26-Ko'rfaz Kubogi tugadi. Bahrayn - chempion!
05 jan 13:40
Yangiliklar
26-Ko'rfaz Kubogi tugadi. Bahrayn - chempion!
Bu yilgi musobaqa qiziqish nihoyatda yuqori bo'lgani hamda teletranslyaciya sifatining yanada oshgani bilan yodda qoldi.
Tarixga nazar
Arab Ko'rfaz Kubogi futbol federaciyasi 1970 yilda tashkil topgan bo'lib, 8ta mamlakat azo hisoblanadi. Ushbu federaciyasini tashkil qilish g'oyasi 1968 yilgi Olimpiya o'yinlari paytida yuzaga kelgan. SHundan so'ng federaciya tashkil qilinib, birinchi Ko'rfaz Kubogi o'tkazilgan va ilk g'olib Quvayt bo'lgan.
Umuman olganda Quvayt terma jamoasi ushbu musobaqada eng ko'p g'oliblikni qo'lga kiritgan. Ko'rfaz Kubogi shu paytgacha 26 marta o'tkazilgan bo'lsa, shundan 10tasida Quvayt zafar quchgan. Iroq 4 marta, Saudiya Arabistoni bilan Qatar esa uch martadan g'olib bo'lgan.
2009 yil o'tkazilgan Ko'rfaz Kubogi yangicha yo'nalishdagi translyaciya bilan yodda qoldi. Qatarning "Al Jazira" telekompaniyasi o'yinlarni efirga uzatishni o'z zimmasiga oladi va musobaqa ilk bor HD formatda muxlislarga taqdim etiladi. O'z vaqtida FIFA sobiq prezidenti Zepp Blatter hamda UEFA sobiq rahbari Mishel Platinining musobaqaga tashrifi Ko'rfaz Kubogiga bo'lgan etiborni yanada oshirib yuboradi. Hatto 2013 yil 4 oktyabr kuni bo'lib o'tgan FIFA Ijroqum yig'ilishida musobaqani FIFA xalqaro taqvimiga kiritish masalasi ko'tariladi.
Mezbon mamlakatlar va chempionlar
Quyida Ko'rfaz Kubogiga mezbonlik qilgan mamlakatlar hamda chempion jamoalar nomini keltirib o'tamiz.
1970. Mezbon - Bahrayn. CHempion - Quvayt
1972. Mezbon - Saudiya Arabistoni. CHempion - Quvayt
1974. Mezbon - Quvayt. CHempion - Quvayt
1976. Mezbon - Qatar. CHempion - Quvayt
1979. Mezbon - Iroq. CHempion - Iroq
1982. Mezbon - BAA. CHempion - Quvayt
1984. Mezbon - Ummon. CHempion - Iroq
1986. Mezbon - Bahrayn. CHempion - Quvayt
1988. Mezbon - Saudiya Arabistoni. CHempion - Iroq
1990. Mezbon - Quvayt. CHempion - Quvayt
1992. Mezbon - Qatar. CHempion - Qatar
1994. Mezbon - BAA. CHempion - Saudiya Arabistoni
1996. Mezbon - Ummon. CHempion - Quvayt
1998. Mezbon - Bahrayn. CHempion - Quvayt
2002. Mezbon - Saudiya Arabistoni. CHempion - Saudiya Arabistoni
2003/04. Mezbon - Quvayt. CHempion - Saudiya Arabistoni
2004. Mezbon - Qatar. CHempion - Qatar
2007. Mezbon - BAA. CHempion - BAA
2009. Mezbon - Ummon. CHempion - Ummon
2010. Mezbon - Yaman. CHempion - Quvayt
2013. Mezbon - Bahrayn. CHempion - BAA
2014. Mezbon - Saudiya Arabistoni. CHempion - Qatar
2017/18. Mezbon - Quvayt. CHempion - Ummon
2019. Mezbon - Qatar. CHempion - Bahrayn
2023. Mezbon - Iroq. CHempion - Iroq
2024/25. Mezbon - Quvayt. CHempion - Bahrayn
2026. Mezbon - Saudiya Arabistoni. CHempion - ???
Bu yilgi musobaqa haqida
26-Ko'rfaz Kubogi bu safar Quvaytda tashkil etildi va o'tgan yilning 21 dekabr kuni start oldi. Kecha, 4 yanvar kuni esa final uchrashuvi o'tkazilib, bunda Bahrayn Ummon terma jamoasini 2:1 hisobida mag'lub etdi.
Musobaqada 8ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalar to'rttadan ikki guruhga bo'lindi.
A guruhi - Ummon, Quvayt, BAA, Qatar.
B guruhi - Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Iroq, Yaman.
Etiborli jihati, JCH-2026 saralash o'yinlarida bizga raqiblik qilayotgan BAA va Qatar bitta guruhda bahs olib bordi va har ikkalasi guruhdan chiqa olmadi.
Quvayt terma jamoasi ishtirokidagi o'yinlarda stadionga juda ko'plab muxlislar tashrif buyurdi. Masalan, Quvayt - Ummon o'yiniga 42 ming, BAA - Quvayt uchrashuviga 48 ming, Quvayt - Qatar bahsiga esa 57 mingdan ziyod muxlis keldi. Bundan tashqari 28 dekabr kuni o'tkazilgan Iroq - Saudiya Arabistoni bahsini kuzatish uchun 55 ming ishqiboz tashrif buyurdi.
Guruh bosqichi yakunlariga ko'ra Ummon va Quvayt, Bahrayn hamda Saudiya Arabistoni terma jamoalari keyingi bosqichga yo'l oldi. Yarim finalning birinchi o'yinida Ummon Saudiya Arabistonidan 2:1 hisobida ustun kelgan bo'lsa, ikkinchi bellashuvda Bahrayn mezbon Quvaytni 1:0 hisobida mag'lub etib musobaqadan chiqarib yubordi.
31 dekabr oqshomida o'tkazilgan Bahrayn - Quvayt yarim final bahsini ko'rish uchun stadionga 60 ming muxlis keldi. Final o'yinini esa 58 ming muxlis stadionda kuzatib bordi.
Teletranslyaciya va mukofot jamg'armasi
Ko'rfaz Kubogining barcha o'yinlari Bahrayn, Iroq, Quvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA va Yaman telekanallari orqali to'g'ridan to'g'ri uzatildi. SHuningdek, musobaqa AQSH, Niderlandiya va Portugaliyada ham namoyish etildi.
CHempionlikni qo'lga kiritgan Bahrayn terma jamoasi 1 million, vice-chempion Ummon esa 750 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Musobaqa yakuniga ko'ra, Bahrayn terma jamoasi yarim himoyachisi Mohamed Marhun "Eng yaxshi futbolchi" hamda bahraynlik darvozabon Ebrahim Lutfalla "Eng yaxshi darvozabon" deb topildi.
Kimlar murabbiylik qildi?
SHu o'rinda musobaqa paytida terma jamoalarni qaysi murabbiylar boshqarganini ham keltirib o'tamiz.
Quvayt - Xuan Antoni Picci (Ispaniya)
Ummon - Rashid Jaber (Ummon)
Qatar - Luis Garsiya (Ispaniya)
BAA - Paulo Bentu (Portugaliya)
Bahrayn - Dragan Talayich (Xorvatiya)
Iroq - Xesus Kasas (Ispaniya)
Saudiya Arabistoni - Erve Renar (Franciya)
Yaman - Nuriddin Ould Ali (Jazoir)
Navbatdagi Ko'rfaz Kubogiga 2026 yil Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi. Bunda ham 8ta terma jamoa ishtirok etadi va sentyabr oyida o'tkazish rejalashtirilgan.
X.Xoliqov
Fikrlar