Zlatan vs Lukaku - aslida nima bo'lgan?

Omonjon To`xtamirzayev
28 yanv 2021, 10:05
Milan derbisining "navbatdagi qismi"da maydon chinakamiga "yondi".

Nega Lukaku Ibragimovich bilan urishib ketay dedi?

Buning uchun Zlatan Ibragimovichga alohida rahmat aytishi zarur. Shvetsiyalik hujumchi qizil-qoralar to'qnashuvining asosiy qaxramoni bo'ldi, ammo uchrashuvni oxirigacha maydonda o'tkaza olmadi.

Aynan Ibragimovich 31-daqiqada jamoasini oldinga olib chiqdi. Ibra yana bir bor mahoratini namoyish qilib, nozik zarbani amalga oshirdi - to'p Samir Xandanovich darvozasi ustuniga tegib, to'rdan joy oldi. Biroq uchrashuvning eng qiziq voqealari birinchi bo'lim so'ngida bo'lib o'tdi. Ibra "Inter" hujumchisi Romelu Lukaku bilan tortishib qoldi. Ikki qoya tom manoda to'qnashdi va bir-birlarining manziliga shirin so'zlarni yo'llashdi.

Ibragimovich ko'pincha ko'radiganimizdek, tabassum qilib turar, Romelu esa ancha asabiy ko'rinardi va sheriklari belgiyalik yigitni bazo'r shvetsiyalikning yonidan olib ketishdi. Lukaku ortga qaytish niyati yo'q edi va raqibini ham "yo'q qilib yuborgisi" kelib turardi. Bu kabi reakciyaga nima sabab bo'ldi?

Italiya OAV xabarlariga ko'ra, tortishuv vaqtida Zlatan belgiyalikka qarata: "Bor yo'qol va o'zingning vudu-axlating bilan shug'ullan, eshshak", degan. Shundan keyin Ibra tribuna ostiga yo'l olgan, jahl otiga mingan Lukaku esa ortidan: "Sen onam haqida gaplashishni istaysanmi? Buyoqqa kel, onam haqida gaplashging keldimi?" Shu bilan birga Lukaku Zlatan va uning ayoli manziliga haqoratli so'zlarni yo'llagan. Haqli ravishda savol tug'iladi: vudu va belgiyalik futbolchining onasining nima aloqasi bor? Italiyalik hamkasblarimiz arxivlarni o'rganib chiqib, 2017 yildagi voqeani topishdi.

O'shanda Lukaku "Everton" sharafini himoya qilardi, lekin "iriskalar" bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortadi. Liverpul klubi prezidenti Farxod Moshirining so'zlariga ko'ra, kelishuv uzaytirmasligiga vudu sabab bo'lgan. Funkcionerning aytishicha, Lukaku yangi shartnomaga imzo chekishga tayyor edi, lekin o'sha vaqtda Afrikada diniy marosimda ishtirok etayotgandi. U yerda rohib futbolchining boshqa klubga o'tishi zarurligini ma'lum qiladi. Keyin nimalar bo'lgani futbol ishqibozlariga yaxshi ma'lum. 

Tanaffusdan keyin Ibragimovich "Milan"ga pand berdi, ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni ertaroq tark etdi. Shvetsiyalik maydon markazida Aleksandr Kolarovning oyoqlariga zarba berdi va kiyinish xonasiga yo'l oldi, jamoasi esa kamchilikda qolib ketdi. 

Lukaku bir necha daqiqa o'tib penaltidan unumli foydalandi va hisobni tenglashtirdi. O'yinning oxirgi daqiqalarida Kristian Eriksenning goli evaziga "Inter" g'alabani ilib ketdi va Italiya Kubogi yarim finali yo'llanmasiga ega bo'ldi.

Katta ehtimol, Italiya tartib-intizom qo'mitalari hali bu ish bo'yicha surishtiruv o'tkazib, tegishli qaror chiqarishadi. Balki voqea yaxshiroq o'rganilsa, irqchilik mavzusiga ham yetib borilar. Har holda bu mavzu hozir "trendda". Balki shuning uchun Ibra o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tezkor ravishda irqchilikka qarshiligi va barcha insonlar teng ekani haqida gaplar qoldirgandir. Nima bo'lganda ham, bir narsani aniq aytsa bo'ladi - Zlatan bilan futbol ishqibozlari zerikib qolishmaydi!


O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia