Zayniddin Tojiev: "Rahbariyat guruhdan chiqish vazifasini qo'ygandi. Vazifani bajardik"

16 may 2026, 01:38
O'zbekiston Kubogi 2-turidan o'rin olgan "G'azalkent" - "Lochin" (1:0) bahsidan so'ng g'azalkentliklar ustozi Zayniddin Tojiev o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Juda jiddiy raqib edi. "Lochin" bizni 0:2 hisobida mag'lub etgandi. Mashg'ulotlarda "Lochin"ni nimaning hisobiga mag'lub etishimiz mumkinligi tushuntirildi. Shukr, bugun g'alaba qozondik. Rahbariyat guruhdan chiqish vazifasini qo'ygandi. Vazifa esa bajarildi. Yigitlarga rahmat", - dedi Zayniddin Tojiev.

- Ikkinchi bo'limning yarmidan so'ng jamoangiz hujumga o'tmay qo'ydi. Bunga nima sabab bo'ldi? Futbolchilar charchab qoldimi yoki siz shunday ko'rsatma berdingizmi?
- Hohlaymizmi yo'qmi, charchoq seziladi. Yigitlar har 3-4 kunda o'yin o'tkazishmoqda. Ular hali yosh. Bunday taqvimda o'ynashmagan. Bu tabiiy hol. Kimdir kichik jarohat olyapti. Ertaga shu masalani rahbariyat bilan muhokama qilmoqchimiz. Charchoq bor. Asosiy tarkibning 11 nafar a'zosi va zaxiradan o'yinga qo'shiladigan yana 3ta futbolchi eng katta "nagruzka"ni olmoqda. O'yini "quritish" degan narsa yo'q edi, yigitlar o'yindan kelib chiqib shunday qaror qilishdi.

- Jamoangiz guruhdan chiqib bo'ldi. Uchinchi turda rotaciya qilasizmi?
- Rotaciya qilishga harakat qilamiz. Lekin reja bo'yicha ish tutamiz.

- "Dinamo"ga qarshi g'alaba klub tarixidagi eng yorqin g'alaba desak bo'ladimi?
- Bo'ladi. "Dinamo" Superliga jamoasi va o'tgan mavsum medallar uchun kurashdi. Jamoa o'tgan mavsumdagidek o'ynamoqda. Yomg'ir tufayli o'yin ko'proq kurashlarga bog'liq bo'ldi. Kurashlarda raqibga engilmadik. Uchta imkoniyatimiz bor edi va ulardan to'g'ri foydalanib ketdik. Boshqa o'yinlarda vaziyatlarimiz ko'proq bo'ldi, ammo gol ura olmadik. Samarqanddagi uchrashuvda esa omadimiz keldi va barcha imkoniyatlarimizdan foydalandik. Yigitlar tengma-teng kurashishdi. Futbolchilarimizning potenciali yuqori. Keyingi mavsumlarda Superliga jamoalariga raqobatbardosh bo'lishadi.

- Pley-off bosqichida Superliga jamoalariga qarshi bosimsiz o'ynaysizlarmi? Ahir, dastlabki vazifa bajarildi va Superliga klubi mag'lub etildi.
- Vazifani bajardik. Biz buni uddaladik, endi o'zimizga bo'lgan ishonch yanada oshadi. Yigitlar o'ziga ishonishi, juda muhim. Ularda potencial yuqori, faqat o'ziga ishonishi kerak. Xatolarni mashg'ulotlarda to'g'rilay olamiz.

- Hamma baribir pulga qiziqadi. "G'azalkent" guruhdan chiqqani uchun mukofot pullari beriladimi?
- Yo'q. Bizda umuman mukofot puli yo'q. Bizning maqsadimiz yigitlarni rivojlantirish. Klubdagi barcha pullar yigitlarni o'stirishga sarflanadi. Vitaminizaciya, sharoit va boshqa narsalarga. Hozirgi sharoitlar Superliga klublarining ko'pidan yaxshiroq. Men ham ko'p klublarda o'ynaganman, ammo men to'p tepgan davrda bunday sharoitlar yo'q edi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia