsad, aynan 2000 yildagi terma jamoa uchun munosib nomzodlarni saralab olish edi. Murabbiylar shtabi 100 nafardan ziyod bolalarni ko'rikdan o'tkazdi. Terma jamoaning asosi bor. SHu yoshdagi terma jamoamizni xalqaro turnirga taklif etishsa, bemalol jo'natish imkoniyatiga egamiz. Aytmoqchimanki, rasmiy musobaqa bo'lmasa-da, bu terma jamoani ham tayyorlab boramiz.

- 2014 yil hisobidan dastlabki rasmiy musobaqa bu - Ummonda 22 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasida o'tkaziladigan Osiyo chempionati. Ushbu qita birinchiligida qaysi jamoamiz ishtirok etadi?
- Ummonga 1993 yilda tavallud topgan futbolchilardan iborat terma jamoamiz boradi. Biz asosiy urg'uni shu yoshdagi yigitlarga qaratganmiz. Zero, milliy termamizga eng yaqin bazaviy jamoa ham aynan shu bo'ladi. SHuningdek, Ummonga boradigan tarkibdan mamlakatimizning 1991-1992 yillarda tug'ilgan va Bunyodkor, Lokomotiv, Paxtakor, Nasaf hamda Neftchi kabi klublarning eng istedodli futbolchilari ham joy olishadi. Kengaytirilgan ro'yxatda 50 nafarga yaqin futbolchi bor. Kelayotgan payshanba kuni ulardan 23 nafarini tasdiqlaymiz. Ungacha SHuhrat Maqsudov boshchiligidagi murabbiylar shtabi ana shu yakuniy ro'yxatni aniqlab olishlari kerak. Rejaga ko'ra, 5 yanvar kuni BAAga jo'nab ketiladi. U erda bir hafta mashg'ulot o'tkaziladi. Yig'in doirasida 2ta o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etiladi va 11 yanvar kuni Ummonga yo'l olinadi.

- Osiyo chempionati boshlanishiga bir oycha vaqt qolganidagina tayyorgarliklar boshlanyapti. Hali tarkib ham aniq emas. Bosh murabbiy ham endigina tasdiqlandi. SHundan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, bu jamoa oldiga Ummondagi turnirda aniq vazifa qo'yilmaydimi?
- Har qanday holatda ham ushbu terma jamoamiz Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Maqsad shunchaki borib-kelish bo'lganida, jamoani Ummonga jo'natmasdik. Bo'lajak qita birinchiligi 1993 yilda tug'ilgan futbolchilarimizga tajriba to'plash imkoniyatini beradi. Olimpiada - 2016 saralash musobaqasida shu yoshdagi futbolchilarimizning qatnashishlarini inobatga olsak, ularga kelasi yili ko'proq xalqaro o'yinlar kerak bo'ladi. Ummondagi chempionat tayyorgarlik bosqichidan biri bo'lib xizmat qiladi. O'ylaymanki, bu eksperimental tarkibimiz ham ishonchni oqlaydi.

- Ummondagi musobaqa sababli, MDH kubogi turniridan voz kechildimi?

- Ha, Osiyo chempionatiga asosan 1993 yilda tug'ilgan futbolchilarni jo'natayotganimiz uchun MDH kubogi turniridan voz kechishimizga to'g'ri keldi.

- Demak, MDH kubogini keraksiz musobaqa, deb topdinglar. Har holda tayyor turnir edi. Siz aytgan kengaytirilgan tarkibdagi 50 nafar futbolchining hammasi ham Ummonga bormaydi. Qolgan nomzod futbolchilardan ham bitta raqobatbardosh tarkib yig'ib, Sankt-Peterburgga jo'natish haqida o'ylab ko'rmadinglarmi?
- Piterdagi musobaqaning bizga kerak emasligi uchun emas, asosiy etiborni Ummonga qaratganimiz uchun undan voz kechishga to'g'ri keldi. Osiyo chempionati baribir rasmiy musobaqa. Siz aytgan variantni ham o'ylab ko'rdik. Lekin o'z manfaatimiz yo'lida klublarning tayyorgarligiga salbiy tasir o'tkazishimiz mumkin. SHundoq ham etakchi jamoalarimizning ilk xorij yig'inlari boshlanadigan paytda ularning ayrim futbolchilarini terma jamoaga jalb etdik.

- Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bizga bergan intervyusida Gonkong termasiga qarshi kechgan o'yindan so'ng istefo chiqish haqida takroriy ariza yozganini aytgandi. Demak, bu ariza ham qabul qilinmabdi-da?
- SHunday. Mirjalol Qosimovning o'zi terma jamoani 5 mart kuni BAA termasiga qarshi o'tkaziladigan o'yinga tayyorlaydi. SHuningdek, Osiyo kubogi-2015ga ham bosh jamoamizni o'zi olib boradi. O'FF prezidenti Mirabror Usmonov Qosimovga to'laligicha ishonch bildirdi.

- Terma jamoamizning JCH-2014 final bosqichiga chiqa olmaganida Terma jamoalar markazining ham aybi bo'ldi. Boisi, muhim rasmiy o'yinlar oldidan o'rtoqlik uchrashuvlari tashkil etib berilmadi. Yo'l qo'­yilgan xato va kamchiliklardan to'g'ri xulosa chiqargan holda, yangi mavsum uchun hozirdan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazish rejasini tuzib chiqdinglarmi? Iloji bo'lsa, raqib bo'lishi mumkin bo'lgan jamoalar to'g'risida aniq malumot bersangiz...
- Kelasi yilning 23 fevral kuni Evro-2016 saralash bosqichiga qura tashlanadi. SHu bois, biz o'yin o'tkazishni istagan aksariyat terma jamoalar o'sha quradan keyin muzokara boshlashni taklif qilishyapti. Umumiy hisobda 61ta davlat futbol federaciyalariga rasmiy takliflar jo'natganmiz. Ularning ayrimlaridan javob xatlari ham keldi. Masalan, Avstriya, SHotlandiya, Greciya kabi terma jamoalar o'rtoqlik bahslari o'z rejalariga to'g'ri kelmasligi bois, rad javobini berishdi. Osiyo jamoalariga kelsak, 6 oktyabr sanasida o'yin o'tkazishga Qatar termasi rozilik berdi. Ular uchrashuvni Doxada o'tkazish taklifini bildirib, rasmiy maktub jo'natishdi. SHuningdek, Xitoy terma jamoasi ham bizni o'rtoqlik bahsiga chorlayapti. Vengriya, Estoniya, Latviya kabi futbol federaciyalari esa qaror qabul qilish uchun vaqt so'rashgan. Ular ham qura natijasini kutishyapti. Biz milliy jamoamiz murabbiylar shtabi bilan o'tirib, rejalarni tasdiqlab olamiz. Tabiiyki, bosh murabbiyning ham o'z rejalari bor. Uni qoniqtiradigan jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkaziladi.

- Matbuotda Bolgariya terma jamoasi bilan sentyabr oyida o'rtoqlik o'yi­ni o'tkazilar ekan, degan malumot paydo bo'ldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin. Aslida Bolgariya FF bilan rasmiy muzokaralar olib borilganmidi?
- Bolgariya FFga ham boshqa davlatlarga bo'lgani kabi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazish bo'yicha maktub jo'natganmiz. Bolgariya tomoni shunchaki taklif olganini o'z saytiga qo'ygan. Boshqalar ham buni o'z matbuotlarida yoritishlari mumkin. Lekin rasmiy kelishuv bo'lmagani uchun qolgan federaciyalar biz kabi jim turishibdi. Misol uchun, Ukraina futbol federaciyasi 19-23 may kunlari Kievda o'tkaziladigan xalqaro turnirga 1993 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamizni taklif qildi. Rejaga ko'ra, Maqsudov jamoasi Ukrainaga borishi kerak. Faqat biz musobaqada qaysi terma jamoalar ishtirok etishini bilishimiz kerak. Agar mahalliy klublar o'ynaydigan bo'lsa, bizga bu turnirning keragi yo'q. Terma jamoalar qatnashsa, albatta bo'lajak olimpiyachilarimiz Kievga borishadi.

- Toshkentda ham mini-turnir tashkil etish rejasi bormi?
- Albatta. To'rtta terma jamoani Toshkentga taklif etib, turnir o'tkazish bizga topshiriq sifatida yuklatilgan. Ayni paytda shu masala bo'yicha ish olib boryapmiz. Milliy terma jamoa darajasida buning iloji yo'q. Lekin yoshlar va o'smirlar terma jamoalari uchun bunday musobaqa tashkil qilib beramiz. Buning uchun sharoit ham, Toshkentga boramiz, degan terma jamoalar ham bor.

- Ayollar terma jamoasida hech qanday o'zgarish bo'lmadimi?
- Biz hali ayollar futboli masalasida gaplashmadik. Bu alohida mavzu. Ochig'ini aytish kerak, ayollar terma jamoasi murabbiylarining ishlaridan umuman qoniqmadik. SHu bois, bu masala chuqur tahlil qilinganidan ke­yin, taxminan yanvar oyining o'rtalarida ayollar terma jamoasiga yangi bosh murabbiy va uning yordamchilarini tayinlaymiz. Bu borada Associaciyasining taklifini o'rganib chiqamiz.

- Terma jamoalar markazining 2013 yilgi faoliyatidan shu tashkilot rahbari sifatida ko'nglingiz to'ldimi?

- Asosiy vazifamiz JCH-2014 final bosqichiga yo'llanma olish edi. Afsuski, bu maqsad amalga oshmadi. Qanday holatda mundial yo'llanmasini boy berganligimiz barchaga ayon. Lekin umumiy olganda, markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlardan ko'nglim to'ldi. TJMning tashkil etilganiga ko'p vaqt bo'lgani yo'q. SHunday bo'lsa-da, o'smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz ko'p marotaba mundiallarda ishtirok etishdi. Har safar kamida guruh bosqichidan chiqildi. Nuraliev jamoasi futbolimiz tarixida ilk bor Osiyo chempioni bo'ldi. Terma jamoaga zaxira o'yinchilarini tayyorlash ham izga tushib boryapti. Lekin shu bilan birga kamchilik va xatolarimiz ham bor. Bundan ko'z yumayotganimiz yo'q va tegishli xulosalar chiqaryapmiz. Birinchi navbatda o'rtoqlik o'yinlarining sifatiga etibor qaratmoqchimiz. Selekciya jarayonini kuchaytirish, murabbiylarni malakalarini oshirish uchun xorijga jo'natish kabi rejalarni 2014 yilda qilinishi kerak bo'lgan ustuvor vazifalar sifatida belgilab olganmiz. Bundan tashqari, moddiy-texnik bazani yanada kuchaytirishga, futboli oqsayotgan Qoraqalpog'iston Respublikasi, shuningdek, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo viloyatlariga yordam berishga ham etibor qaratamiz. Selekciya bo'limimiz tomonidan yil bo'yi amalga oshirilgan ishlarni ham qoniqarli, deb bo'lmaydi. Yangi yilda mintaqalardagi koordinatorlar ishini qayta ko'rib chiqamiz. Ish uslubiga yangiliklar kiritiladi.

- Joriy yil mobaynida, ayniqsa, milliy terma jamoamiz jahon chempionati final bosqichiga chiqa olmaganidan keyin siz rahbarlik qilayotgan Terma jamoalar markaziga jurnalistlar va muxlislar tomonidan jiddiy etirozlar bo'ldi. Bunga etibor qaratib, o'zingiz uchun bazi kerakli fikrlarni oldingizmi?
- Haqiqatan ham, joriy yil davomida TJM manziliga ko'plab tanqidiy fikrlar bildirildi. Siz aytgandek, asosga ega bo'lganlarini to'g'ri qabul qildik va o'zimiz uchun kerakli xulosalarni chiqardik. Lekin hamma etirozlar ham o'rinli bo'ldi, degan fikrdan yiroqman. Taniqli adabiyotshunos Ozod SHarofutdinov Tanqid bog'iga arra yoki bolta bilan emas, tokqaychi bilan kirish kerak, derdilar. O'ylashimcha, bu so'z barchamizga tegishli.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика