"Andijon": “DJ Piligrimm” va Javohir Zokirov xayriya uchrashuvi mehmonlari
12 noy 2013 15:03
Yangiliklar


"Andijon": “DJ Piligrimm” va Javohir Zokirov xayriya uchrashuvi mehmonlari
Avval xabar qilib o'tganimizdek, ertaga 13 noyabr kuni Andijon shahridagi “Sog'lom avlod” stadionida haqiqiy futbol bayrami bo'lib o'tadi.
Oliy ligaga chiqqani munosabati bilan “Andijon” jamoamiz xayriya-shou uchrashuvini tashkil etmoqda.
Xabar qilganimizdek, ertaga “Sog'lom avlod” stadionida “Andijon” va mamlakatimizning 5 karra chempioni “Bunyodkor” jamoalari o'rtasida xayriya-shou uchrashuvi bo'lib o'tadi. Uchrashuvni bayramona kayfiyatda o'tkazish maqsadida o'yindan oldin ishqibozlar uchun koncert tadbiri ham o'tkaziladi.
Xayriya uchrashuviga estradamiz yulduzlari tashrif buyuradi. SHu jumladan, nafaqat yurtimizda, balki Rossiyada ham taniqli bo'lgan “DJ Piligrimm” o'z qo'shiqlari bilan muxlislarni xushnud etadi. Ishqibozlar nafafat uning qo'shiqlaridan, balki futbol o'yinidan ham bahramand bo'lishadi. Boisi “DJ Piligrimm” shu kuni “Andijon” – “Bunyodkor” uchrashuvida maydonga chiqib futbol o'ynashni rejalashtirmoqda.
Uni qaysi jamoada to'p surishi hozircha sir bo'lib qolsin. Buni ertaga stadionga kelganingizda ko'rasiz. Bundan tashqari taniqli aktyor va xonanda Javohir Zokirov ham xayriya uchrashuviga tashrif buyuradi. Bundan ko'rinib turibdiki, ertaga stadionga keladigan ishqibozlar aslo zerikishmaydi. Qolaversa, Andijonga mashhur qo'shiqchi Sevara Nazarxonning ham kelishi kutilgandi. Ammo xizmat safari tufayli Nazarxon ertangi tadbirda ishtirok eta olmaydi.
Etiborlisi, Servar Nazarxon futbolni yaxshi ko'rishini va “Andijon” jamoasiga befarq emasligini aytib o'tgan. SHu o'rinda aytib o'tmoqchimizki, estrada yulduzlari Jahongir Poziljonov (“Bojalar”) hamda aktyor Alisher Uzoqov xayriya uchrashuviga ayrim sabablar tufayli kela olishmasa-da, “Andijon” jamoasini oliy ligaga chiqqani bilan qizg'in tabriklashdi. SHuningdek, taniqli insonlar tomonidan jamoamiz nomiga ko'plab tabriklar keldi.
Milliy terma jamoamiz va “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov kecha “Futbol sharhi” ko'rsatuvida “Andijon” jamoasi tomonidan uyushtirilayotgan xayriya uchrashuviga ham to'xtalib bu haqda iliq fikrlar bildirdi. SHuningdek, Qosimov hastalikka chalingan Dmitriy Kraevga sog'lig' tiladi. Qolaversa, murabbiy Andijonda o'tkaziladigan xayriya uchrashuvida qatnishishni xohlaganini, ammo terma jamoa bilan Vetnamga ketishi tufayli bora olmasligi afsus bilan aytib o'tdi.
SHu jumladan ertaga xayriya uchrashuviga “Sport” telekanali hodimi, “Futbol sharhi” ko'rsatuvining muallifi Zafar Imomxo'jaev ham tashrif buyurib reportaj tayyorlaydi.
Eslatib o'tamiz, ertaga xayriya-shou uchrashuvi “Sog'lom avlod” stadionida soat 12:00da boshlanadi. “Andijon” – “Bunyodkor” uchrashuvidan oldin “Andijon” faxriylar jamoasi va “Andijanka” qizlar jamoasi o'rtasida o'rtoqlik o'yini ham bo'lib o'tadi. “Andijon” va “Bunyodkor” jamoalari o'rtasidagi uchrashuv soat 14:00da boshlanadi.
Ushbu xayriya uchrashuvidan tushgan pullar jamoamiz hujumchisi Dmitriy Kraevning davolanishi uchun uning hisob raqamiga o'tkaziladi. Yana bir bor muxlislarni ertaga “Sog'lom avlod” stadioniga chorlaymiz.

Fikrlar