Aleksandr Volkov: “Di Matteo deb chaqirishlari yoqimli, lekin...”
19 may 2014 10:32
Yangiliklar
Aleksandr Volkov: “Di Matteo deb chaqirishlari yoqimli, lekin...”
FUTBOLDAGI ILK QADAMLAR
- Barcha bolalar singari futbol o'ynashni mahalladan boshlaganman. Etti yoshimda “Paxtakor” jamoasida to'p tepishni o'z oldimga maqsad qilib qo'ygandim va vaqt o'tishi bilan bu orzu ro'yobga chiqdi. O'zim Qirg'izistonning Jalolobod shahrida tug'ilganman. O'sha paytda bizda futbol maktabi bo'lmaganligi uchun millionlar o'yini bilan shug'ullanish juda qiyin kechgan. SHu bois, dadamga meni Toshkentga olib boring, deb holi joniga qo'ymaganman. Lekin Toshkentga emas, Kievdagi futbol maktab internatiga joylashtirgandilar. SHunday bo'lsada, ko'nglimda baribir Toshkentga qaytish va shonli “Paxtakor” libosini kiyish bo'lgan. Kievdagi futbol maktabida o'qib yurgan kezlarim, aniqrog'i 1978 yili meni Ukraina o'smirlar terma jamoasiga taklif qilishadi. Ikki yil terma jamoada o'ynagach, Boris Ignatev sobiq ittifoq o'smirlar terma jamoasiga chaqiradi. Orada Kievning “Dinamo”si o'z safiga chorlab, shartnoma imzolashga undadi. Ammo bolalikdagi orzuim bunga yo'l qo'ymagandi. 1980 yili Moskvada ittifoq terma jamoasining navbatdagi yig'ini o'tkazilayotgan paytda CSKA va “Torpedo” klublaridan jiddiy takliflar bo'ldi. Ignatevning maslahati bilan “Torpedo”ni tanladim va ikki yil davomida Moskva “avtozavodchilar”i sharafini himoya qildim. SHu ikki mavsum mobaynida ham “Paxtakor”dan chorlov bo'lishini kutib yashadim. Nihoyat, Moskvadagi o'yinlarning birida “Paxtakor”ga chaqirishadi. Hech ikkilanmasdan bu taklifni qabul qildim va 1982 yildan bolaligimdan orzu qilgan jamoa sharafini himoya qila boshladim. “Torpedo” ustozi Ivanov “bu erga kelishni hamma orzu qiladi, sen esa shunday imkoniyatni qo'ldan boy berib ketyapsan, deb rosa koyigandi. Ammo qalbimdagi orzu kuchlilik qilgan. O'sha paytda “Paxtakor”ni tajribali mutaxassis Ishtvan Sekech boshqarardi. Jamoa tarkibida Yakubik, Bondarenko, Petrushin, Kabaev, Jilkin, Yanovskiy, Amriev, Denisov kabi ancha nomdor futbolchilar o'ynashardi. Tarkibdagi yosh futbolchi bo'lganim uchun tajribali xisoblangan Bondarenko, Petrushin, Bondarenko singari futbolchilar qo'llab-quvvatlashdi, yaqindan yordam berishdi. O'sha 1982 yili “Paxtakor” o'z tarixida ikkinchi bor sobiq ittifoq chempionatida 6-o'rinni egallaydi. Mavsumni chinakamiga ko'tarinki kayfiyatda o'tkazgan edik. Ammo “Paxtakor-79” aviahalokatga uchraganidan keyingi ikki yil juda qiyin bo'lgan. Jamoada ruhiy tushkunlik holati hukmron bo'lgandi. O'sha shonli jamoaning yulduzlari sanalgan Mixail An va Vladimir Fyodorov mening kumirlarim bo'lishgan. Haligacha ularning mangu yotgan qabrlarini ziyorat qilib turaman. Anning aniq to'p oshirishlari, jarima zarbalarini qoyilmaqom tarzda bajarishi, Volodyaning to'purarlik mahorati meni lol qoldirardi. Ularga o'xshashni juda ham istardim. Bu futbolchilar xalqning qalbidan joy olganligi uchun halokatdan keyingi 2-3 yil juda og'ir o'tgan. O'sha shonli jamoaning yulduzlari sanalgan Mixail An va Vladimir Fyodorov mening kumirlarim bo'lishgan. Haligacha ularning mangu yotgan qabrlarini ziyorat qilib turaman. Anning aniq to'p oshirishlari, jarima zarbalarini qoyilmaqom tarzda bajarishi, Volodyaning to'purarlik mahorati meni lol qoldirardi. Ularga o'xshashni juda ham istardim. Kievdagi futbol internatida tahsil olgan yillarim darsdan qochib bo'lsada, “Paxtakor”ning “Dinamo” bilan o'yinini stadiondan tomosha qilardim. O'sha paytda Evropani titratgan Kievning “Dinamo”sini “Paxtakor” 5:0 hisobida mag'lub etganini xozir ham shirin xotiralar bilan yodga olaman.
