So’nggi yangiliklar

13:42Мбаппенинг клуби Лига 2 га қайтмоқчи  0 13:15Холанд 5.5 миллиард сўмга сумка сотиб олди, Мбаппе ва Ашраф домино ўйнади. Футбол юлдузлари ўтган ҳафтани қандай ўтказди?  4 12:48"Ливерпуль" Исак учун рекорд сумма тайёрламоқда  1 12:20"Сабаби фақат бошда эмас. Бу ерда омиллар мажмуаси бор". Россиялик шифокор Остон Ўруновнинг жароҳатлари ҳақида гапирди  2 11:57"Реал" асосий жамоанинг 5 нафар футболчиси, жумладан, Родриго билан хайрлашишга тайёр  5 11:30Зайнутдинов тиббий кўрикдан ўтди — трансфер якуний босқичда  0 10:36"Манчестер Юнайтед" - "Вест Хэм" учрашувида рекорд қайд этилди  5 09:58"Насаф" ярим ҳимоячиси "Бунёдкор"га ўтиши мумкин  3 09:20"ФарДУ" иккинчи даврада Суперлиганинг бир нечта футболчиси билан шартнома имзолаши мумкин  1 08:46Назорат учрашуви. "Қўқон-1912" "Арал"ни мағлуб этди. Қўқонликлар сафида ОКМК футболчиси ҳаракат қилди  2 08:13ЦСКА директори Файзуллаев трансфери ҳақида гапирди  9 07:48Мираброр Усмонов хотира турнири. Бугун чемпион аниқланади  4 00:01Англия финалда Испанияни мағлуб этиб, аёллар ўртасидаги Евро-2025 ғолибига айланди  7 23:38Артур Испанияга қайтиши мумкин  0 23:15Доннарумма "Галатасарой"дан таклиф олган. Истанбулликлар дарвозабоннинг ПСЖ билан музокараларидаги қийинчиликдан фойдаланмоқчи  0

Abdulla Bo'riev: “Jarohat faoliyatimga jiddiy tasir ko'rsatdi” Yangiliklar

Abdulla Bo'riev: “Jarohat faoliyatimga jiddiy tasir ko'rsatdi”

Futzal bo'yicha O'zbekiston chempionatining 1-bosqich 4-tur uchrashuvlari 3-7 fevral kunlari Qarshi shahridagi "Geolog" majmuasida bo'lib o'tadi.

15-18 yanvar kunlari Toshkentda o'tgan 3-turdan so'ng turnir jadvalida poytaxtning “Lokomotiv” klubi 33 ochko bilan peshqadamlik qilyapti. Toshkent viloyatining “Maksam-CHirchiq” jamoasi amaldagi mamlakat chempionlaridan ikki ochko kam jamg'argan. Demak, 4-tur o'yinlarining yanada qiziqarli ruhda o'tishiga shubha qilmasa ham bo'ladi. Keyingi o'rinlarda borayotgan “Kogon” va “Bunyodkor” jamoalari hisobida 26tadan ochko bor. Biz Qarshidagi tur o'yinlari oldidan “qaldirg'ochlar”ning o'ynovchi murabbiyi, o'tgan o'n yillikning eng ko'zga ko'ringan futzalchilaridan biri Abdulla Bo'riev bilan suhbat uyushtirdik.

-  Abdulla aka, suhbatimiz avvalida futzalga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.

-  O'zi aslida futzal bo'yicha O'zbekiston chempionati 1994, O'zbekiston kubogi esa 1996 yildan o'tkazila boshlangan. Mini-futboldagi faoliyatimni 2003 yili Toshkentning “Ardus” jamoasida boshlaganman. U paytda “Ardus” havaskorlar o'rtasida o'tkaziladigan turnirlarda ishtirok etardi. Jamoaning o'sha paytdagi murabbiyi Alisher Abdullaev meni, shuningdek, “Lokomotiv”ning hozirgi bosh murabbiyi Ahad Yusupovni hamda Farhod Mirahmedovni taklif qilgan. “Ardus”da bir yil davomida havaskorlar o'rtasidagi musobaqalarda ishtirok etdik. Bundan tashqari, o'sha jamoa bilan O'zbekiston kubogi bahslarida yarim finalga qadar etib bordik. 2004 yilda “Ardus” ilk bor professional klub sifatida O'zbekiston chempionatida qatnashdi. Dastlabki uchta mavsumda jamoa ketma-ket uch marotaba chempionlikni tantana qildi. SHu vaqt ichida 2 marotaba kubok bahslarida g'olib bo'ldik. 2005-2006 hamda 2006-2007 yilgi mavsumda chempionat to'purari bo'ldim. “Ardus”dagi 3 yillik faoliyatimdan so'ng 2007-2008 yilgi mavsumni Navoiyning “Stroitel-Zarafshon” jamoasi tarkibida o'tkazdim. O'sha yili terma jamoa bilan Ispaniyaga yig'in o'tkazish uchun borganimda o'rtoqlik uchrashuvida tizzamdan jiddiy jarohat oldim. Keyin tizzam operaciya qilindi. Buning natijasida bir yarim yil maydondan tashqarida bo'ldim. 2009 yili “Bunyodkor”ga taklif oldim. Birinchi mavsumni o'yinchi sifatida o'tkazdim va biz chempionatda ikkinchi o'rinni egalladik. 2010-2011 yilgi mavsumdan to bugungi kungacha o'ynovchi murabbiy vazifasini bajarib kelayapman. 2010-2011 yilgi mavsumda umumiy hisobda uchinchi marotaba chempionat to'purari bo'ldim. 2011-2012 yilgi mavsumda “Bunyodkor” bilan chempionatda kumush medalni bo'ynimizga ilgan bo'lsak, O'zbekiston kubogi bahslarida finalda “Lokomotiv”ni mag'lub etib, kubok sohibiga aylandik. 2012-2013 yilda chempionatda to'rtinchi pog'onani band etdik. Bu yil esa jamoa oldiga kuchli uchlikka kirish vazifa qilib qo'yilgan. Yana bir narsa, men futzal bo'yicha mamlakat chempionati bellashuvlarida bir mavsumda eng ko'p to'p kiritgan futbolchiman (tabassum bilan). 2006-2007 yilgi mavsumda “Ardus” safida 84 ta to'p kiritganman. Futzaldagi professional faoliyatimni 2004 yilda boshlagan bo'lsam, o'sha yildan terma jamoaga nomzod bo'lib, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qila boshlaganman. Men qatnashgan dastlabki Osiyo chempionati Vetnamda o'tkazilgan. 2006 yilda qita birinchiligiga O'zbekiston mezbonlik qilgan. 2007 yili Yaponiyada bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz safida eng ko'p gol urgan o'yinchi bo'lganman – 11 ta. O'shanda to'purar bo'lgan yaponiyalik Koguredan bitta kam to'p kiritgandim.

-  Intervyularingizning birida jamoangizni so'nggi soniyalarda qiyin vaziyatdan olib chiqib ketganingiz haqida aytgansiz. SHu haqda gapirib bersangiz?

-  O'zi futzal so'nggi soniyalargacha o'ynaladigan sport turi hisoblanadi. 2005-2006 yilgi mavsumda amaldagi chempion “Jizzax-S” jamoasi bilan Zarafshonda o'tkazilgan turda o'yin tugashiga bor yo'g'i bir soniya qolgan. Hisob esa 4:4 bo'lib turgandi. SHunda “Jizzax-S” jamoasi oltinchi folni ishlab olgan. 10 metrdan dabl-penalti qo'yilgan va men undan unumli foydalanib, jamoamga 5:4 hisobidagi g'alabani olib berganman.

-  CHempionlar ligasidagi o'yinlaringiz haqida…

-  Osiyo CHempionlar ligasi ilk bor 2006 yili Eronda bo'lib o'tgan. O'shanda “Ardus” tarkibida musobaqada ishtirok etganman. Biz faqatgina finalda braziliyalik kuchli legionerlarga egaEron chempioniga mag'lub bo'lib, ikkinchi o'rinni egallaganmiz. O'shanda jamoamizning 9 nafar o'yinchisi terma jamoaga nomzod edi. Hozir mini-futbolga kirib kelganimga 10 yildan oshdi. Faoliyatimning birgina o'ylantiradigan qismi – jarohat  meni to'xtatib qo'ygandi. SHifokorlar 6-8 oyda parketga qaytishimni aytishgan edi. Ammo, bu jarayon bir yarim yilga cho'zilib ketdi. O'sha jarohatim hozir ham o'z tasirini o'tkazib turadi.

-  Jarrohlik amaliyoti qaerda bo'lib o'tgan?

-  Toshkentdagi“Jar” sport majmuasida joylashgan“Sport xirurgiyasi” markazida operaciya qildirdim. 2008 yilgi Osiyo chempionati yaqinligi sababli tezroq operaciya qilinishini istadim. Lekin bu borada biroz shoshgan ekanman. SHifokorlar 6-8 oyda to'liq sog'ayib ketishimni aytishgani uchun tizzam shoshilinch ravishda operaciya qilingandi. “Stroitel-Zarafshon” klubi operaciya hamda undan keyingi tiklanish harajatlarini ko'targan. Agar jarohatim shifokorlar aytgan vaqtda tuzalganida, men 2008 yilgi Osiyo chempionatida qatnasha olardim. Ammo, hammasi umuman teskari bo'ldi. Operaciya paytida oyog'imga qo'yilgan suniy lavsanning bitishi qiyin bo'lgan.Aynan 2008 yilgi Osiyo chempionati Jahon chempionatiga saralash vazifasini ham o'tab berardi. Afsuski, men qita birinchiligiga bora olmadim, terma jamoamiz esa chorak finalda Xitoyga 1:4 hisobida yutqazib qo'ydi. SHu tariqa mundial yo'llanmasidan ham mahrum bo'lganmiz. 2012 yilgi Osiyo chempionatida ham Jahon chempionatiga chiqa olmaganmiz. Guruhda Quvayt bilan durang o'ynab, imkoniyatlarimizni pasaytirib yuborgan edik. Boz ustiga,chorak finalda Eronga tushib qoldik. Hozir Osiyoning ko'p davlatlarida futzal rivojlanib borayapti. Avstraliya, Quvayt kabi terma jamoalar oldinlari O'zbekistonga qarshilik qila olmasdi. Ularga kamida 4-5tadan gol urardik. Hozir bu jamoalarni mag'lub etish oson ish emas. Quvayt xatto Jahon chempionatiga ham chiqdi. Avvallari Vetnam darvozasiga javobsiz 10ta to'p kiritgan bo'lsak, oxirgi marta bu jamoa bilan o'yinimizda durang natija qayd etildi.

-  Terma jamoamizning kuchsizlanib borishiga avlodlar almashinuvi ham tasir o'tkazayapti, deb o'ylaysizmi?

-  Ha, fikringizga qo'shilaman. Avlodlar almashinuvi o'z tasirini o'tkazmay qolmayapti. Istedodli futzalchilar kam etishib chiqmoqda. Sababi, bizda aynan mini-futbolga ixtisoslashgan bolalar akademiyasi yoki maktabi bor yo'g'i bitta. Birgina “Ardus” klubi o'z qoshida bolalar maktabini ochgan. Lekin birgina jamoaning bu yo'nalishdagi harakatlari etarli emas. Qolgan jamoalar ham shu yo'ldan yurishga intilishlari lozim. SHundagina terma jamoadagi avlodlar almashinuvi davrida katta “silkinishlar” bo'lmaydi. Termamizning hozirgi tarkibini almashtira oladigan futzalchilar yo'q. Aytmoqchimanki, raqobat kuchli emas. Avvallari Osiyoda har doim kuchli to'rtlikda yurardik. Bizdan tashqari, Eron, Yaponiya va Tailand bo'lardi. Bugungi kunda shu to'rttalikka kirishi ham qiyin bo'lib qoldi. Tabiiyki, buning natijasida Osiyo chempionatida Eron yoki Yaponiyaning guruhiga tushib qolayapmiz. Reytingda dastlabki to'rtta o'rindagi jamoa o'zaro bir guruhga tushmaydi. Faqat yarim finaldagina bu kuchli jamoalar bilan to'qnash kelishimiz mumkin. Yarim final esa – Jahonchempionati yo'llanmasi degani. Afsuski, shunga ham ilina olmayapmiz. Vaqti kelib terma jamoa etakchilarining o'rnini egallay oladigan o'yinchilarni etishtirib chiqarish uchun esa yoshlarga katta etibor qaratish lozim. O'zbekiston futzal Associaciyasi vice-prezidenti Jahongir Usmonov yoshlarga etibor berish haqida ko'p gapirmoqdalar. Ularning tashabbusi bilan o'yin qaydnomasiga 1996-1997 yilda tug'ilgan  yoshlarni ham kiritish majburiy qilib qo'yildi. O'tgan mavsum “Bunyodkor”da o'ynagan 8 nafar futzalchi jamoani tark etdi. Ularning o'rnida 1994-1997 yillar oralig'idagi yosh o'yinchilar harakat qilishmoqda. “Ardus”dan tashqari, “Bunyodkor” va “Paxtakor” jamoalari ham yoshlarga katta etibor qaratayapi. Lekin yoshartirish jarayoniga hamma klublar ham amal qilishmayapti. Aksariyat jamoalar mavsum boshida qo'yilgan vazifani bajarish uchun tayyor o'yinchilarni olib, o'shalar bilan vazifani bajarishmoqda. Bir yil chempion bo'lsa kifoya, jamoaning 3-4 yildan keyingi holati qanday bo'lishi inobatga olinmayapti. Jamoa bir necha yil o'zidan yoshlarni tarbiyalab, ana o'sha yoshlar bilan chempion bo'lsa, shunda chempionlikning gashti ham o'zgacha bo'ladi. Misol uchun, Erondagi maktablarda mini-futbol darslik sifatida kiritilgan. SHuning uchun ham Osiyodan faqatgina Eron Evropaning eng kuchli terma jamoalari bilan tengma-teng o'ynab kelmoqda. Bir paytlar bizga qarshi o'ynagan Vohid SHamsayi degan o'yinchisi doim to'purar bo'lardi. Juda kuchli futzalchi bo'lgan. Haydariyor, Hoshimzoda degan futzalchilari ham tug'ma istedodning o'zi edi. Hozir ana o'sha o'yinchilarni to'ldira oladigan munosib nomzodlar bor. Forslarning chempionatida braziliyalik, ispaniyalik legionerlari bor, xorijdan murabbiylar kelib ishlamoqda. U erdagi futzalga etiborni ko'rib havas qilasiz. Kichkinagina Savah degan shaharchasida o'tkazilgan CHempionlar ligasida, har bir o'yinda, hattoki, umuman boshqa mamlakat jamoalari o'ynaganda ham muxlislar zalni to'ldirib o'tirishgan. Solishtirish uchun bizda faqatgina Osiyo chempionati o'tkazilsa yoki O'zbekiston chempionati, kubogi finali bo'lgandagina zal to'lishish mumkin. 2005 yili Rossiyaning Ekaterinburg shahrida mahalliy “VIZ-Sinara” jamoasi bilan ikkita o'rtoqlik o'yini o'tkazganmiz. SHu klub bazasida bo'lib o'tgan uchrashuvlarning birida biz, ikkinchisida esa mezbonlar g'alaba qozonishgan. “VIZ-Sinara” bazasida 6 yoshli bolalarning futzal bilan shug'ullanayotganiga guvoh bo'lgandik. Bir xildagi formada, mashg'ulot jarayoni ham ajoyib edi. Hozir “VIZ-Sinara” Rossiyada top klub hisoblanadi. U erda katta futbolda yurib, omadi kelmaganlar futzalga o'tib ketishmaydi. Yoshlikdan futzal maktabida tahsil olib, uning sir-asrorlarini o'rganishadi. “VIZ-Sinara” legionerlarni deyarli muhtojlik sezmayapti. Asosiy etiborini o'z maktabida tarbiya olayotgan yoshlarga qaratadi. Bizda ham shunday tizimni yo'lga qo'yish kerak.

-  “Bunyodkor”dagi yoshlar haqida nima deya olasiz?

-  Jamoamizga bu yil jalb qilingan yoshlar 1995-1996 yilda tavallud topgan o'yinchilardir. Bundan tashqari, shu kunga qadar ularni hech biri O'zbekiston chempionatida qatnashmagan. SHuning uchun ham oldingi turlarda bazilarining oyog'i titrayotgan edi. Qila oladigan harakatlarni ham hayajon tufayli bajara olmaganlar ham bo'ldi. Lekin hozir ularda o'zlariga bo'lgan ishonch oshgan. Buning yaqqol isboti 3-turdagi o'yinlarning barchasida g'alaba qozondik. Birinchi va uchinchi tur orasidagi o'yinchilarimizning orasida katta farq bor: o'zini tutishida, natijada, ishonchda.

-  Terma jamoaga jalb qilinayotgan yoshlar ishonchni oqlay oladimi?

-  “Lokomotiv” azosi hisoblangan Davron CHoriev termaga jalb qilinmoqda, undan tashqari, yana bir necha yosh o'yinchilarni ham chaqirishdi. Lekin ular asosiy tarkibda tushishlari juda qiyin, shuning uchun ham biz ancha yillardan buyon deyarli bir xil tarkibda o'ynab kelamiz. Bu esa raqiblarimiz uchun foyda. Osiyoning boshqa jamoalariga bizning qanday uslubda harakat qilishimiz, futzalchilarimizning imkoniyatlari yod bo'lib ketgan. Aksincha, ularning uslubini biz to'liq bilmaymiz, chunki ularda doimiy tarzda o'yinchilar almashib turadi.Uzoq yillar bir xil tarkib o'ynamaydi. O'z-o'zidan taktik uslublari ham o'zgarib turadi. Bu esa boshqalarga noqulaylik tug'diradi. Bazi o'yinlarda 20 yashar futzalchi bilan 30-32 yashar o'yinchining farqi sezilib qolmoqda.

-  “Bunyodkor” jamoasidagi shart-sharoitlarning etarli ekanligini inobatga olib, futzal maktabini ochish rejasi bormi?

-  Buni inobatga olganmiz va rahbariyatga taklif bilan chiqqanmiz. Agar hammasi mo'ljaldagidek kesta, kelasi mavsumdan futzal maktabini ochish niyatimiz bor. Hozircha 2-3 yil oralig'idagi yoshlarni jamlab, bitta futzal maktabi ochmoqchimiz. Buning uchun, trenajyor zallari, basseyn, xullas, barcha sharoitlar bor.

-  Ham o'ynab, ham murabbiylik qilishning o'ziga yarasha qiyinchiligi bor. SHunday emasmi?

-  Ham o'yinchi, ham murabbiy sifatida faoliyat olib boorish eng qiyini hisoblanadi. 2-3 yil avval FIFAdan belgiyalik mutaxassis kelib, murabbiylik licenziyasi uchun o'qitgan edi. U menga yo o'ynagin yoki murabbiylik qilgin, ikkisini bir vaqtda olib borish juda qiyin, kuchli bosimni ko'tarishda qiynalib qolasan, degandi. Hozir murabbiylik sohasidagi tajribamni oshirib borishga harakat qilayapman. Murabbiylik guvohnomasiga ega bo'lish, bu tayyor mutaxassis degani emas. Amaliyotda o'z tajribasini boyitib borishi kerak.

-  Bizda yosh bolalar va ularning ota-onalari tomonidan mini-futbolga etiborning kamligi moliyaviyholat bilan bog'liqmi?

-  Moddiy holat ham rol o'ynaydi.CHunki, katta futboldagi katta pullarni eshitgan inson farzandini aynan millionlar o'yiniga beradi, majburlab bo'lsa ham. Futzalda esa moddiyat katta futboldagidek emas. Bundan tashqari, mini-futbol bilan shug'ullanish uchun etarlicha shart-sharoitlar mavjud emas.

-  Futzalchi oladigan o'rtacha maoshi bilan oilasini taminlay oladimi?

-  Agar top klublarimizda o'ynasa, muammosiz o'z oilasini moddiy tomondan taminlay oladi. Terma jamoaga nomzod bo'lsa, bu borada hech qanday muammo bo'lmaydi. Ko'rsatgan natijasiga qarab mukofot pullari ham berib boriladi.  


Tolibjon Qosimov suhbatlashdi

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика