Xitoyda yoshlar futboli qanday o'smoqda?

Narzulla Saydullayev
29 okt 2013
Jahonda eng ko'p aholiga ega bo'lgan Xitoyda futbolga e'tibor katta. Oxirgi yillarda superliga bellashuvlariga tashrif buyurayotgan muxlislar soni o'sib bormoqda, ushbu chempionat eng ko'p tashrifga ega kuchli 15 birinchilik qatoriga kirib bo'lgan.
Klublar katta byudjetga egalik qilib, ko'zga ko'ringan futbolchilarni Xitoyga taklif etishyapti. Shuningdek, mamlakatda yoshlar futbolini rivojlantirishga yuqori darajada e'tibor qaratilgan. Osiyo Kubogi davrida o'zim tanishgan ikki xitoylik jurnalistdan bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida bazi ma'lumotlar to'plab berishni istimos qilganimda, ular bunga ijobiy javob qaytarishdi. Demak, “Chin” yurtida yoshlar futboli qanday o'sayotgani to'g'risida ushbu maqolada to'xtalib o'tamiz.

1994 yil AQSHda mundial bo'lib o'tgan paytda Xitoy FIFA reytingida 50-pog'onani band etgandi, Yaponiya esa ellik beshinchi. Hozirga kelib yaponlar reytingda kuchli 20talik atrofida borishayotgan bo'lsa, Xitoy yuzlik sari qulagan. Milliy terma jamoalarning o'zgarish jarayoni Yaponiyaning qanday muvaffaqiyat bilan ishlaganini ko'rsatib turibdi. Bunga ularning yoshlar bilan ishlashni to'g'ri yo'lga qo'ygani sabab bo'lgan. Shuningdek, milliy qarashlar ham. Xitoyda sportga yaxshi o'qishga yordam beradigan yordamchi kuch sifatida qarashadi. Ayniqsa, futbolda bu yaqqol ko'zga tashlanadi. 2011 yilgi ma'lumotlarga qaraganda, Xitoyda 13 yoshdan 19 yoshgacha futbolchi sifatida ro'yxatdan o'tgan bolalar soni 7000 nafardan iborat. Aholi bo'yicha xitoyliklardan bir necha baravar orqada bo'lgan Yaponiyada esa xuddi shu yosh toifasida futbolchilar miqdori 500 mingdan iborat!

Xitoyda yoshlar futboli sezilarli tarzda ortga ketayotgani ma'lum bo'lgach, 2009 yil Xitoy maktablari futbol dasturi ishlab chiqildi. Bu shunday ruhda ishlangan ilk loyiha edi. Unga ko'ra, 10 yil ichida 3 bosqichli tizimda zarur vazifalar bajariladi.

1-bosqich: 2009 yil iyundan 2013 yil avgustgacha.
2009-2011   Boshlang'ich maktab (4-6 sinflar) va yoshlar yuqori maktabi (7-9 sinflar) dasturi boshlanishi.

2012-2013   Kattalar maktabi (10-12 sinflar) va kollej dasturi boshlanishi.
2-bosqich: 2012 yil sentyabrdan 2014 yil avgustgacha.

Dasturni rivojlantirish va kelajakda o'sish uchun sifatli nazoratni taminlash.
3-bosqich: 2013 yil sentyabrdan 2018 yil avgustgacha.

Bolalar, ota-onalar va maktablar hamkorligida dasturning o'sib borishini taminlash, rivojlanish yo'lini yaratish.

Hozirda bu dastur doirasida 120 shahar, 6000dan ortiq maktab va 2,3 million bola ishtirok etmoqda. Bu bolalar har hafta 3 soat mobaynida futbol bilimlarini o'zlashtirishadi. Ulardan 10 foizi esa haftasiga 3-4 marta mashg'ulot o'tkazadigan jamoalarga a'zo qilib tanlab olingan. Xitoyda maktablar yordamida yoshlar futbolini o'stirish dastur sifatida tanlandi. Albatta, bu juda foydali yo'ldir.

Qilinayotgan ishlarni kuzatib borish maqsadida provinciya va shaharlar federatsiya bilan, maktablar esa shaharlar mamuriyati bilan aloqada bo'lib turadi. 2012 yil avgust oyida “T3” kompaniyasi Xitoy maktablari futbol dasturining bosh texnik maslahatchisi deb e'lon qilindi. Ushbu kompaniya Yaponiyada bolalar va yoshlar futboli rivojlanishida katta xizmat ko'rsatgan. Ular endi bu yo'lni Xitoyda qo'llab ko'rishga urinishmoqda.

Bu loyihalarning farqi shundaki, Xitoyda dasturning o'sishi ortida bevosita hukumat turibdi. Yaponiyada esa bunday bo'lmagandi. “Kunchiqar o'lka”da faqat tijoriy loyiha sifatida ish boshlangandi. Ayni paytda 100dan ortiq maktablarda 16000 nafardan ko'proq bolalar tahsil olishyapti. Xitoyda bu yanayam samaraliroq bo'lishi mumkin. Chunki hukumatning qo'llab-quvvatlashi ko'p narsalarni engib o'tishda kuch beradi. Qolaversa, Yaponiyadagi tajriba tufayli bu kompaniya endi yanada foydaliroq ish ko'rish imkoniyatiga ega. Xitoy tanlagan yo'lni ko'plab Yevropa mamlakatlari allaqachon bosib o'tishgan. Yani, yoshlar futbolini rivojlantirish uchun birinchi navbatda umumtalim maktablari va kollejlarning o'rni katta. Maxsus sport maktablarida nari borsa 1000 xohlovchidan bittasi talim olishi mumkin. Qolganlarning iqtidori yo'qolib ketmasligida esa maktablar jamoalari va ularning havaskor musobaqalari katta ahamiyat kasb etadi.

Bu loyiha doirasida televidenie, gazeta va jurnallar, mikrobloglar va turli portallarning hissasiga tayanilmoqda. Yani, mamlakatda futbolning ommaviyligini ko'tarish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilmoqda. Joriy mavsumda “Guanchjou Evergrand”ning OCHLda g'olib chiqishi Xitoyda futbol rivojlanishiga yanada katta turtki bo'lishi tabiiy.

Bolalar murabbiylari talimi yaxshiroq bo'lishi maqsadida turli vebsaytlar ochib, ularni qanday mashqlar o'tkazish kerakligi haqida ma'lumot va videofayllar bilan boyitib borilyapti. Texnik imkoniyatlarni oshirish uchun 36 xil mashg'ulot o'tkazish zarurligi va ularning videolari murabbiylar ixtiyoriga havola etilgan. Bundan nafaqat murabbiylar, balki ota-onalar yoki bolalarning o'zlari ham foydalanishlari mumkin.

Yaponiyada ham ishlar shundan boshlangandi. Birinchi navbatda bolalarning texnikasini o'stirishga e'tibor qaratilgan. Natijada bugunga kelib yaponlar qita futbolida yetakchilikni qo'lga olishgan. Xitoy esa kech bo'lsa-da, shu yo'lni tanlash lozimligini tushunib etdi. Yaponiyada yoshlikdanoq futbolchilarning qobiliyatlarini o'stirishga imkoniyat berildi, yaxshi va yomon futbolchilar o'rtasidagi farq deyarli yo'qqa chiqarildi. Ular barchani yuqori saviyada o'ynay oladigan ruhda tarbiyalashni eplashdi. Yaponiya futbolidagi eng yaxshi muvaffaqiyat shu bo'ldi. Xitoyda birinchi navbatda shu holatni yo'lga qo'yish zarur. Xitoy maktablari futbol dasturi aynan shu vazifalarni amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan.

Maktablardagi dastur yordamida futbolni rivojlantirishni hukumat qo'llayotgani eng ajoyib holatlardan biri hisoblanadi. Devid Bekxemning shunday maktablardan biriga tashrifi bolalarning futbolga bo'lgan qiziqishini ancha oshirib yubordi. Hozirgi kunda xitoyliklar ushbu dastur yordamida mamlakat futboli saviyasini oshirib, mahalliy va jahon miqyosida ijobiy natijalarga erishishni asosiy maqsad etib belgilashgan. Bu yo'lda katta summadagi pullar sarflanmoqda. Yaqin yillar ichida muvaffaqiyatlar qo'lga kiritilishiga ularning ishonchi komil.

Ushbu maqolani bejizga yozib o'tganimiz yo'q. Bizda sport va futbol maktablariga e'tibor qatta bo'lgani holda maktablar yoki bolalar o'rtasidagi havaskor chempionatlar hamda turnirlarga bo'lgan e'tibor juda tushib ketdi. Buni yaxshi holatga keltirmasdan turib yangi yulduzlar yetishtirib chiqarish haqida o'ylash qiyin. Chunki ko'cha-kuyda to'p tepib yurgan bolalar orasida futbol maktablarida tahsil olayotganlarga qaraganda iqtidorlilari uchraydi.


Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia