Aleksandru Onika: Kumush medali bizni qoniqtirmadi
20 noy 2013 15:00
Yangiliklar
Aleksandru Onika: Kumush medali bizni qoniqtirmadi
Ammo temiryo'lchilar bu yil faqat chempionlikni o'z oldiga maqsad qilib qo'yishgandi. Jamoa mavsumni yomon o'tkazgani yo'q. Lekin Hakim Fuzaylov shogirdlari yakunda “Bunyodkor”dan bir ochkoga ortda qolib ketishdi. SHunga qaramay, “Lokomotiv” o'sishda davom etyapti desak bo'ladi. CHunki temiryo'lchilar o'tgan yili 3-o'rinni olishgandi. Bu mavsumda esa jamoa bir pog'ona yuqoriga ko'tarildi. Ikkinchi davrada “Lokomotiv” safiga qo'shilgan moldaviyalik futbolchi Aleksandru Onika chempionatimizda o'zini ko'rsatishga harakat qildi. Mavsum yakunlangach moldaviyalik legioner bilan suhbatlashdik.
- Aleksandru, yurtimizda mavsum nihoyasiga etdi. “Lokomotiv” bilan qayd etgan natijangizdan ko'nglingiz to'ldimi?
- Yo'q, kumush medallari bizni qoniqtirmadi. CHunki chempion bo'lishni xohlagandik. Ammo “Bunyodkor”dan bir ochkoga ortda qolib ketganimiz alam qilyapti. Agar ikkinchi davrada mag'lubiyatga uchragan uchta uchrashuvdan bittasini yutganimizda 1-o'rin bizniki bo'lardi. Afsuski, chempionlikni “Bunyodkor”ga “sovg'a” qilib yubordik.
- SHunga qaramay, chempion bo'lish uchun oxirigacha harakat qildinglar. To'g'rimi?
- Ha, biz hamisha maydonga g'alaba qozonish uchun tushamiz. Maydonda ham oxirigacha kurash olib boramiz. Bu yil bizda chempionlik ishtiyoqi baland edi. Hamma o'yinlarda buni ko'rsatishga harakat qildik.
- So'nggi turda “Bunyodkor”ni Jizzaxda ochko yo'qotishini kutganmidingiz yoki bo'ldi ular chempion deb o'ylaganmidingiz?
- “Bunyodkor”ni oxirgi o'yinda ochko yo'qotishiga umid qilgandik. Boz ustiga undan avvalgi turda ular Qarshida mag'lubiyatga uchrashgandi. Ruhiy tushkunlik Jizzaxda ham jamoaga tasir qilishini o'ylagandik. “Bunyodkor” hech bo'lmaganda durang o'ynab biz chempion bo'lishimizga ishongandim. Biroq o'ylaganlarimiz amalga oshmadi. Umid qilamizki, kelasi yili albatta 1-o'rinni qo'lga kiritamiz.
- “Lokomotiv”ga chempion bo'lishi uchun nima etishmadi deb o'ylaysiz?
- Bunga aynan nima halaqit berganini aniq aytishim qiyin. Ko'proq omad etishmadi deyishim mumkin. CHunki yutishimiz kerak bo'lgan ayrim uchrashuvlarda imkoniyatni boy berib qo'ydik. Qolaversa, Navoiy va Samarqandda mag'lubiyatga uchrashimiz bizga qimmatga tushgandi. Ana shu o'yinlarda qo'shimcha daqiqalarda darvozamizdan to'p o'tkazib yuborgandik. Agar omad biz tarafda bo'lganda 90+5-daqiqada darvozamizdan to'p olib chiqmasdik. SHunga qaramay, jamoamizda o'sish bor deya olaman. O'tgan yili “Lokomotiv” 3-o'rinni olgandi. Bu mavsumda esa kumush medali sohibi bo'ldik. Nasib qilsa, kelasi yili chempionlikni nishonlaymiz.
- O'zbekistondagi debyut mavsumingizda sovrindor bo'ldingiz. SHu bois “Loko”dagi faoliyatim yaxshi o'tdi deb hisoblaysizmi?
- Ha, yurtingizdagi debyut mavsumim yomon o'tgani yo'q baholashim mumkin. Birinchi yildayoq kumush medalni qo'lga kiritish yaxshi albatta. Agar chempion bo'lganimizda yanada yaxshi bo'lardi.
- Yurtimizda yarim yil to'p surdingiz. CHempionatimiz sizga maqul keldimi?
- CHempionatingiz saviyasi chakki emas. Qolaversa, bu erda yaxshi saviyadagi futbolchilar ham bor. Umuman olganda, O'zbekiston chempionati saviyasi ko'tarilishda.
- Qaysi uchrashuv siz uchun eng yaxshisi bo'ldi?
- O'yinimga o'zim baho bera olmayman. Buni muxlislar aytishsa yaxshi bo'lardi. Yaxshi o'yinlarim ham yomoni ham bo'ldi. Har bir futbolchida shunday bo'lishi tabiiy hol. Umumiy olab aytganda, faoliyatim qoniqarli o'tdi deyishim mumkin.
- Temiryo'lchilar safiga yozda qo'shilganingizda mavsum oxirigacha shartnoma tuzgandingiz. Kelasi yili ham shu jamoada o'ynamoqchimisiz?
- Ushbu haftada klub mutasaddilari bilan gaplashib keyingi taqdirimni hal qilaman. Agar rahbariyat qolishimni xohlashsa, faoliyatimni “Loko”da davom ettiraman. Barcha masala tez kunlarda hal bo'ladi. O'zimga qolsa jamoada qolib O'zbekistonda yana to'p surish niyatim bor. Bu erga ancha o'rganib qoldim. To'g'ri boshida moslashishga biroz qiynaldim. Hozir esa hammasi joyida. Qolaversa, yurtingizda o'ynash menga yoqyapti.
- Nima deb o'ylaysiz, rahbariyat Hakim Fuzaylovning ishidan qoniqish hosil qildimi?
- Bu haqda bir nima deya olmayman. Mening nazarimda murabbiylar yomon ishlashgani yo'q. Yangi mavsumda qanday o'zgarishlar qilinishi esa rahbariyatga bog'liq.
- Ilgari ko'plab klublarda to'p surgansiz. “Lokomotiv”ni ana shu jamoalar bilan solishtira olasizmi?
- Moldaviyada “SHerif” va “Dachiya” klublari sharafini himoya qilganman. “SHerif” Moldaviyaning eng yaxshi jamoasi sanaladi. “Dachiya” esa “Lokomotiv” bilan tenglasha olmaydi. Ukraina oliy ligasidagi jamoalarning saviyasi qanday ekanligini hamma yaxshi biladi. U erda chempionat saviyasi yuqori. O'zbekistonda esa chempionlik uchun kurasha oladigan 3-4ta jamoalar bor xolos. Qolgan klublar esa bir xil saviyada.
- “Lokomotiv”dagi sharoitlarni “SHerif” bilan taqqoslaganda nima deysiz?
- “SHerif” nafaqat Moldaviyada, balki Evropada ham yaxshi sharoitlarga ega bo'lgan klubdir. Bu jamoaning bazasi va stadioni ham alo darajada. “Lokomotiv”da ham hammasi yaxshi. Jamoaga yaxshi baza qurilgan, stadioni ham yomon emas. “Loko”da hamma sharoitlar endi-endi yaxshi yo'lga qo'yilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, “Lokomotiv”ning kelajagi porloq.
- Balki vataningizda sizni o'z safida ko'rmoqchi bo'lgan jamoalar bordir. Takliflar bo'lmayaptimi?
- To'g'risi, Moldaviyaga qaytish niyatim yo'q. Yurtimdan tashqarida to'p surishni xohlayman va bu borada “Lokomotiv” yaxshi variant. Lekin albatta qachondir baribir Moldaviyaga qaytaman.
Boburbek TURSUNOV suhbatlashdi.
Fikrlar