“Andijon” yangi futbolchilarni tibbiy ko'rikdan o'tkazdi

Narzulla Saydullayev
5 yanv 2019, 15:35
Bo'lajak mavsumga har qachongidanda yuqori kayfiyatda tayyorgarlik ko'rayotgan “Andijon” jamoasi ayni damda yig'inni o'z qarorgohida olib bormoqda.

Mashg'ulotlar Viktor Jalilov boshchiligida o'tkazilmoqda. Rejaga ko'ra, bugun futbolchilar tibbiy ko'rikdan o'tdi. E'tiborlisi ularning orasida yangilar ham bor. Xususan, so'nggi ikki yilni Malayziya chempionatida o'tkazib qaytgan Bobur Akbarov yana jamoaga taklif etildi. Tajribali himoyachi klub rahbariyati bilan o'tkazgan muzokaradan so'ng joriy mavsumni “Andijon”da boshlashi  aniq bo'ldi.

Shuningdek so'nggi yillarni “Neftchi”da o'tkazib kelgan qanot yarim himoyachisi Abdurahmon Abdulhaqov hamda “Mashal” bilan xayrlashishga qaror qilgan yarim himoyachi Abdulloh Olimov “Andijon” jamoasi bilan kelishuvga erishdi. Ushbu futbolchilar PFL talabiga binoan bugun tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.

Tarkibni kuchaytirish maqsadida hozirda yana bir qator futbolchilar bilan muzokara o'tkazilmoqda. Yangi futbolchilar katta extimol bilan jamoaning Toshkentda boshlanadigan yig'iniga kelib qo'shiladi. Ma'lumot uchun “burgutlar”ning o'quv-yig'ini  8 yanvardan poytaxtga ko'chadi.

Turkiya yig'iniga qadar murabbiylar shtabi selekciya ishlarini yakunlab, tarkibni shakllantirib olishga xarakat qilmoqda.    


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати