JCH-2018 saralash bosqichiga 14 aprel kuni qur'a tashlanadi

OFK rasmiy saytining ma'lum qilishicha, 14 aprel kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda JCH-2018 saralash bosqichi Osiyo mintaqasi uchun qur'a tashlash marosimi o'tkaziladi.
Shu kuni Osiyo Kubogi-2019 saralash o'yinlariga ham qur'a tashlanadi. Qur'a milliy terma jamoalarning FIFA reytingida egallab turgan o'rniga ko'ra olib boriladi.

34ta jamoa to'g'ridan-to'g'ri saralashning ikkinchi bosqichidan kurashga kirishadi. Bular - Eron, Yaponiya, J.Koreya, O'zbekiston, BAA, Qatar, Ummon, Iordaniya, Xitoy, Avstraliya, S.Arabistoni, Bahrayn, Iroq, Falastin, Livan, Quvayt, Filippin, Maldiv, Vetnam, Tojikiston, Myanma, Afg'oniston, Tailand, Turkmaniston, KXDR, Suriya, Qirg'iziston, Malayziya, Gonkong, Singapur, Indoneziya, Laos, Guam va Bangladesh.

Oltita jamoa saralashning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o'tdi. Bular - Yaman, Hindiston, Sharqiy Timor, Kambodja, Butan va Xitoy Taypeyi. Saralash o'yinlarida jami 40ta jamoa beshtadan sakkizta guruhga bo'linadi. Bahslar 11 iyundan kelasi yilning 29 martigacha davom etadi.

Guruh g'oliblari va to'rtta eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan ikkinchi o'rin sohibi to'g'ridan-to'g'ri Osiyo Kubogi-2019ga hamda JCH-2018 saralash bosqichining hal qiluvchi raundiga yo'l oladi.

Manba: championat.asia