Jamoaga kelgan yilim nisbatan vaziyat o'nglangan, tushkun kayfiyat tarqagan edi. Bir narsani alohida mamnuniyat bilan aytishim kerak, “Paxtakor” jamoasini butun ittifoqda yaxshi ko'rishar va hurmat qilishardi. SHu tariqa, 5 yil davomida jonajon jamoam libosida to'p tepdim. 1986 yili harbiy xizmatni o'tash maqsadida bir mavsum Zaporojecning “Metallurg” klubida o'ynashga majbur bo'ldim. Bir amallab bir yilni o'tkazdim va yana O'zbekistonga qaytdim. O'zimni Toshkentsiz tasavvur eta olmasdim. Faoliyatimning so'nggi yillarida “Traktor”, “Nurafshon”, “Kimyogar”, “Navro'z”, “Qizilqum” jamoalarida o'ynadim. Darvoqe, “Paxtakor”ga bo'lgan mehrim sabab, “o'zbek” degan laqabni orttirib olgandim. Hozir ham sevimli jamoamni so'rashsa, har doim “Paxtakor-79” deb javob beraman. Qalbim o'sha yigitlar bilan hamisha birga.
AVVALIGA HUJUMDA, KEYIN ESA HIMOYADA
- Yoshligimdan hujum chizig'ida o'ynaganman. “Torpedo”da ham, “Paxtakor”da ham sof hujum bo'lganman. Lekin Kievning “Dinamo”siga qarshi kechgan uchrashuvda qanot himoyachimiz jiddiy jarohat olib, safdan chiqadi. O'sha paytda zaxira o'rindig'ida faqat hujumkor futbolchilar jam bo'lgani uchun Sekech menga himoyada o'ynab ko'rishni tavsiya qiladi. O'zga yo'l ham yo'q edi. SHunda qanot himoyasida o'ynashga majbur bo'ldim. Aytish mumkinki, yangi ampluadagi debyutim muvaffaqiyatli chiqdi. O'yindan keyin Sekich “yangi qanot himoyachisini kashf qildik, degan edi. SHundan so'ng himoyaning barcha poziciyalarida o'ynab chiqdim. Sekechdan men o'zi qaysi chiziq vakiliman, deb so'raganimda ajoyib tarzda javob olgandim: asosiy tarkibdamisan, mendan yana nimani istaysan?
O'zimga qolsa, hujum chizig'i va qanot himoyasida o'ynaganim yaxshiroq edi. Qanotdan tezkorlik bilan hujumlarga qo'shilardim. Murabbiy ham shuni inobatga olib, qanot himoyasiga qo'yardi.
MURABBIYLARI...
- Kievda Valentin Gorbach degan murabbiydan futbolning boshlang'ich saboqlarini olganman. Katta futbolga etaklagan inson esa, rahmatli Valentin Ivanov bo'lgan. O'zi hujumchi bo'lgani uchun mendagi hujumchilik qobiliyatini seza olgan. Men bilan individual tarzda juda ko'p shug'ullanardi. Futbol psixologiyasini esa Ishtvan Sekechdan o'rganganman. U juda kuchli psixolog bo'lgan. Aynan shu zabardast mutaxassisdan umrbod minnatdorman. Lekin qaysi murabbiy qo'l ostida o'ynagan bo'lsam, ularning har biridan nimanidir o'zlashtirib olganman.
MURABBIYLIK FAOLIYATI
- 2002 yili murabbiylik faoliyatim boshlangan. O'sha yili “Andijon” jamoasida o'ynovchi murabbiy bo'lganman. 2003 yili 40 yoshga to'lganimda, futbolchilik faoliyatimga rasman yakun yasaganman. Tizzamdagi jarohat o'z tasirini o'tkazmaganida, balki yana bir-ikki yil futbol o'ynashim ham mumkin edi (kuladi). Lekin ikki stulda o'tirib bo'lmasligi sabab, 2003 yili futbol o'ynashni to'xtatdim. 2004 yili ilk bor barcha masuliyatni zimmamga olib, bosh murabbiy sifatida ishladim. Andijondagi uch yillik faoliyatimdan so'ng “SHaxrixon”, “Mashal”, “To'palang” klublarida murabbiylik qildim. 2007 yili Sariosiyo jamoasida ishlab yurgan kezlarim “Quruvchi” klubiga qarshi ajoyib o'yin bo'lib o'tgan. Qo'shimcha bo'limda toshkentliklar g'alabani tortib olishgandi. O'sha uchrashuvdan so'ng meni “Quruvchi” jamoasiga taklif qilishadi. Kelasi yili jamoa nomi “Bunyodkor”ga o'zgartiriladi. O'shandan beri shu jamoa murabbiylar shtabida ishlab kelayapman. To'g'ri, avvalgi klublarimda bosh murabbiy sifatida ishlardim. O'sha paytda bu tomondan yutqazgan bo'lishim mumkin. Lekin “Bunyodkor”ga o'tib, yillar davomida o'zim uchun katta tajriba oldim. Skolari, Ziko, Qosimov singari mutaxassislardan juda ko'p narsa o'rgandim. O'z oldiga yuksak maqsadlarni qo'ygan va soatma-soat taraqqiy etib borayotgan klubga o'tish, men uchun oldinga tashlangan qadam edi. Qolaversa, Toshkentda, oila azolarim yonida bo'lish ham muhim jihat bo'lgan.
Xorijlik murabbiylarni o'zimizning mutaxassislar bilan taqqoslamagan bo'lardim. Toshkentga shveycariyalik mutaxassis kelib, bizga murabbiylikdan saboq berganida ajoyib bir fikrni aytgandi: har bir oshpaz o'z bilganicha taom tayyorlaydi. Menga shu mavzuda savol berishganida, hamisha shveycariyalik murabbiyning so'zini javob tariqasida keltiraman. Yuz nafar murabbiy bo'lsa, ularning futbolga qarashi 100 xil bo'ladi. Bir-birini deyarli takrorlamaydi. Men ham murabbiylardan o'zim uchun maqul bo'lgan jihatlarini olganman.
QIYIN VAZIYATDA QABUL QILINGAN QAROR
- Agar men boshqa jamoadan kelib “Bunyodkor”ni qabul qilganimda, aniq ayta olamanki, juda qiyin bo'lardi. Baxtimga etti yil davomida shu jamoadaman. Mirjalol Qosimov demokrat murabbiylar sirasiga kiradi. Qanday ishga qo'l urishidan avval, albatta murabbiylar shtabi bilan maslahatlashardi. Biz yordamchilarining fikri bilan qiziqardi. To'g'ri, yakuniy qarorni o'zi qabul qilardi. Lekin barcha masalalarda biz ham bevosita ishtirok etardik. Bu narsani Mirjalol Qo'shoqovichning o'zi istardi. SHu bois, hozir jam bo'lgan jamoa tarkibining shakllanishida bevosita biz ham ishtirok etganmiz. Aynan shu narsa menga qo'l keldi. Keyin o'tgan yili Mirjalol Qosimov terma jamoa bilan ko'p vaqt birga bo'lganligi bois, “Bunyodkor”ni navbatdagi o'yinlarga tayyorlash masuliyati bizning zimmamizga tushardi. Murabbiylar shtabi bilan kelishgan holda ish yuritardik. Bir so'z bilan aytganda, bugungi o'zgarishlarga tayyor holda kelgandik. Hozirgacha o'sha anana qolgan. Hikmat Ergashev, Murod Otajonov, Yuriy Sarkisyan bilan birgalikda, hamjihatlikda ishni davom ettiryapmiz. Deyarli hech narsa o'zgarmagan. Mashg'ulotlar ham avvalgidek tarzda o'tkazilmoqda. O'zgartirish sabab ham, ehtiyoj ham yo'q. Yillar davomida qolipga solinib kelingan narsadan voz kechish, bu noto'g'ri qaror bo'lardi.
Ha, fikringizga qo'shilaman. Guruhda juda qiyin va ilojsiz vaziyat yuzaga kelib qolgandi. Bunga birinchi navbatda o'zimiz aybdormiz. O'zimiz uchun qiyin vaziyatni birovlar yuzaga keltirib bermadi. Ikki yil SHarq mintaqasida o'ynab, pley-off bosqichiga ortiqcha qiyinchiliksiz chiqishga odatlanib qolganimiz uchun yigitlar hotirjamlikka berilishgandi. G'arb mintaqasida o'ynagan yillarimiz ham hozirgidek qiyin vaziyatga tushib qolardik va qahramonlik ko'rsatib, guruhdan chiqish vazifasini bajarardik. Ammo, xozirgidek murakkab vaziyatga hali tushmagan edik. Bunga bir tomondan O'zbekistonda hali futbol mavsumi bilan boshlanmasidan OCHL bahslarida qatnashishimiz ham sabab bo'ldi. SHarq mintaqasidagi jamoalar esa biz bilan bir xil sharoitda bo'lganligi uchun ular bilan o'yinlar nisbatan engilroq kechgan. Avvalgi yillarda G'arb mintaqasida ko'rsatgan qahramonliklarimiz oxirigacha kurashishga turtki bo'ldi. Ochig'i, hech kimda 5-tur oldidan tushkun kayfiyat yo'q edi. Eronda “Al-Jaish” ikki to'p farqi bilan mag'lubiyatga uchradi, o'z o'rnida biz murakkab kechgan uchrashuv yakunida “Fotih”ni mag'lubiyatga uchratdik. To'plar nisbati bizning foydamizga xizmat qilgani sababli, Qatardagi uchrashuvda istalgan xisobdagi g'alaba bizni pley-offga olib chiqardi. Ana shunday qiyin vazifani so'nggi soniyalarda hal etib, muxlislarga quvonch ulasha olganimizdan xursandman.
Matbuotda meni Roberto Di Matteoga qiyoslashganini o'qidim. To'g'ri, bunday so'zlarni o'qish, kimdandir eshitish yoqimli, lekin uning darajasiga etish uchun hali ancha qovun pishig'i bor. Italiyalik mutaxassis “CHelsi”ni Evropa CHempionlar ligasi g'olibiga aylantirgan edi. Biz esa shunchaki, guruhdan chiqish vazifasini bajardik, xolos. SHunchaki, juda qiyin vaziyatdan chiqib ketganimiz uchun matbuotda biroz oshirib yuborishdi.
MEN QANDAY MURABBIYMAN?
- Murabbiylik o'quv kurslarida o'qib yurganimizda, ustozlarimiz murabbiylarni ikki toifaga bo'lishardi. Biri demokrat, ikkinchi Pinochet toifasidagi qattiqqo'l murabbiylar. Ular shu ikki toifaning o'rtasida yurish kerak, deyishardi. Demokrat, yani ochiq, yumshoq tabiatli murabbiy bo'lish yaxshi, ammo, bu zararga ham ishlagan vaziyatlarni ko'ryapmiz. Juda qattiqqo'l bo'lish ham yaxshi emas. Futbolchilarni bu xislat bilan bezdirib qo'yish mumkin. Qo'polroq misol keltiraman. Masalan, otni boshqarayotganingizda jilovini har zamonda tortib qo'yasiz. Agar shunday qilmasangiz, ravon yo'lingiz qolib, sizni jarga etaklishi turgan gap. Jilovni haddan ziyod tortib yuborsangiz ham bo'lmaydi, uzilib ketishi mumkin. SHu bois, hamma narsaning meyori yaxshi. Murabbiy birinchi navbatda psixolog bo'lmog'i lozim. Futbolchilar bilan inson sifatida gaplashish kerak. SHunda tasir kuchingiz yuqori bo'ladi.
