Artur Gevorkyan: “Muhim o'yinlar oldinda”
09 sen 2013 15:05
Yangiliklar
Artur Gevorkyan: “Muhim o'yinlar oldinda”
Ketma-ket chempionatdagi sakkizta g'alabadan keyin viloyatimiz bosh jamoasi Toshkentning Bunyodkor jamoasi bilan bir xil ochko to'plab, ikkinchi- uchinchi o'rinlarda bormoqda. Quvonarli tomoni shundaki, futbolchilarimiz ko'p hollarda tezkor, zamonaviy o'yin namoyish etib, o'z muxlislariga ko'pgina gollar hadya etishmoqda. Ko'tarinki ruh, oilaviy muhit, haqiqiy raqobatchilik jamoada hukm surmoqda. Bu esa futbolchilarning muxlislarning ishonchini oqlashga, eng avvalo o'ziga bo'lgan ishonchini oshirmoqda, futbol maydonlarida haqiqiy jonkuyar sifatida harakat qilishga undamoqda. Artur Gevorkyan, Azamat Allaniyazov, Ilhom SHomurodov, Zohid Abdullaev, Erkin Boydullaev kabi o'yinchilarda yaxshigina to'purarlik qobiliyati borligi ko'rinib qoldi. Mutaxassislarnin takidlashicha, bunaqasi hali jamoada bo'lmagan. SHu va boshqa mavzular haqida – jamoaning sardori Artur Gevorkyan bilan suhbatlashdik.
- Artur, o'tgan mavsumdan keyin jamoani ko'pgina legionerlar tark etgach, Nasafda xorijiy sportchilardan faqat Siz qoldingiz. Perepletkins, Boshkovich, Petrovichlar ketgandan so'ng yakkalanib qolmadingizmi?
-Aslo. Siz aytib o'tgan legionerlar jamoada o'zini begona his etmasdi. Nasafda sog'lom muhit hukm surishga rahbariyat juda katta etibor berganligi tufayli hamma bir biri bilan do'stona munosobatda edi. Buni Perepletkins xam, Boshkovich ham hozir-da tasdiqlashlari mumkin. Menga kelsak, o'zbek futboli men uchun begona emas. Turkmaniston va O'zbekiston – qo'shni davlatlar, odamlari bir-biriga o'xshash.Urf-odatlari ham deyarli bir xil. Bundan tashqari, qariyb sakkiz yildirki, O'zbekiston chempionatida ishtirok etayapman. Misol uchun, Turkmanistonda bor yo'g'i ikki yil to'p surganman. Keyinchalik Qozog'istonning Esil – Bogatir jamoasida qisqa muddat o'ynaganman. U erda o'sha vaqtda, yani 2006 yilda Rustam SHaymardonov va Zayniddin Tojievlar bilan birga o'ynardik.
- Futbolga yoshlikdan mehr qo'yib kelganmisiz?
- Futbolga kelishimga akam David sababchi bo'lgan. Aslida 6-7 yoshimda gimnastika bilan shug'ullanib turganman, shu sport turi sekciyasiga qatnaganman. Lekin har bir mashg'ulotdan keyin bolalar bilan to'p tepardik. Bazida o'yinlarimiz juda uzoqqa cho'zilib ketardi. Futbolga bo'lgan ishtiyoqimni sezib, akam meni futbol sekciyasiga etaklab bordi. O'shanda sakkiz yoshda edim. O'yinim murabbiylarga yoqdi, shekilli, meni Nissa jamoasining tayyorlov guruhiga taklif etishdi. Xullas, men shu klub tarbiyalanuvchisiman. Bu erda o'n sakkiz yoshgacha to'p surganman, keyinchalik esa Krasnovodsk, hozirgi Turkmanobod jamoasida ikki yil o'ynaganman. To'g'risini aytsam, chempionat saviyasi endigina o'sib boraetgandi, shuning uchun murabbiylar boshqa chempionatlarda o'ynashni maslahat berishdi. Birinchi xorijiy klub, aytib o'tganimdek, Qozog'istonning Esil jamoasi bo'ldi.
-O'zbekistonga, xususan,SHo'rtanga qanday kelib qolgansiz?
- Bunga taniqli murabbiy Said Seidov sababchi bo'lgan. U kishi Turkmanistonda taniqli murabbiy, mamlakat terma jamoasida ham, Nissada ham menga ustozlik qilgan. Said Seidov 2006 yilda G'uzorda ishlagan edi va meni shu erga taklif etdi. Bu taklifni rad etolmadim. Bundan tashqari, Petropavlovskdagi ob-havo menga biroz noqulay bo'ldi: sovuq va juda ko'p yog'ingarchilik tuzukroqo'ynashga imkon bermasdi. SHo'rtanda to'rt yil o'ynaganimdan keyin, meni Paxtakorga taklif etishdi. Bu jamoada ham asosiy tarkibda maydonga tushardim, klub rahbariyati yangi shartnoma taklif etayotgan chog'ida Anatoliy Demyanenkodan taklif tushdi. Ikkilanmay Qarshiga yo'l oldim. Mana, uch yildan beri Nasafda to'p surayapman. Bu jamoaga, Qarshi shahriga ko'nikib qoldim. Muxlislar ko'chada ko'rib, doimo salomlashishadi, o'z istaklarini bildirishadi, dastxat olishga intilishadi. Bu – mehr belgisidir. To'g'risini aytsam, bunday samimiy munosabatlarni kutmagandim. Bu albatta, meni va oila azolarimni quvontiradigan holat.
-Oila azolaringiz haqida gapirib bersangiz.
- Uylanganman, ikki nafar farzandim bor. Rafiqam Margarita hozircha Ashxabodda yashayapti, futbolning ashaddiy ishqibozi. Nasafga muxlislik qilishi tabiiy. To'ng'ich o'g'lim Aram 5 yoshda, ikkinchisi Mikael endigina uchga kirgan. Yaqin kunlarda ular ham Qarshiga kelishmoqchi. Klub rahbariyati ajratib bergan xonadonda yashamoqchimiz.
- Farzandlaringizning ham futbolchi bo'lishini istarmidingiz?
- Futbol – bu bir tomondan istedod bo'lsa, ikkinchi tomondan og'ir mehnat. Har kim ham bunga bardosh bera olmaydi. Farzandlarimga kelsak, albatta, ota sifatida ularning ham mohir futbolchi bo'lib etishib chiqishlarini orzu qilaman. Lekin, etuk futbolchi bo'lish har kimga ham nasib etavermaydi. Aram va Mikaellar hali yosh, ularning qaysi sport turini tanlashlarini hozircha bilmayman.Lekin, albatta, biror bir sport turi bilan shug'ullanishlarini bilaman- futbolmi yoki gimnastika, voleybol yoxud engil atletika. Xullas, ko'ngillariga yoqqan turi bilan shug'ullanishlari mumkin. Bu masalada oldindan biror narsa deyish qiyin.
- Artur, jamoada sardorlik qilish Sizga yuklatilgan. Bu vazifa og'irlik qilmayaptimi?
- Bu jamoaning va bosh murabbiyning qarori. Hozir sardorlik menga yuklatilgan ekan, bu vazifani sidqidildan bajarishga harakat qilayapman. Sardor – boshqalar uchun o'rnak bo'la olishi kerak. Lekin doimo yuksak saviyada o'ynash qiyin- oldingilarga nisbatan mashg'ulotlarda ham, o'yin mobaynida ko'proqharakatlanish, eng avvalo o'ylab harakatlanish lozim bo'layapti. Qiyin bo'lsa ham jamoadoshlarimning ishonchini oqlashga qo'limdan kelguncha harakat qilayapman. Qay tarzda bajarayapman, bajara olayapmanmi –yo'qmi, bu – muxlislarga havola. Hozircha etirozlar yo'q, shekilli. Agarda jamoa ishonchini oqlamaydigan bo'lsam, darhol sardorlik vazifasini topshirishga tayyorman.
- Siz ilgari Turkmaniston terma jamoasiga tez-tez chaqirtirilib turardingiz. Oxirgi paytlarda qo'shni davlatning termasida ko'rmayapmiz?
- CHaqiruvlar hozir ham kelmoqda. Lekin ming afsus, vatanim terma jamoasi hozircha ikkinchi- uchinchi darajali turnirlarda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, FIFA tomonidan belgilangan rasmiy kunlarda emas, balki ko'p davlatlarda, shu jumladan O'zbekistonda chempionat qizg'in davom etayotgan paytlarga chaqiruv to'g'ri kelmoqda. Terma jamoada uchinchi darajali o'yinda ishtirok etishdan Nasaf tarkibida chempionatning muhim uchrashuvlarida qatnashishni afzal deb o'ylayman.
- Klubda kimlar bilan iliq munosabatdasiz, yaqin do'stlar orttirdingizmi?
- Klub rahbariyati shunday siyosat olib bormoqdaki, futbolchilar hammasi – bir oila farzandlaridek. Hamma bilan birdek munosabatda bo'lishga intilaman. Yoshlar ko'pincha Artur aka deb murojaat etishadi, tengdoshlarim esa, qisqacha qilib Ara deb chaqirishadi. Hatto muxlislar ham ko'chada menga shunday murojaat etishadi. Men bundan aslo xafa emasman.
-Sizga boshqa klublar, shu jumladan, xorijiy klublardan takliflar tushsa, jamoani tark etarmidingiz?
- Takliflar yuq emas, ammo men bugun Nasaf azosiman. SHartnomam 2014 yil oxirida tugaydi. Nasafda meni hamma narsa qoniqtiradi. SHuning uchun barcha takliflarni rad etganman. Rossiya, Ukraina, Kozog'istonning o'rtamiyona jamoasida o'ynagandan ko'ra, yuksak maqsadlarni ko'zlayotgan Nasafda to'p surganim afzal emasmi?
- Ilgari Gevorkyan bazi jarima to'plarini qoyilmaqom qilib ijro etardi, lekin hozir negadir bunday zarbalarni ko'rmayapmiz.
- To'g'ri aytasiz. Ilgari penaltilarni ham, 20-25 metrlik masofadagi jarima to'plarini ham ijro etardim. Lekin jamoada biror o'yinchi mendan yaxshiroq ijro etayotgan bo'lsa mening zarba berishim shartmas. Masalan, avvalari SHuhrat Mirxoldirshoev zarbalarni ijro etardi. Hozir esa Alisher Yusupov yoki Erkin Boydullaevlar yaxshigina zarbalarga egadirlar. SHunday ekan, mening ishtirokim shart emas. Lekin doimo mashqqilib bormoqdaman.
-Oxirgi savol Sizning sardorlik vazifangiz bilan bog'lik. Bir vaqtlar Nasafda o'ynagan taniqli futbolchi – avtohalokat tufayli to'shakka mixlanib qolgan Kamoliddin Kenjaevdan xol-axvol so'rab turibsizlarmi?
-SHaxsan menga bu yigit bilan bir jamoada o'ynash nasib etmadi. Lekin klub rahbariyati, bosh murabbiyimiz, Botir Qoraev, Hamza Karimov va boshqalar doimo Kenjaev bilan aloqada bo'lib turishadi. Kamoliddin hozir ham klubimiz azosi sanaladi. Sardor sifatida bu kabi masalalarga, albatta, etibor berishimiz lozim.
-Nasaf to'qqiz o'yindan beri g'alaba qozonib kelmoqda. SHuning uchun ham jamoa peshqadamlar qatorida. Bu yil jamoa chempionat g'olibligi va O'zbekiston Kubogi uchun kurash olib boradimi?
-Albatta, yigitlarimiz g'alabaga chanqoq. Har bir o'yinda g'alaba uchun intilishadi. Agarda qolgan o'yinlarni ko'tarinki ruhda o'tkazib, g'alabalarga erishsak, maqsadga muvofiq bo'lardi. Lekin oldinda jiddiy o'yinlar juda ko'p. SHuning uchun hozir biror narsa deyish qiyin. Ishonch bilan bir narsani aytaman: jamoamiz eng yuksak maqsadlar uchun kurashadi.
Azam ALIQULOV yozib oldi.
Fikrlar