So’nggi yangiliklar

14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  6 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  0 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  18 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0

Aleksandr Grigoryan: “O'zbekistonda futbolni nihoyatda qadrlashar va sevishar ekan” Yangiliklar

Aleksandr Grigoryan: “O'zbekistonda futbolni nihoyatda qadrlashar va sevishar ekan”

Xabaringiz bor rossiyalik mutaxassis Aleksandr Grigoryan davralar oralig'ida “Paxtakor” klubida maslahatchi murabbiy sifatida ish boshlagandi. Lekin uning bu erdagi faoliyati bor yo'g'i bir oy davom etdi xolos.

Albatta, ushbu mutaxassisning bu qadar ortiga tez qaytib ketishini hech kim kutmagandi. Boz ustiga “Paxtakor” ham chempionlik unvonini himoya qilishda Grigoryanning mahoratidan foydalanishni lozim topgandi. Ammo u Rossiya birinchi divizon vakili “Ska-Energiya” ustozligini qabul qilib oldi. Xullas Aleksandr Vitalevich Rossiyaga jo'nab ketgach, u bilan qanday bo'lmasin suhbatlashish g'oyasi bizga tinchlik bermayotgandi. Izlanishlarimiz natijasida uning telefon raqamini topdik va shu zahoti unga “sim” qoqdik.  


  • “Vodiy tomonlarda muxlislar o'zgacha ekan”

- Salom, mazur tutasiz, menga Aleksandr Vitalevich Grigoryan kerak edi.
- Siz izlayotgan inson menman. Nima ishingiz bor edi?

- Sizni O'zbekistondagi “Futbol Ekspress” gazetasidan bezovta qilyapmiz. Siz bilan suhbatlashishni rejalashtirib qo'ygandik.
- O, O'zbekistondan?! Mayli, savollaringizni bering!

- Sizning yurtimizdagi faoliyatingiz negadir qisqa bo'ldi. Avvalo “Paxtakor” klubiga qanday kelganingiz haqida gapirib bersangiz?
- Xm (o'ylanib). Ochig'i, bu savolga qandaydir javob aytgim kelmayapti. To'g'ri tushuning, “Paxtakor” klubiga meni taklif qilgan insonning nomini aytishni istamayman. Keyinchalik yana turli gap-so'zlar paydo bo'lmasin deyman-da. Nima bo'lganda ham Samvel Babayan O'zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganidan so'ng tabiiyki, parallel ravishda klubdagi ishini ham bir tekisda davom ettira olmasdi. SHu munosabat bilan bu klubga meni chaqirishdi. Bilasizmi, ushbu jamoadagi barcha xodimlardan tortib, murabbiylar shtabigacha barcha insonlar mahoratli mutaxassis ekanliklaridan rosa xursand bo'ldim. Misol uchun “Paxtakor”ga kelgan ilk kunimdan boshlab No'mon Hasanov bilan tezda til topishib, bir-birimizni yaxshi tushunib ketdik. CHunki Hasanov qobilyatli, izlanuvchan murabbiy ekan. Umuman olganda, mening ushbu jamoaga qanday qilib borganim muhim emas. Eng muhimi qisqa fursat ichida klubdan qoniqish hosil qildim.  

- Adashmasam, bu sizning O'zbekistonga birinchi tashrifingiz bo'ldi, to'g'rimi?
- Men faoliyatim davomida dunyoning ko'plab mamlakatlarida bo'lganman. Albatta, Osiyoda ham va yana boshqa qitalarda ham. Lekin Toshkentga birinchi bor keldim. Ha, aytgancha, men Amir Temur haqidagi ko'plab kitoblarni o'qib chiqqanman. SHu bois Toshkentga kelishim bilanoq dastavval oila-azolarim bilan birga Amir Temur hiyoboniga bordik.

- Bungacha yurtimizga kelmagan bo'lsangiz-da, futbolimiz haqida etarli tasavvurga ega edingizmi?
- Ha, albatta. Ko'pchilik qatori o'z vaqtida “Bunyodkor” klubi nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoga ovoza bo'lganini yaxshi eslayman. Rivoldo, Skolari va Zikoni misol sifatida keltira olaman. Lekin tan olish kerakki, bungacha o'zbek futbolini kuchsiz deganlar ham topilib turdi. Ammo men Toshkentga kelib yurtingiz futbolidan mamnun bo'ldim. Masalan, “Paxtakor” klubidagi sharoitni va uning akademiyasidagi istedodli bitiruvchilarning ko'pligini ko'rib lol qoldim. Davlatingiz futbolga juda katta etibor qaratyapti. Bu sizlarning yutug'ingiz. Ikkinchi davra arafasida O'zbekiston olimpiya terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazganimizda juda ko'plab iqtidorli o'yinchilarga ko'zim tushdi. CHin so'z bilan aytamanki, o'shanda biz olimpiya termasini qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratgandik. Meni yana bir hayratlantirgan jihatlardan biri shu bo'ldiki, O'zbekistonda futbolni nihoyatda qadrlashar va sevishar ekan. SHuningdek, muxlislarning ancha faolligini ko'rib ham hayron qoldim. U erda, vodiy tomonlarda “Neftchi”, “Navbahor”, “Andijon”, “Qo'qon-1912” jamoalari bor ekan. Ularning muxlislaridagi shijoat har qanday insonni to'lqinlantirib yuboradi. Darvoqe, “Nasaf”ning ishqibozlarini ham ularning qatoriga qo'shishni unutibman. To'g'ri, poytaxt klublaridagi muxlislik oqsayotganini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Futbol bu o'zgacha sport turi hisoblanadi. Muxlislar bilan limmo-lim to'lgan stadionlarni juda ham yoqtiraman. Mana, bizda esa kam sonli klublarning o'yinlaridagina muxlislar soni biroz ko'proq xolos.

- Sizni tez orada “Paxtakor”dan ketishingizga bizdagi iqlim to'g'ri kelmaganligini ham sabab sifatida eshitdik. CHindan ham shunday bo'ldimi?
- Yo'g'e! Menga hech qanday iqlim yoki boshqa narsalar halaqit bera olmaydi. Axir men janub tomonlarda ham bo'lganman-ku. Iqlimdan, issiqdan shikoyatim yo'q. Ammo tan olaman oila-azolarim jazirama havodan ancha qiynalib qolishdi. Toshkentga kelganimizdan keyin ularning mazasi qochib qoldi. Menimcha, Toshkentga kuz yoki bahor faslida kelib bu erdagi iqlim va sharoitga ko'nikib olsa bo'ladi. SHaxsan men har qanday sharoitga ko'nikib, moslashib ketadigan insonman. Lekin oilam u erda biroz qiynalib qoldi. Men esa bu holatni ko'ra turib, undan ko'z yuma olmasdim.  


  • “Birinchi divizon vakili premer-liga jamoasini engishi mumkin”

- Hurmatli Aleksandr Vitalevich, “Paxtakor” klubini tark etganingizdan so'ng Xabarovskning “SKA-Energiya” jamoasida ish boshladingiz. Bu haqida matbuotda ham xabarlar tarqaldi. Umuman, bu qanday sodir bo'ldi?
- Umuman aytganda, men haqimda to'g'ri malumot olibsiz. Kuni-kecha “SKA-Energiya”dagi ishimni boshladim. Men bundan oldin ham ushbu jamoada ishlaganman.

- To'g'ri, 2012 va 2013 yilgi mavsumda ushbu klubda ishlaganingizdan xabarimiz bor. O'sha yillari “Ska-Energiya” o'z faoliyatidagi yuqori natija bo'lgan 4-o'rinni egallagandi.
- Ha, siz to'g'ri esladingiz. CHindan ham o'sha natija klub tarixidagi eng yuqori ko'rsatgich bo'lgandi. Hattoki, o'sha paytda bizda premer-ligaga chiqish uchun yaxshi imkoniyat bor edi. Hal qiluvchi uchrashuvda “Rostov” jamoasi bilan maydonga tushgandik. Afsuski, omadimiz chopmagan va raqibga yutqazib qo'ygandik.

- Hozirgi paytda esa “Ska-energiya” birinchi divizionda autsayderlardan biriga aylanib qolgan. Sizningcha, buning sabablari nimada?
- Buning ko'plab sabablari mavjud. Misol uchun Vladivostokning “Luch-Energiya” jamoasini boshqarganimda ham bunday muammolar bo'lib turardi. Biz joylashgan Rossiyaning uzoq sharq mintaqasidan Moskva tomonlarga samolyotda parvoz qilishingiz uchun osmonda sakkiz soat uchishingiz kerak. Yana kamiga undan u yog'iga ham yo'l yurasiz. Manzilga etib borganingizdan keyin esa 10 soat va undan ortiq vaqtga almashib ketadi. Bunday holat ko'pincha har haftada sodir bo'lardi. SHu sababli safardagi o'yinlarga borganimizda futbolchilarning jismoniy holatini tiklab olish qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi. Hozirgi zamonaviy futbolda esa tiklanib olish jarayoni juda muhim ahamiyatga egadir. O'ylaymanki, biz bu kabi holatlardan to'g'ri xulosalar chiqara olamiz.

- 27 avgust kuni jamoangiz Rossiya Kubogi 1\32 final doirasida safarda Belogarsk klubiga qarshi o'ynab 4:0 hisobida g'alaba qozondinglar. Endi 1\16 bosqichida “Ska-Energiya”ga premer-liga jamoalaridan biri raqiblik qilishi mumkin.
- Rostini aytsam, men aynan tajribaga ega bo'lgan klublarga qarshi o'ynashni juda ham yoqtiraman. Bilasiz-ku, futbolda har narsa sodir bo'lishi mumkin. Birinchi divizon ishtirokchisi premer-liga azosini mag'lubiyatga uchratishi mumkin. Bunga o'zimning faoliyatimda amin bo'lganman. “Luch-Energiya”ni boshqargan paytimda biz aynan Rossiya Kubogi doirasida Qurbon Berdiev boshqaruvidagi “Rubin” bilan kuch sinashgandik. O'shanda nimchorak finalda qozonliklar ustidan 4:2 hisobida g'alaba qozonganmiz. Menimcha, birinchi va ikkinchi divizon jamoalari premer-liga klublariga qarshi ro'baro' kelishni intiqlik bilan kutishadi. Har holda kimlardir bunday o'yinlar orqali o'zlarini ko'rsatib olish imkoniyatiga ega bo'lib, bundan foydalanishga harakat qilishadi.

- Bu klubda xorijlik o'yinchilarni ko'p ko'rardik va ular mahoratli edi. Hozirda esa qo'l ostingizdagi o'yinchilar orasida legionerlar umuman yo'q.
- Bilasizmi, mablag' bilan bog'liq muammolar sababli jamoamizda ayni paytda legioner o'yinchilar yo'q. O'zingiz aytib o'tganingizdek, safimizda yaxshi o'yinchilar bor edi. Selekciya ishlari olib borilayotgan mahalda bu holatlarga ham alohida etibor qaratish zarur deb hisoblayman.

- Darvoqe, o'zbekistonlik futbolchilardan kimlarnidir jamoangizga taklif qilish haqida o'ylab ko'rmadingizmi? Umuman, o'yinchilarimiz klubingizda o'ynab keta olisharmidi?
- Ha, bo'lmasamchi! Men albatta tirishqoq, mehnatsevar futbolchilaringizning xizmatidan foydalangan bo'lardim. Bemalol aytishim mumkinki, yurtingizda yaxshi futbolchilar to'lib yotibdi. Toshkent esa juda ajoyib shahar. Ochig'ini aytaman: bu erda yana jon deb ishlagan bo'lardim. Samarqand, Buxoro qabi qadimiy va ko'xna shaharlarni ko'rish men uchun yoqimli.


  • “Jahon chempionati yo'lida O'zbekistonga omad tilayman”

- Aleksandr Vitalevich, Samvel Babayan boshchiligidagi milliy terma jamoamizni Rossiyada bo'ladigan jahon chempionatiga yo'l olish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Avvalo, O'zbekistondek mamlakat terma jamoasini boshqarishning o'zi katta sharaf. SHuning uchun Samvel Babayanga faqat omad tilab qolaman. U har kim faxrlansa arziydigan ishga kirishdi. Bu mutaxassis ko'p yillardan beri futbol olamida faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Unga milliy terma jamoa bosh murabbiyligi topshirilishiga Babayanning astoydil ishlashi, mahorati va izlanishlari sabab bo'ldi deb hisoblayman. Uning qo'li ostida terma jamoangiz ancha mazmunli va sifatli o'yin ko'rsata olishiga ishonchim komil. Hammasi baribir yaqinlashib kelayotgan rasmiy o'yinlarga bog'liq. Klub va terma jamoani boshqarish umuman boshqa-boshqa. Albatta, millatning bosh jamoasini boshqarishda kishida katta salohiyat va mahorat bo'lishi lozim bo'ladi. Ammo men bashorat qilishni xushlamayman. Baribir jahon chempionati yo'lida O'zbekistonga albatta omad va muvaffaqiyat tilayman. Doim sizlarni qo'llab-quvvatlayman.

- Siz oz fursat bo'lsa-da, O'zbekiston chempionatida ishlab ko'rdingiz. Hozir esa boshqa klubdasiz. SHunga qaramay, chempionatimizni kuzatib borish siz uchun qiziqarlimi?
- To'g'risi, u erdan ketgan bo'lsam-da, chempionatingizni kuzatib turibman. Futbolga oid saytlardan boxabar bo'lib turibman. Albatta, bu men uchun qiziq. SHu bois hozirda turdan-turga natijalarni ko'rib kelyapman. Lekin bunday kuzatishlarim qachongacha davom etishini, ochig'i bilmayman.

- U holda aytingchi, chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Nasaf” va “Bunyodkor”dan qay birining imkoniyatini yuqori baholay olasiz?
- Aslida oldindan gapirish durust emas-ku, ammo mening futbolga bo'lgan qarashlarim va yo'nalishlarimdan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, har bir jamoaning o'ziga bilingan va bilinmagan kuchli, zaif tomonlari bor. SHubhasiz, birinchi o'rinda borayotgan “Paxtakor”ga etarlicha raqobatchilar borligini ko'rdim. Mening nazarimda chempionlik masalasi “Paxtakor” hamda “Lokomotiv” klublari o'rtasida kechadi. Aynan “Paxtakor”da ishlab ketganim sababli ushbu jamoani chempion bo'ladi desam sizlarga noo'rin tuyulmasligini xohlardim. SHunday qilib, 1-2-o'rinlar “Paxtakor” va “Lokomotiv”, 3-4-o'rinlar esa “Nasaf” hamda “Bunyodkor”ga nasib qilsa kerak.


  • “Hasanov haqidagi fikrlarimni hamkasblaringiz noto'g'ri tushungan shekilli”

- Babayan “Paxtakor”ni tark etgach, No'mon Hasanov bosh murabbiy etib tayinlandi. Uning ishiga qanday baho berasiz?
- Hasanov qobilyatli murabbiy. Bilaman, u o'z vaqtida mahoratli o'yinchi bo'lgan. Futbolning yozuvlarini yaxshi tushunadi. Ammo No'monga biroz vaqt kerak. U murabbiylik faoliyatini boshlaganiga hali ko'p vaqt bo'lgani yo'q. SHu bois tajribasini yanada boyitib olsa, u eng zo'r murabbiylardan biri bo'ladi.

- Sizdan bejizga No'mon Hasanov haqida so'raganim yo'q. Yaqinda rus hamkasblarimizga bergan intervyuingizda go'yoki Hasanovning chempion klubni boshqarishga kuchi etmaydi, degan gapni aytgansiz.   
- Yo'g'e, unday emas. Nimaga bunday yozishadi? Mana, men hozir siz bilan gaplashyapman-ku, to'g'rimi va siz mening nimalar deyayotganimni to'g'ri tushunib turibsiz. Hozirgina Hasanov haqida iliq fikrlarimni bildirib o'tdim. Menimcha, hamkasblaringiz mening aytgan so'zlarim mohiyatini to'g'ri tushunishmagan bo'lsalar kerak. SHuning uchun gaplarimni noto'g'ri yozishgan.  

- Aleksandr Vitalevich, qimmatli vaqtingizni ayamasdan bizga vaqt ajratganingizdan minnatdormiz. Agar o'zbek muxlislariga salomingiz bo'lsa, bemalol...
- Avvalambor O'zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan muborakbod etaman. O'zbek xalqiga va futbol muxlislariga doim tinchlik-omonlik, sog'liq-salomatlik tilayman. Sabr qilinsa albatta ko'zlangan maqsadga erishsa bo'ladi. Sizlarning futbolga bo'lgan muhabbatinglar sira ham so'nmasin. Har kim o'z suyukli klubini doimo ko'tarinki kayfiyatda qo'llasin.


FIRDAVSXON yozib oldi.

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика