“Yoshlik”ning yosh futzalchilari musobaqa g'olibi

Narzulla Saydullayev
16 yanv 2021, 19:52
Urganch shahridagi Sport o'yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktabi (direktori Jamoladdin Abdullaev) tomonidan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlab sport turlari bo'yicha “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida ko'plab musobaqa va turnirlar tashkil etildi.

Mubolag'a emas, 2005 yilda tug'ilgan yosh “charm to'p” ustalari o'rtasida futzal bo'yicha uyushtirilgan SO'EAIBO'SM ochiq birinchiligi ham qatnashchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Musobaqada 9 ta jamoa g'oliblik uchun maydonga chiqdi. O'yinlar avvaliga uch guruhda tashkil etildi. Guruh o'yinlari g'oliblari va eng yaxshi ko'rsatkichga ega bo'lgan bitta ikkinchi o'rin sohibi yarim finalga yo'l oldi.
-Mahorat maskanimizda har bir qutlug' sana va umumxalq bayramlari munosabati bilan birinchiliklar o'tkazish yo'lga qo'yilgan. Bundan ko'zlangan maqsad, avvalambor tarbiyalanuvchilarimizning malaka va tajribasini oshirishga qaratilgan. Qolaversa, yosh avlodni jismonan va manan barkamol ruhda voyaga yetishlarini taminlashdir. Ishonchim komilki, uyushtirilayotgan musobaqalarimiz chog'ida niyatlarimizga erishyapmiz, - deydi sport maktabi metodisti Anvar Alimov.

Yakuniy natijalarga ko'ra, “Yoshlik”(SO'EAIBO'SM, treneri Ilyos Xayrov) jamoasi musobaqa g'olibi bo'ldi. Ikkinchi o'rinni “Gurlan” (Gurlan tumani, treneri Qahramon Sotiboldiev) jamoasi egalladi. Uchinchi o'rin “Spartak” (Urganch shahri, treneri Marks Quramboev) va “Lochin”(Urganch tumani, treneri Shixnazar Ollaberganov) jamoalariga nasib etdi.





Ikrom XUDOYBERGANOV, Urganch shahridan.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia