So’nggi yangiliklar

22:45"Реал" нимадан норози?  0 22:15Энцо Мареска: "Манчестер Сити" соврин учун курашга қайтади"  0 21:41Расман: "Навбаҳор" собиқ футболчисини ортга қайтарди  1 21:28"Goal" АПЛда йилнинг энг яхши трансферлари рейтингини тузди  0 20:50Бруну МЮ раҳбарияти билан келиша олмаяпти  1 20:24"Барселона" ҳужумчиси сафдан чиқди  0 19:59"Навбаҳор" Азимжон Аҳмедов билан янги шартнома имзолади!  6 19:36"Ювентус" Дисасини ижарага олмоқчи  1 19:15"Пахтакор" Муҳаммадқодир Ҳамралиев билан янги шартнома имзолади!  1 18:50Боливияда жамоа керакли натижани сақлаб қолиш учун, ўйин тугамай, майдондан чиқиб кетди  2 18:12"Сурхон" етти нафар футболчи билан янги шартнома имзолади  0 17:43Ферран Торрес "Барса"нинг омадсизликлари ҳақида: "Барчасини вақт кўрсатади"  9 17:17Ильгиз Танташев яшил майдонга қайтди  1 17:06Ўзбекистон U-16 термаси Тошкент вилояти футбол академияси жамоасига қарши ўйин ўтказди   3 16:47Шаҳзодбек Ғофурбеков — "Локомотив" футболчиси!  0

Akmal SHorahmedov: Koreyadagi gol - qalbimdagi dog' Yangiliklar

Akmal SHorahmedov: Koreyadagi gol - qalbimdagi dog'

O'tgan yili JCH-2014 4-saralash bosqichi doirasida Janubiy Koreyaga qarshi kechgan safar uchrashuvidan so'ng eng ko'p tilga olingan futbolchi - bu Akmal SHorahmedov.
Gap nima haqda ketayotganini tushunib etdingiz, albatta. Indallosini aytganda, bunday holatlar dunyoning ko'zga ko'ringan yulduzlari bilan ham sodir bo'lgan. Buning uchun bir insonni loyga botirib tashlash noto'g'ri. O'sha alamli avtogoldan deyarli bir yil vaqt o'tib, Akmal bilan bafurja suhbatlashdik.

- Akmal, siz bilan Bunyodkor stadioni tribunasida o'tirib, gaplashyapmiz. Keling, avval shu muhtasham arena haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...

- Biz endigina futbol o'ynashni boshlagan chog'lar bunday stadionlarni faqat orzu qilardik. Orzumizdagi stadionda to'p tepish baxti nasib etganidan g'oyat xursandman. To'g'ri, hozir bu stadionda o'yinlar o'tkazilmayapti. Maydon chimi bir necha bor almashtirildi. O'zingiz guvohi bo'layotganingizdek, bugungi kunga kelib, maydon ideal holatga kelgan. Hozirda turkiyalik mutaxassislar chimning holatini nazorat qilishyapti. Bizga aytishlaricha, Bunyodkor klubi ikkinchi davra uchrashuvlarini yana shu stadionda o'tkazadi. Osiyoning ko'plab stadionlarida bo'lganman. Hech ikkilanishsiz, Bunyodkor arenasini qitamizning eng mahobatli va ko'rkam 3ta stadioni qatoriga qo'sha olaman.

- Bunyodkor klubi siz uchun qadrli. Zero, aynan qaldirg'ochlar tarkibida bir necha bor O'zbekiston chempioni bo'ldingiz, mamlakat kubogini qo'lga kiritdingiz, qolaversa, OCHL bahslarida maydonga tushdingiz...

- Ha, Bunyodkor menga tramp-lin vazifasini bajarib berdi. Aynan shu jamoa tarkibidagi o'yinlarimdan so'ng milliy termadan taklif oldim. Hozir o'ylab qarasam, oliy ligada o'ynayotganimga roppa-rosa 10 yil bo'libdi. SHu vaqt oralig'ida Paxtakor, So'g'diyona, Andijon jamoalari sharafini himoya qildim. Futbolchi sifatida ozmi-ko'p tanildim.

- SHu darajaga etishingizda murabbiylarning ham hissalari katta, to'g'rimi?

- Albatta. Istalgan sohada ustoz va murabbiylarning o'rni beqiyos. Futboldagi ilk saboqlarni Baxtiyor va Dilshod Nuralievdan olganman. Futbolchi bo'lib etishishimda ularning mehnatlari katta. Fursatdan foydalanib, ustozlarimga minnatdorchilik bildiraman. Umuman, professional sport, xususan, futbolda murabbiylar o'rni o'zgacha. Masalan, dunyo miqyosida olsak, CHelsiga Joze Mourino kelganidan keyin klubda juda ko'p narsalar o'zgardi. Asosiy tarkibda binoyidek o'ynab kelgan Xuan Mata zaxira o'yinchisiga aylandi va buning natijasida Manchester Yunaytedga o'tib ketdi. Siz kuchli futbolchi bo'lishingiz mumkin, lekin murabbiyning o'yin uslubiga mos kelmasangiz, tarkibdan joy ololmaysiz...

- Aksariyat bolalar hujumchi bo'lish, gol urib, tezroq tanilishni istashadi. Siz esa himoyani tanlagansiz. Bunda ham murabbiy ko'rsatmasi bosh mezon bo'lganmi?

- Aslida futbol o'ynashni yarim himoya chizig'ida boshlaganman. O'zi 16-17 yoshda futbolchining qaysi chiziqda ko'proq foyda keltirishi yaqqol ko'zga tashlanib qoladi. Dilshod aka Nuraliev himoyada yaxshiroq o'ynashimni ko'ra bilganlar va ularning tavsiyalari bilan shu chiziqqa ixtisoslashdim.

- O'zbekiston milliy jamoasiga chorlov, undagi ilk o'yin, hayajon - bular sira esdan chiqmasa kerak...


- Albatta, har bir futbolchining oliy orzusi o'z mamlakati milliy jamoasi libosida maydonga tushishdir. Andijonda o'ynab yurgan paytlar ham terma jamoa yig'inlariga taklif etilganman. Lekin haqiqiy chorlov JCH-2014ning eng muhim saralash o'yinlariga to'g'ri keldi. Eronga qarshi Toshkentda kechgan uchrashuvni aslo yoddan chiqarmayman. Butun o'yin davomida katta tashabbusga erishib, yakunda mag'lubiyatga uchrash rosa alam qilgandi. Bir necha kun o'zimga kelolmaganman. Odil Ahmedovning toza golini yaponiyalik hakamlar inobatga olishmagandi. Kim biladi, o'sha gol hisobga olinganida, bugun bizning jamoa ham Braziliyadagi mundialda ishtirok etayotgan bo'larmidi?

- 14 ochko bilan mundialga chiqolmaslikni tasavvur qilish ham qiyin...

- Ha, biz kabi 14 ochko to'plagan Janubiy Koreya termasi JCH yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Ikkinchi guruhdagi Avstraliya esa 13 ochko bilan Braziliya chiptasini rasmiylashtirdi. 4-saralash bahslari yakunlanishiga 3ta tur qolganida Yana 6 ochko olsak, albatta, JCHga boramiz, deb o'ylagandik. Lekin shu 6 ochko ham bizga yordam bermadi. Endi bu sport, oldindan bir narsa deyish qiyin. Eron termasi o'z maydonida ham, raqib uyida ham koreyslarni mag'lub etdi. Bunday bo'lishini hech kim kutmagandi.

- Og'riqli savol: Seulda kechgan uchrashuvda kutilmaganda, o'z darvozamizni ishg'ol qilib qo'ydingiz. Ochig'i, jahon futbolida bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Ishonchimiz komil, buni atayin qilmagansiz. Qarshi bo'lmasangiz, o'sha o'yin va gol bilan yakunlangan vaziyatni yodga olsak.

- Hujumchilar 10ta yoki undan ko'p vaziyatda gol urolmaydilar. Ammo ularni hech kim ayblamaydi. Lekin himoyachi kutilmagan holatda o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ysa, bu narsa oylab muhokama qilinadi. Masalan, Ispaniya termasining JCH-2014dagi omadsizligini darvozabondan ko'rishdi. Ha, qaysidir vaziyatlarda Kasilyasning xatolari bo'lgandir. Ammo hamma aybni darvozabonga ag'darib qo'yish noto'g'ri emasmi? Nima uchun Silvaning Gollandiya darvozasiga oddiy vaziyatda to'p kiritolmaganini hech kim gapirmayapti? Agar o'sha hujum gol bilan yakunlanganida, o'yinda voqealar boshqacha rivojlanarmidi? Endi Seuldagi o'yinga kelsak, hozir aytadigan fikrlarim bilan o'zimni oqlamoqchi emasman. O'sha o'yin davomida kuchli yomg'ir yoqqandi. Menga 5-raqamli futbolchini qo'riqlash vazifasi yuklatilgandi. O'sha o'yinchi bilan jarima maydonchasiga barobar kirib bordik va to'pga sakradik. To'g'risini aytaman, kuchli yomg'ir tasirida to'pni uchib kelayotganini ham ko'rmadim. U boshimga tegib, darvozaga kirib ketganini ham keyin anglab etdim. Bu jarayon qandaydir soniyalarda yuz berdi. Hech bir himoyachi Mana, darvozamizga to'p kiriting, deb raqib futbolchisiga imkoniyat yaratib bermaydi. Ayniqsa, milliy terma jamoa ishtirokidagi o'yin va boz ustiga, JCH chiptasi o'rtaga qo'yilgan uchrashuvda. Fursatdan foydalanib, o'sha gol uchun futbol ishqibozlaridan alohida kechirim so'rayman. Agar shunday bo'lishini oldindan bilganimda, o'sha uchrashuvda maydonga tushmasdim, aksincha, faoliyatimga bir yo'la yakun yasab ham qo'yaverardim.

- Mana, Braziliyadagi JCH-2014 bahslari ayni qizg'in pallaga kirdi. SHaxsan siz qaysi jamoalarga muxlislik qilyapsiz?

- Ispaniya va Germaniya jamoasiga muxlislik qilayotgandim. Afsuski, amaldagi jahon chempionlari mundial bilan guruh bosqichidayoq xayrlashishdi. Endi bor umidim bundestimdan. Menimcha, Braziliyadagi chempionat o'zining kutilmagan natijalari bilan yodda qolsa kerak. Umumiy olib qarasak, chempionatda Amerika qitasi jamoalari kuchli va mazmunliroq o'yin namoyish etishyapti. Balki mintaqa iqlimi qo'l kelayotgandir. Evropada uzoq davom etgan mavsumning yakunlanishi bilan mundialning boshlanishi ham Angliya, Ispaniya, Italiya kabi grand terma jamoalarga salbiy tasir o'tkazgandir. Futbolchilarning jismoniy holatlari talab darajasida emasligi yaqqol ko'zga tashlanib qoldi. Amerikaliklarga muxlislarining ko'pligi ham yordam berayotgandir. Ayniqsa, CHili va Meksika terma jamoalari ajoyib o'yin namoyish etishdi. SHaxsan men bu jamoalardan bunday shiddatni kutmagandim.

- Sizningcha, kim jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo'ladi?

- Odatda katta musobaqalarda eng yaxshi futbolchini chempion yoki finalga etib kelgan jamoa tarkibidan tanlashadi. Hozir o'z terma jamoalarida katta mavqega ega Neymar, Messi, Robben, Myuller kabi futbolchilarni eng yaxshi bo'lish uchun davogarlar safiga kiritish mumkin. Agar bu futbolchilar jamoalari uzoqroqqa borishsa, ulardan biri JCHning asosiy qahramoniga aylanishi tayin.

- Jahon chempionatida biz muxlislik qilayotgan yana bir inson bor. Aniqrog'i, Ravshan Ermatov va uning brigadasi boshqarayotgan o'yinlarni qaysi vaqtda bo'lishidan qatiy nazar, ko'ryapmiz. Bugungacha Ermatov SHveycariya - Ekvador, Meksika - Xorvatiya hamda AQSH - Germaniya uchrashuvlarini boshqarishga ulgurdi. Bu borada fikringiz qanday?


- Ravshan aka 4 yil avval JARda bo'lib o'tgan mundialda 5ta o'yinda hakamlik qilgan edi. Braziliyada esa 3ta o'yinni boshqardi. Bu bilan Armando Archundiya, Xorxe Larrionda va Joel Kinoning rekordiga etib oldi. O'ylaymanki, AQSH - Germaniya uchrashuvi so'nggisi bo'lmaydi. Ko'ryapmiz, hakamlar bu galgi mundialda qo'pol xatolarga yo'l qo'yish­yapti. Italiya va Kot-d~Ivuar terma jamoalari ishtirokidagi so'nggi o'yinlarda hakamlarning qarorlari bu ikki jamoani muddatidan avval kurashdan chiqib ketishga majbur qildi. Fikrimcha, Italiya - Urugvay bahsida qizil kartochkaga tortadigan vaziyat ro'y bermagan edi. Greciya futbolchisi ham erni tepib, o'zi yiqilib tushdi. Umuman, hakamlarga nisbatan bosim oshib ketdi. O'ylaymanki, bunday holatda hal qiluvchi final uchrashuvini boshqarish Ravshan Ermatov va uning brigadasiga ishonib topshiriladi. Ko'z tegmasin, vakillarimiz o'yinlarni bexato boshqaryaptilar.

- 5 iyul kuni poytaxt derbisidan o'rin olgan Paxtakor- Bunyodkor o'yinidan so'ng oliy ligada 1-davraga yakun yasaladi. Qolgan jamoalar oraliq tanaffusga chiqib ketishdi. Turnir jadvaliga nazar tashlasak, Bun­yodkor amaldagi chempionga xos bo'lmagan o'rinni egallab turibdi. Peshqadam Lokomotivdan 8 ochko ortda qolyapsizlar. Buni qanday izohlaysiz?

- Darhaqiqat, bizga xos bo'lmagan o'rin. Lekin joriy yilgi chempionat avvalgi mavsumlarga nisbatan ancha kuchliroq o'tmoqda. Qolaversa, o'tgan yili asosiy tarkibimizda o'ynagan futbolchilardan 7 nafari boshqa klublarga o'tib ketdi. Bu juda katta yo'qotish. Ularning o'rni etarlicha to'ldirilmadi. Bu yil tarkibimizda klub akademiyasida tarbiya topgan ko'plab yosh futbolchilar o'ynashyapti. Ularga ozgina vaqt kerak. SHunday bo'lsada, hali chempionlik uchun kurashni davom ettiramiz. Bizni hozirdan safdan chiqarish to'g'ri emas. Oldinda butun 2-davra uchrashuvlari turibdi. Vaziyatni o'nglash uchun imkoniyatimiz etarli.

- Birinchi davraning o'zida Bunyodkorda 3 marta bosh murabbiy almashdi. Bu holat ham jamoa o'yiniga salbiy tasir o'tkazgandir...


- Qaysidir manoda tasiri bordir, lekin sezilarli darajada emas. Murabbiy o'zgargani bilan jamoa oldiga qo'yilgan maqsad va vazifalar o'sha-o'sha. 5 iyul kuni Paxtakorga qarshi o'yinda g'alaba qozonsak, peshqadamlar bilan o'rtadagi ochkolar farqi qisqaradi. Ochko yo'qotishga haqqimiz yo'q. Lekin o'yin og'ir kechishini tasavvur qilish qiyin emas.

- Futbolchining faoliyatida qiziqarli voqealar tez-tez uchrab turadi...


- Mana bugun suhbatga kelayotganimda ham qiziqarli holat yuz berdi. Uydagilar dala hovlimizga ketishgan edi. Majburlikdan ko'ylagimga o'zim dazmol bosishimga to'g'ri keldi. Bunga o'rganmaganim uchun ko'ylakni kuydirib qo'ydim (kuladi). Futbol esa qiziqarli holatlarga to'la. Masalan, OCHL guruh bosqichida Doxada Al-Jaishga qarshi kechgan uchrashuvdan qaytayotganimizda, 2-3 nafar futbolchi reysdan qolib ketdi. Ular uydagilarga sovg'a-salom olishga ko'p vaqt sarflab, samolyotga kech qolishgan va oqibatda Toshkentga boshqa yo'nalish orqali qaytishgandi.

- Oxirgi savol: volidai muhtaramangiz bir necha yildan buyon informatika fanidan yoshlarga ziyo tarqatib kelayotgan ekanlar. Bolaligingizda sizda ham o'qituvchilik kasbini tanlash imkoniyati yuzaga kelganmi?


- Ochig'ini aytsam, aslo. Zero, bolaligimdan futbolga mehr qo'ydim. Balki keyinchalik futbolni tugatib, murabbiylik faoliyatimni yo'lga qo'yish asnosida onamning kasblarini davom ettirarman. Hozircha o'zim o'qituvchilar, murabbiylardan o'rganyapman.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика