Anvar G'ofurov: O'zaro tushunib harakat qilsak, maqsadga erishamiz
29 jan 2014 10:53
Yangiliklar
Anvar G'ofurov: O'zaro tushunib harakat qilsak, maqsadga erishamiz
Unda asosiy etibor futbolchilarning funkcional holatini yaxshilash, shuningdek jamoaning o'yin amaliyotini shakllantirishga qaratildi. Temiryo'lchilar BAAdan qaytib kelishgach biz jamoaning yangi azosi, mamlakatimizdagi eng tajribali himoyachilardan biri Anvar G'ofurov bilan qisqacha suhbat uyushtirdik.
-Anvar, suhbatimiz boshida biroz ortga nazar tashlasak. Siz Lokomotivning yangi futbolchilaridan birisiz. Sir bo'lmasa aytingchi, temiryo'lchilarning taklifini qabul qilishingizda qaysi omil muhim rol o'ynadi?
-Lokomotivga o'tishimga sabab – muhitni o'zgartirishga qaror qildim. O'zimni yangi qarashlarga ega jamoa va yangi murabbiylar qo'l ostida sinab ko'rishga bo'lgan hoxish kuchlilik qildi. SHu sababli Lokomotiv jamoasining taklifini qabul qildim.
-Yangi jamoangiz qanday taassurot qoldiryapti? Yigitlar bilan til topishishda qiynalmayapsizmi?
-Jamoa juda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Lokomotiv jamoasida yaxshi futbolchilar jamlanishgan. O'ylaymanki, maydonda bir-birimizni tushunib harakat qilsak, ko'zlagan maqsadlarimizga erishsak bo'ladi.
-Lokomotiv tarkibidagi qaysi futbolchilar bilan ilgari ham bir jamoa safida to'p surgansiz?
-Ko'pchiligi bilan. Masalan, avval o'ynagan jamoalarimda SHadrin va Nagaevlar bilan birga to'p surganmiz. SHuningdek, Navbahorda Dilshod Jabborov bilan o'ynaganman. Karpenko, Hasanov (katta), To'raev hamda Nesterovlarni aytmasam ham hamma yaxshi bilishadi. Ular bilan birgalikda ko'plab yutuqlarni qo'lga kiritganmiz va endi yangi jamoam bilan ham shunday zafarli onlarni davom ettiramiz, degan umiddaman.
-Faoliyatingiz davomida himoya chizig'ining barcha nuqtalarida o'ynashga ulgurdingiz. Avval o'ng qanotda to'p surdingiz, keyin markaz va so'nggi paytlarda chap qanotda ko'rinish beryapsiz. O'zingiz uchun himoyaning qaysi nuqtasida to'p surish qulay?
-Qaerda ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lsam, o'sha joyda o'ynash qulay. Tez-tez joyimni almashtirish menga ham qiyinchilik tug'diradi, chunki har bir chiziqning o'ziga xos jihatlari bor va ularni o'zlashtirish, unga moslashish uchun malum vaqt kerak.
-Lokomotivda murabbiylar sizni ko'proq himoya markazida sinab ko'rishmoqda. Xolbuki jamoaning markaziy himoyasida raqobat juda kuchli...
-Savolingizni tushundim. To'g'ri, Lokomotivning himoya chizig'ida ham raqobat juda yuqori. Ayniqsa himoya markazida To'xtaxo'jaev, Gogol,shuningdek yoshlar terma jamoasi azolari bo'lgan Yo'ldoshev va Raxmonovlar to'p surishadi. Ammo, kimning qaysi joyda o'ynashini jamoa murabbiylari hal qilishadi. Murabbiy ham o'ziga dushman emas, qaysi futbolchi qaysi ampluada yaxshiroq o'ynashiga qarab tarkib tanlaydi. Natija uchun eng avvalo murabbiy javob beradi. SHuning uchun murabbiylar qaysi joyni lozim topishsa, o'sha joyda butun vujudim bilan to'p surishga va jamoamga foyda keltirishga harakat qilaman.
-Anvar, faoliyatingiz davomida ko'plab murabbiylar bilan ishlashgansiz. Hozirda Lokomotivni boshqarayotgan Fuzaylovni sizga ustozlik qilgan murabbiylar orasida qanday o'ringa qo'yasiz?
-Bu savolingizga batafsil javob qaytarishimga biroz erta, deb o'ylayman. CHunki men jarohatim bois Lokomotivning dekabr oyidagi mashg'ulotlarida qatnasholmadim. Yanvar oyidagi mashg'ulotlarning ham dastlabki qismini davolanish bilan o'tkazib yubordim va BAAdagi yig'inga kelib jamoa bilan birga shug'ullana boshladim. Har bir murabbiyning futbolga nisbatan o'z qarashlari bo'ladi. O'tgan yillarda Bunyodkor safida Fuzaylov jamoasiga qarshi to'p surganmiz. Ana shu o'yinlardan xulosa qilib aytadigan bo'lsam, Hakim Qayumovich avvalo jamoaviy o'yinni birinchi o'ringa qo'yadi. SHu bilan birga Lokomotiv to'pni ko'proq nazorat qilish va birinchi raqamli jamoa sifatida to'p surishga intiladi. Agar Fuzaylov yomon mutaxassis bo'lganida jamoasi bilan 2-o'rinni qo'lga kiritmasdi nazarimda. SHuning o'zi temiryo'lchilar ustozi qanday saviyadagi mutaxassis ekanligini ko'rsatib turibdi.
-BAAda tashkil etilgan o'quv-mashg'ulotlar yig'ini qanday o'tdi?
-Yomon emas. Mashg'ulotlarda astoydil ishladik. Futbolchilarning shu kundagi jismoniy holati ancha yaxshi. Ushbu yig'in doirasida bir qator kuchli jamoalarga qarshi nazorat-sinov o'yinlarida ham maydonga tushdik. Raqiblarimiz jiddiy, o'z nufuziga ega klublar bo'lishdi. Ana shu o'yinlarda 3ta g'alabaga erishib, ikki o'yinda imkoniyatni boy berdik. Garchi, SHaxtyor hamda Xitoy jamoasiga imkoniyatni boy bergan bo'lsakda, o'yin bobida raqiblarimizga aslo yutqazmadik. Daniyaning Brondbyu klubi bilan o'yinimiz bekor qilindi. Bunga raqib jamoada ko'plab futbolchilarning o'sha paytda jarohat olishgani sabab bo'ldi va ularning o'rniga so'nggi pallada mahalliy jamoalardan biri bilan kuch sinashdik va bu o'yinda ham g'alaba qozondik.
-8 fevralda Lokomotiv Osiyo CHempionlar ligasi saralash bahslariga kirishadi. O'yinga to'liq tayyormisiz?
-Jismoniy holatimni hisobga olsak, oxirgi o'yinlar hali to'liq tayyor emasligim ko'zga tashlanib qoldi. Buni murabbiylar ham yaxshi bilishadi. Formaga kirib olishim uchun hali ishlashim kerak.
-Bo'lajak raqiblarimiz Quvayt SK va Al-SHorta klublari haqida malumotga egamisiz? Raqiblarimizning kuchini qanday baholaysiz?
-Bu jamoalar bilan ilgari umuman to'qnash kelmaganman.SHu bois ular haqida tasavvurga ega emasman. Ammo, shuni aytishim mumkin, Osiyo CHempionlar ligasida kuchsiz raqib bo'lmaydi. Bu musobaqa o'z nomi bilan aytib turibdi – CHempionlar ligasi. Unda har bir jamoa bor kuchini berib o'ynaydi. Lekin, biz o'z maydonimizda to'p suramiz va ana shu omil jamoamiz foydasiga xizmat qilishi mumkin.
-Anvar, samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Yangi mavsumda sizga omadlar tilaymiz.
Fikrlar