Yaman uzoqni ko'zlab ish qildi: U-17 terma jamoasi katta musobaqalarda o'zini ko'rsatishga tayyor

Nadirkhuja Yuldashev
16 apr 2026, 13:45
2025 yil Saudiya Arabistonida bo'lib o'tgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo Kubogida Yaman terma jamoasining 23 talik tarkibida 10 nafar 2009 yilda tavallud topgan futbolchi ro'yxatdan joy olgan.

Bu hali hammasi emas - yakuniy qaydnomaga kiritilgan yana 6 nafar futbolchi 2010 yilda tug'ilgan. Bor-yo'g'i 7 nafar futbolchigina 2008 yilda tavallud topgan.

Yaman U-17 jamoasi tez kunda start oladigan Osiyo Kubogining “E” guruhidan o'rin olgan va ular O'zbekistonning “D” guruhidan chiqqan jamoaga qarshi bahs olib boradilar. Katta ehtimol bilan 1/4 finalda biz Yaman - O'zbekiston o'yiniga guvoh bo'lamiz. Agar shunday bo'lsa, bu o'yinda aniq favorit bo'lmaydi.

O'zbekiston Osiyo Kubogini yutgan musobaqada yamanliklar JCH yo'llanmasini qo'lga kiritishga juda yaqin kelgan edi. So'nggi turda ular Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib borishdi. Bu o'yinda kim g'alaba qozonsa, guruhda ikkinchi o'rinni egallardi. Koreyaliklar qiyinchilik bilan 1:0 hisobida g'alaba qozondi. Guruhda esa Indoneziya birinchi o'rinni olgandi.

Kelayotgan Osiyo Kubogida Yaman guruh g'olibi bo'lishi ham mumkin. Bu safar ularning guruhida Vetnam, BAA va yana Janubiy Koreya bor. Bir yil avval shu tarkib bilan yamanliklar 2008 yilda tavallud topgan sharqiy osiyoliklarga qarshi o'ynagan bo'lsa, endilikda tarkib deyarli o'zgarmagan holda 2009 yilliklarga qarshi bahs olib boradilar.

image_2026-04-16_12-51-08.png

So'nggi yillarda Osiyo futboli Afrikadan qolishmay bormoqda. Shu bilan birga, Yaqin Sharqda uzoq yillar davom etayotgan notinchliklar sabab ayrim holatlarda hujjatlarni tekshirish masalasi ham murakkablashgan. Kim qachon tug'ilgani haqidagi ma'lumotlar doimo ham shaffof emas. Ammo bu biz uchun bahona bo'lmasligi kerak. Chunki tinch va imkoniyatlar etarli bo'lgan sharoitda ham bizning futbolda yoshni soxtalashtirish kabi illatlarga barham berilmayapti. Va bu narsani qo'shni davlatlarimizda ham ommaviy bo'layotganini ko'ryapmiz. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo futboli o'smirlar o'rtasida yaxshi natijalarga erishayotgan bo'lsada Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlanib kyetmaydi. Shuning uchun o'smirlar terma jamoasida javlon urganlar, keyin katta futbolda yo'q bo'lib qoladilar.

Qisqacha aytganda, Yaman 2 yil avval nafaqat 2026 yilgi U-17 Osiyo Kubogi, balki 2027 va 2028 yillarni ham hisobga olgan holda reja tuzgan. Tarkibdagi 2010 yillik futbolchilar buning tasodifiy emasligini ko'rsatadi. Yaqin kunlarda, 5 may kuni boshlanadigan Osiyo Kubogi uchun terma jamoaning kengaytirilgan tarkibi e'lon qilinadi - ko'rasiz, u yerda kamida 4 nafar 2011 yilda tavallud topgan futbolchi ham bo'ladi.

image_2026-04-16_12-50-09.png

Xulosa qilib aytganda, har yili U-17 JCH musobaqasining o'tkazilishi boshqa mamlakatlarni ham jiddiy tayyorgarlikka undamoqda.

O'xshash yangiliklar


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: Championat.asia