Vohid Xolboev: "Jamoamiz ko'rsatgan o'yindan qoniqdim"

Aslanov Jasurbek
17 may 2015, 12:26
Ayollar futboli bo'yicha O'zbekiston oliy ligasida ishtirok etayotgan “Lokomotiv-W” 2-tur bahsini "Sevinch"ga qarshi o'tkazib, 0:4 hisobida mag'lub bo'ldi.

O'yindan keyin “Lokomotiv-W” bosh murabbiyi Vohid Xolboevning fikrlari bilan qiziqdik.

- Jamoamiz ko'rsatgan o'yindan ko'nglim to'ldi. Qizlarga buning uchun rahmat aytaman. Jamoamiz asosan yosh o'yinchilardan tashkil topgan. Ular avval “Sevinch” jamoasi bilan tuqnash kelmagan, chunki oliy ligada endi faoliyatimizni boshladik. Albatta, bugungi raqibimiz juda kuchli jamoa bo'lib, bunga ancha tayyorgarlik ko'rgandik. Shuning uchun birinchi bo'limda raqibga munosib qarshilik ko'rsatdik, hatto birinchi bo'lib hisobni ochishimiz ham mumkin edi. Ammo, hayajon bo'ldimi yo tajriba yetishmadimi buni amalga oshira olmadik.

- Biz oliy ligada endi o'ynay boshladik va asta-sekin bu kamchiliklarni yo'qotib boramiz. Klubimiz o'z oldiga doimo yuqori maqsadlarni qo'yadigan klub hisoblanadi. Maqsadimiz ayollar futbolida ham yuqori o'rinlar uchun kurash olib boradigan jamoa tuzish, bu maqsad uchun kurashamiz, bizga klub rahbariyati tomonidan e'tibor katta, mana shu maydonda har kuni mashg'ulot olib boryapmiz, futbolda mashq maydoni ham katta rol o'ynaydi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: lokomotiv.uz