APL. 24-tur. London derbisiga bag'ishlangan prevyu
04 fev 2017 12:27
Yangiliklar
APL. 24-tur. London derbisiga bag'ishlangan prevyu
Turni markaziy o'yin ochib beradi. London derbisiga alohida prevyuni etiboringizga havola etamiz. Qolgan bellashuvlarga bag'ishlangan prevyuni keyinroq o'qishingiz mumkin.
APL, 24-tur
"CHelsi" – "Arsenal"
04.02.2017, 17:30
"Stemford Brij"
Bosh hakam: Martin Atkinson (Lids)
Londonning "Arsenal" - "Tottenxem" qarama-qarshiligidan keyingi ikkinchi katta to'qnashuvi hisoblangan "CHelsi" - "Arsenal" bahsi 24-turni bezab berishi tayin. Jamoalarning dastlabki davrada o'tgan uchrashuvida "kanonirlar" yirik hisobda g'alaba qozonishgan edi (3:0). O'shandan beri vaziyat ancha o'zgardi. "CHelsi" o'yin va natija jihatidan APLning eng stabil jamoasiga aylandi o'sha mag'lubiyatdan keyin. "Arsenal" esa yorqin g'alabalarsiz, shuningdek kutilmagan ochko yo'qotishlar bilan yo'lni bosib o'tmoqda.
"Aristokratlar" o'tgan tur "Enfild Roud"da "Liverpul" bilan durang o'ynagach (1:1), "Arsenal"da ularga yaqinlashib olish uchun ajoyib imkoniyat paydo bo'lgan edi. Ammo, "to'pchilar" kutilmaganda o'z maydonida "Uotford"ga yutqazib qo'yishdi (1:2). Demak, bugungi bahsga mezbonlar yaxshiroq kayfiyatda etib kelishdi.
Yo'qotishlar borasida "CHelsi"da muammo yo'q. "Arsenal"da esa jiddiy muammolar bor. Markazda o'ynovchi Kasorla va Remsida jarohat bor, Elneni esa Afrika kubogida ishtirokini davom ettirmoqda. Bunday holatda tayanch zonasini katta ehtimol bilan Koklen yopadi, markazning oldirog'ida esa CHemberlen harakat qilishi mumkin. Agar, Oksleyd o'ynay olmasa, unda Ivobi markazga o'tishi mumkin. SHuningdek, Jiruning asosiy tarkibda tushishi ham so'roq ostida. U kecha fitnes test topshirgan va test natijasiga qarab o'yinda ishtirok etishi malum bo'ladi.
Jamoalarning hozirgi holatidan kelib chiqadigan bo'lsak, "CHelsi" uchrashuv favoritiga aylanadi. Lekin, derbilarda hammasini jamoalarning o'yin kunidagi holati belgilab beradi.
Qiziq:
- Arsen Venger APL doirasida "Stemford Brij"dagi oxirgi to'rtta o'yinda imkoniyatni boy bergan. Vengerning hisobida bundan uzunroq mag'lubiyatli seriya faqat "Old Trafford"da qayd etilgan (ketma-ket 5ta mag'lubiyat);
- Ushbu jamoalarning "CHelsi" maydonida o'tgan oxirgi uchta o'yinida "kanonirlar"ning uchta futbolchisi maydondan chetlatilgan (Paulista, Kasorla, Gibbz);
- "Arsenal" bugun g'alaba qozonsa, 2003-2004 yilgi mag'lubiyatsiz mavsumidagi natijani takrorlagan bo'ladi. Yani, Venger shogirdlari o'sha mavsumdan beri "ko'klar"ni bir mavsumda ikki bor taslim etishmagan;
- "Kanonirlar" bu mavsum London derbilarida uchta g'alabani qo'lga kiritishgan (3 g'alaba, 1 durang, 0 mag'lubiyat) va 2016-2017 yilgi mavsumda poytaxt derbilarida yutqazmagan yagona klub bo'lib turishibdi;
- Teo Uolkott "Stemford Brij"da gol urgan oxirgi "kanonir" bo'lib turibdi. U 2013 yilning yanvarida "CHelsi"ga mehmonda gol urgan. O'shandan buyon "aristokratlar" o'z uylarida "to'pchilar"ni nolga o'ynab yutishmoqda;
- "CHelsi" Premer-ligada oxirgi sakkizta uy uchrashuvida g'alaba qozongan. Ularning bu boradagi eng uzun seriyasi 10ta o'yinga teng, o'sha seriya 2015 yil yanvarda tugagan.
Taxminiy tarkiblar:
"CHelsi": Tibo Kurtua, Sezar Aspilikueta, David Luiz, Garri Keyxill, Viktor Mozes, Markos Alonso, Nemanya Matich, Ngolo Kante, Pedro, Eden Azar, Diego Kosta.
"Arsenal": Petr CHex, Ektor Belerin, SHkodran Mustafi, Loran Koselni, Nacho Monreal, Koklen, Oksleyd-CHemberlen, Teo Uolkott, Mesut Ozil, Aleks Ivobi, Aleksis Sanches.
O'ynamaydi: Kasorla, Debyushi, Remsi, Elneni (hammasi "Arsenal")
So'roq ostida: Oksleyd-CHemberlen, Jiru (ikkisi "Arsenal")
Diskvalifikaciya: Granit Jaka ("Arsenal")
Murabbiylar fikrlari:
Antonio Konte ("CHelsi"): “Albatta 1-davradagi mag'lubiyatga ancha vaqt bo'ldi. Ammo buni doim esda tutish lozim: biz birinchi bo'limdayoq o'z darvozamizdan uchta to'p olib chiqishga ulgurgandik. SHu sabab bu mag'lubiyatni doim esimda saqlayman. O'ylaymanki, futbolchilarim ham buni unutishmagan.
Bizni “Arsenal”ga qarshi juda qiyin bellashuv kutib turibdi. Birinchi davradagi bahsni unutmagan holda aytishim mumkinki, o'tgan davr ichida ko'p narsalar o'zgardi. Endi biz bir jamoa sifatida harakatlanayapmiz. Ertaga biz o'z maydonimizda o'ynaymiz, muxlislar bizni qo'llab-quvvatlashadi. Yaxshi o'yin ko'rsatib, g'alaba qozonish niyatidamiz. Eng muhimi koncentraciyani saqlab qolishimiz lozim.
Futbolchilarga doim takrorlayman: siz har doim o'zingizga va o'z o'yiningizga baho bering, boshqalarnikiga emas”.
Arsen Venger ("Arsenal"): "Hozir bizda maydon markazi bilan bog'liq kichik muammo bor. Lekin, jamoada bu joyni yopa oladigan sifatli futbolchilar bor deb o'ylayman. Bular: Meytlend-Naylz va Oksleyd-CHemberlen, shuningdek Aleks Ivobi ham o'sha joyda o'ynay oladi. Birinchi davrada "CHelsi"ni mag'lub eta olishimizni isbotlagan edik, endi esa o'sha tempda o'ynashimiz kerak".
Premer-liga turnir jadvali >>> APL
Tolibjon Qosimov
Eplmanager.com saytida bugun yangi "3xPLUS League" sovrinli liga ishga tushadi. Jamoa tuzing va sovrinlarni yutib oling. Jamoa tuzishga o'tish
Fikrlar