AKADEMIYA O'Z MEVASINI BERA BOSHLADI
- “Bunyodkor” akademiyasi o'zining ilk mevasini bera boshlaganidan xursandman. Ashurmatov va Komilov o'tgan yili o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishdi. O'rinbosarlar tarkibida charxlanib, sayqal topgan yigitlarimizdan Sardor Sobirxo'jaev, Dilshod Jo'raev, Sardor Rashidov, Alibobo Rahmatullaev bugun asosiy tarkibda o'ynashyapti. Yarim himoya chizig'imizning deyarli barchasi o'zimizning tarbiyalanuvchilar. 1996-98 yillarda tug'ilgan guruhimizda ham bunday yosh istedodlar etarlicha topiladi. Faqat ular uchun vaqt kerak. Afsuski, hujum chizig'ida ozgina muammolar bor. Endi bu muammo o'zbek futbolida ham og'riqli nuqta bo'lib turibdi. Pishurni ko'p tanqid qilishyapti. Ha, nisbatan bu fikrlarga qo'shilaman. Gol deyarli urmayapti. Buni o'zi ham juda yaxshi tushunib turibdi. O'tgan yili chempionat to'purari bo'lgandi. Uning muhim gollari OCHLda as qotgandi. Bu yil esa biroz ishi yurishmayapti. SHunday bo'lsada, maydonda katta hajmdagi qora ishni bajaryapti. Mashg'ulotlarga ham hammadan oldin keladi. Alohida qolib, o'z ustida tinmay ishlamoqda. Raqibdan to'pni olib qo'yish, hujum tashkil qilishda faoliyat ishtirok etyapti. O'z jarima maydonchamizda standart vaziyatlar amalga oshirilayotganda ikkinchi qavatda ajoyib o'ynamoqda. Hujumchilarni to'p bilan taminlaydigan yarim himoyachilarga ham ko'p narsa bog'liq. O'tgan yili jamoamiz sharafini himoya qilgan Jasur Hasanov, Lutfulla To'raev, Marko Blajichning o'rni hozir juda ham bilinyapti. Pishurning o'tgan yili to'purar bo'lishida men sanab o'tgan yarim himoyachilarning roli katta bo'lgandi. Hozirgi yoshlarimizga vaqt kerak. Ularda barqarorlik etishmaydi. Bir o'yinda yaxshi o'ynasa, ikki uchrashuvda o'zini yo'qotib qo'yadi. Bu tabiiy holat. Keyin qolgan klublarimiz 7 ta rasmiy o'yin o'tkazishgan bo'lsa, biz OCHLdagi 7 ta uchrashuv va Superkubok bahsini qo'shib xisoblaganda, 15 ta o'yin o'tkazishga ulguribmiz. Yosh futbolchilar uchun bu katta hajmda bajarilgan ish sanaladi.
DAVRALAR ORALIG'IDA O'ZGARISHLAR BO'LADI
- Birinchi davradan so'ng tarkibda o'zgarishlar bo'ladi. Klub rahbariyati ham bunga qarshi emas. Ijaraga bergan futbolchilarimizni ortga qaytaramiz. SHukurali Po'latov ijara asosida “Navbahor”da o'ynayapti. Birinchi galda uni qaytarishni maqsad qilganmiz. Qolaversa, murabbiylar boshqa jamoalardagi o'yinchilarni kuzatib borishyapti. Yuriy Vazgenovich bu borada katta yordam beryapti. Tarkibni kuchaytirmasak, ikkinchi davrada qiynalib qolishimiz mumkin. CHunki, milliy chempionatimiz yildan-yilga kuchayib bormoqda. O'tgan yili ikkinchi davradan sovrinli o'rinlar uchun kurash keskinlashgan bo'lsa, bu yil mavsum boshidan shu narsaga guvoh bo'lyapmiz. Endigina 7 ta tur ortda qolgan bo'lsada, chempionatda kurash ayovsiz davom etyapti. Baxtiyor Ashurmatov Namanganda tuzgan jamoasi meni hayratda qoldirdi. Edgar Gess boshchiligidagi “Buxoro” kuchli o'yin namoyish etmoqda. “Olmaliq” har doimgidan ham kuchli ko'rinmoqda. SHkvirinning jamoasi har doim kuchli bo'lgan. Hech kimning ko'zi ilg'amagan futbolchilarni topib, shunday darajaga chiqarayotgan Igorga qoyil qolmay ilojim yo'q. Yaxshi legionerlarni jamlay olishdi. Tunislik futbolchi ilk o'yinlaridanoq o'zidan yaxshi taassurot qoldira boshladi. Agar shunday tempda kurash davom etsa, ikkinchi davrada nimalar bo'lishini tasavvur qilish qiyin emas. “Paxtakor” – “Lokomotiv” uchrashuvi menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Yaqin orada Toshkentdagi o'yinga shunchalik ko'p tomoshabin kelmagandi. Demak, muxlislar ham sekin astalik bilan bo'lsada, stadionlarga qaytishyapti.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar