Ekspert fikri. Rasul Rahmonov: "Andijon"da o'ziga bo'lgan ishonch uyg'onmoqda"
08 avg 19:43
Yangiliklar


Ekspert fikri. Rasul Rahmonov: "Andijon"da o'ziga bo'lgan ishonch uyg'onmoqda"
Dastlab o'z maydonida "Qo'qon-1912"ni taslim qilgan bo'lsa, kecha Qarshida "Nasaf" bilan durang o'ynadi. Aftidan "burgutlar" sekin-asta o'ziga kelmoqda. Jamoaning ikki o'yini haqida sobiq futbolchi Rasul Rahmonov fikrlarini bildirdi.
- So'nggi ikki o'yinda jamoa juda ishonarli o'yin namoyish etdi. Sizcha, bu o'zgarishga nimalar turtki bo'ldi?
- 2 ta o'yin juda yaxshi taassurot qoldirdi. Murabbiy qisqa vaqt ichida jipslashgan jamoani tuza oldi deya olaman.
- "Nasaf"ga qarshi o'yinda ham jamoa o'z kuchini ko'rsata oldi. Bu o'yin sizga qanday taassurot qoldirdi?
- "Qo'qon-1912" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng haqiqiy kuchini "Nasaf" bilan Qarshida ham ko'rsata oldi. Jamoa o'ziga bo'lgan katta ishonch bilan o'ynashni boshladi. O'yin sifati ham alo darajada. Murabbiyning mehnati sezilyapti.
- Yozgi transferlar oynasida Erjan Tokotaev kabi tajribali darvozabon jamoaga qo'shildi. Uning kelishi "Andijon" uchun qanchalik ahamiyatli bo'ldi? Qolgan futbolchilarchi?
- Transferlarga kelsak, Erjan Tokotaevni qanday darvozabon ekanligini terma jamoadagi o'yinlari orqali ko'rganmiz. Klubning eng katta yutug'i uni jamoaga taklif qilingani bo'ldi. Qolaversa, Shahzod Azmiddinov, Otabek Jo'raqo'zievlar ham yaxshi moslashib ketishyapti. Akinadeni internet orqali o'yinlarini ko'rdim. Undan ko'p narsa kutmoqdaman. Qolganlar ham o'zlarini ko'rsatishadi. Muhimi yuqorida aytganimdek jamoada ishonch uyg'ongan.
- "Andijon" OCHLda ilk bor ishtirok etadi. Bu musobaqada jamoadan nima kutmoqdasiz?
-Jamoamiz OCHLda ilk bor qatnashadi. "Nasaf" bilan o'yinda ko'rdikki "Andijon"da potencial bor. OCHLda yarim finalgacha borishimizni kutmoqdaman.
- Bugungi kunda nimalar bilan bandsiz?
- Ayni vaqtda bolalar futbolidaman. 6 yoshdan 12 yoshgacha bo'lgan bolalardan iborat to'garak ochganman. Bolalarga futbol sir-asrorlarini o'rgatib kelyapman.
- "Andijon" siz uchun nima va yangi futbolchilarga bu borada nima deya olasiz?
- "Andijon" meni uyim, bu jamoa bolaligimdan yuragimdan joy olgan. Jamoam g'alaba qozonsa xursand bo'laman, yutqazsa qayg'uga botaman. Yangi futbolchilarga maslahatim shuki, bunday ajoyib muxlislari bor jamoada o'ynash oson emas. Talab kuchli, shunday ekan o'zingizni ko'rsating.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar