Vadim Abramov: "Agar o'yin natijasini birinchi bo'limdayoq hal qilib qo'yganimizda bunday savol bermagan bo'lardingiz"
03 avg 03:00
Yangiliklar


Vadim Abramov: "Agar o'yin natijasini birinchi bo'limdayoq hal qilib qo'yganimizda bunday savol bermagan bo'lardingiz"
"Afsuski, shunday bo'ldi. Birinchi bo'limda barchasi yaxshi edi va o'yin natijasini osongina hal etishimiz mumkin edi. Tanaffusda yigitlarga 2:0 hisobi "ishonchsiz" hisob ekanligini uqtirgan edim. Keyin esa yo'q joydan ikkita gol o'tkazib yubordik. Keyin yana gol urishga va o'yinga qaytishga intildik, ammo penaltidan foydalana olmadik. O'zimiz aybdormiz. "Navbahor"ni bugungi natija bilan tabriklayman. Muxlislar oldida noqulay holatdamiz. G'alabali o'yinlarimizni berib yuboryapmiz. Juda ko'p o'yinlarda shunday tarzda ochko yo'qotdik" - dedi Vadim Abramov bugungi uchrashuv haqida.
- Jamoada asosiy penaltichi kim? Namangandagi uchrashuvda Hojimirzaev penaltidan gol ura olmagan edi, bugun esa Ratino. Masalan, o'sha vaziyatda Marko Stanoevichni maydonga tushirish mumkin edi-ku...
- Penalti belgilangan vaziyatdami? Shunga fikrim etmayapti-ya. Keyingi uchrashuvlarda penalti ishlasak, darhol Markoni maydonga tushiraman. Ratino ishonch bilan to'pni oldi va darvoza tomon yura boshladi. Maydonda futbolchilar o'z istagani namoyish etishi kerak. Futbol shunday o'yin. Ratino ham gol urishni istagandi, ammo noto'g'ri zarba yo'lladi.
- Keyingi ikki uchrashuv "Mashal" va "Paxtakor"ga qarshi. Ushbu ikki bahsga "Dinamo" qanday tayyorgarlik ko'radi.
- 6-avgust kuni "Mashal"ga qarshi o'ynaymiz. "Mashal" kecha o'yin o'tkazib bo'ldi va ularda tiklanib olish uchun bir kun ko'proq vaqt bo'ladi. Endi muhimi ochkolar yo'qotmaslik.
- Yangi futbolchilarning o'yini bugun sizga qanchalik maqul keldi? Pletnyov gol urdi, lekin Hoshimov va Abdusalomov yorqin o'yin namoyish eta olmagandek...
- Barcha yangi futbolchilarimiz yaxshi o'yin namoyish etishdi. Bunday o'yinda ishtirok etish va darhol kirishib ketish qiyin. Pletnyov gol urdi, ammo uning jismoniy holati to'liq o'yin o'tkazishga etmadi. Umuman olganda, ularning o'yinidan qoniqdim, agar bahs natijasini birinchi bo'limdayoq hal qilib qo'yganimizda bunday savol bermagan bo'lardingiz.
- Birinchi bo'limni "Dinamo" ajoyib o'tkazdi, ammo tanaffusdan so'ng jamoa o'ziga o'xshamadi. Ikkinchi bo'lim jamoangiz bunchalik yomon o'tganining sababi nimada?
- Menimcha, ruhiyat bilan bog'liq. Tanaffusda yigitlarni ogohlantirgandik, ammo vaziyat shunday rivoj oldi. Futbolda bunday holatlar uchrab turadi. Yo'q joydan kelib chiqqan birinchi gol va penalti. Ortdan raqib futbolchisini yiqitish va yo'q joydan darvozamizga penalti belgilanishi mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Ortiqcha xotirjamlikka berilib yuborgan bo'lsa kerak. Bu haqda izoh berishim qiyin, o'zim ham maydon chetida o'tirib, nimalar bo'layotganini tushunmay qoldim. Ikkinchi bo'limni tartibsizlik bilan o'tkazdik.
- "Dinamo" transferlar oynasida ancha faol bo'ldi va bir nechta futbolchilarni o'z safiga qo'shib oldi. Jamoa o'z tarkibini qanchalik kuchaytira oldi? Siz istagan barcha futbolchilar xarid qilindimi? Yana qaysidir poziciyani kuchaytirish maqsadingiz bormidi?
- Kimni o'z safimizda ko'rishni istagan bo'lsak, ularni jamoaga qo'shib oldik. Barchasi men xohlagandek bo'ldi. Limit bo'yicha yana bitta legioner olishimiz mumkin edi, ammo bunday mano yo'q. Shunchaki limitni to'ldirish uchun legioner olib kelishdan ko'ra o'zimizning yoshlarga imkoniyat beramiz. Transferlarimiz qanchalik samarali bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi.
- Anvarjon Hojimirzaevning "Navbahor"ga qarshi o'yinlarda o'yini chiqmayotgandek. Birinchi davrada penaltidan foydalana olmagan edi, bugun esa penalti olib keldi va siz uni almashtirdingiz...
- Balki "Navbahor"ga qarshi o'yinlarda o'ta kuchli motivaciyasi bo'lgani tufayli qizishib ketar. Bilmadim.
- O'zbekiston Kubogida "Dinamo" "Sho'rtan" bilan to'qnash keladi. Kubokdagi maqsadlar qanday? "Sho'rtan" mag'lub etsa bo'ladigan raqibdek...
- Ushbu raqibni engib o'tsa bo'ladi dedingiz, endi futbolchilarimiz bugungi uchrashuvning ikkinchi bo'limidagidek xotirjamlik bilan maydonga chiqishadi. Kubok musobaqasi xalqaro maydon uchun yo'l ochib beradigan eng qisqa turnir. Maqsadimiz eng oliy. Mavsumni "Nasaf"ga qarshi o'yin bilan yakunlaymiz va taqvim biz uchun biroz noqulay bo'ladi (tahr. - Kubok finaliga shama qilgan holda).
O’xshash yangiliklar

Fikrlar