Vohid Xolboev “Sherdor”ga qarshi o'yin, “Nurafshon-Inter”ning debyut mavsumi haqida

Mirjalol Normatov
12 apr 2018, 23:00
Xabaringiz bor, kecha Pro-liganing 2-turidan o'rin olgan bir qator uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Turning qiziqarli bahslaridan biri Samarqand shahrida kuzatildi. Jumladan, debyut mavsumini o'tkazayotgan Toshkent viloyatining “Nurafshon-Inter” jamoasi mahalliy “Sherdor” klubi mehmoni bo'ldi. Ushbu qarama-qarshilik yakuniga etgach, mehmonlar ustozi Vohid Xolboev bilan suhbatlashdik.

- Maydon egalari dastlabki uchrashuvni o'tkazayotgani bois “Dinamo” markaziy stadionida yangi mavsumning ochilishiga bag'ishlangan o'ziga xos tadbir yuqori saviyada tashkillashtirildi. Unda Samarqand viloyati hokimligi hamda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi. 

Pro-liganing debyutanti Nurafshon haqida nimalar bilamiz?

Endi bellashuv xususida to'xtalsam. Shu kuni maydonning sifati qoniqarli darajada edi. Mazkur bahs mezbonlar uchun Pro-ligadagi birinchisi (1-turda dam olishgan – muallif) bo'lganligi sababli ular bor diqqatlarini hujumga qaratishdi. Odatda o'z uyida to'p suradigan har bir jamoa chiroyli futbol namoyish etgan holda g'alaba qozonib, o'z muxlislarini xursand qilishni istaydi. Uchrashuv oldidan bu haqda shogirdlarimga kerakli ko'rsatmalarni bergandim. Takidlash joizki, ushbu qarama-qarshilik nihoyatda og'ir kechdi. Avvaliga 2:0 hisobida oldinda borayotgandik. Birinchi bo'lim oxirlarida samarqandlik futbolchi (Farzin Muxtorov nazarda tutilyapti - muallif) burchakdan uzatilgan to'pni boshi bilan darvozamizga to'g'rilab qo'ydi. Tanaffusdan so'ng maydon egalari yanada hujumga zo'r berishdi. 72-daqiqaga kelib mezbonlar a'zosi chamasi 30-35 metrlardan kuchli zarba bilan darvozamizni aniq nishonga olib, supergol muallifiga aylandi. 82-daqiqada esa raqiblar himoyada qo'pol xatolikka yo'l qo'yishdi. Natijada, Farruh Shotursunov yuzaga keltirgan qulay vaziyatdan Orifxo'ja Abduholiqov samarali foydalandi, 2:3. Muhimi, yigitlar o'z oldilariga qo'yilgan vazifani ortig'i bilan uddalashdi va safardan qimmatli uch ochko bilan ortga qaytdik. G'alabaga bo'lgan ishtiyoq kuchli ekanligini yigitlar amalda isbotlashdi. 1-turda esa o'z maydonimizda “Iftixor” bilan (1:1) murosa ko'chasini tanlagandik. 

PRO-liga. 2-tur. Barcha o'yinlar yakunlandi

Bugungi tarkibimiz negizini  asosan kelajagi porloq iqtidor egalari tashkil qiladi. Ularda professional futboldagi tajriba hali kamroq. O'ylaymanki, o'yindan-o'yinga ularning mahorati yanada oshib boraveradi. Bilasizmi, qayerda chiroyli, hujumkor, mazmunli o'yin hamda yutuq bo'lsa, rahbariyat ham sizga shunday ijobiy munosabatda bo'ladi. Kezi kelganda “Nurafshon” jamoasini har tomonlama qo'llab-quvvatlayotgan klub mutasaddilariga, shuningdek, Toshkent viloyati hokimligi hamda Yuqorichirchiq tumani hokimligiga, jamoamiz a'zolari nomidan minnatdorlik bildirib qolaman.

Nematjon Ahmedov suxbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia