"Vodiy futboli": "Navbahor" posboni jarohat oldi

Narzulla Saydullayev
25 iyun 2015, 15:00
Vodiy klublari bugun yoshlar ligasidagi 14-tur o'yinlarini o'tkazishadi.
"Neftchi": Bugun yoshlarimiz "Buxoro" bilan o'ynashadi

Bugun Farg'onaning "Neftchi" klubi yoshlari 14-tur doirasida "Buxoro"ga qarshi o'ynaydi.

"Neftchi" yoshlari 13ta turdan so'ng 13 ochko to'plab musobaqa jadvalining 13-pog'onasida borishmoqda. Bahrom Haydarov boshchiligidagi yoshlar bugungi bahsga jiddiy tayyorgarlik ko'rishdi va g'alabadan boshqa natija haqida o'ylashmayapti.

Eslatib o'tamiz, "Neftchi" va "Buxoro" yoshlari o'rtasidagi uchrashuv bugun Qirguli stadionida soat 18:00da boshlanadi.


"Qo'qon-1912": Jamoamiz Jizzaxga yetib bordi

Bugun tongda "Qo'qon-1912" jamoasi navbatdagi o'yinni o'tkazish uchun Jizzaxga yo'l oldi.

Rustam Abdullaev boshchiligidagi jamoa ertaga "So'g'diyona"ga qarshi o'ynaydi.

Bugun bu ikki jamoaning yoshlari G'allaorolda 14-tur uchrashuvini o'tkazishadi. Bahs soat 18:00da boshlanadi.


"Navbahor": Asosiy posbonimiz bir oyga safdan chiqdi

Namanganing "Navbahor" klubi darvozaboni Aleksandr Melenchuk jarohat tufayli 4 hafta davomida o'z jamoasiga yordam bera olmaydi.

Legioner posbon "Qizilqum" bilan bahsning birinchi bo'limida jarohat olib maydonni tark etgandi. Melenchuk ikkinchi davradan boshlab jamoa o'yinlarida maydonga tushishi kutilmoqda.


"Andijon": "Andijon" Samarqandda

Kecha tunda "Andijon" jamoasi Samarqand shahriga yetib kelib "Registon" mehmonxonasiga joylashdi. 14-tur uchrashuvini jamoa Samarqandda "Dinamo"ga qarshi o'tkazadi. Bugun jamoa kechki payt Samarqanddagi ilk mashg'ulotini o'tkazadi. Ibrohim Otaxonov bilan Sanjar Asqaraliev bu uchrashuvni ham o'tkazib yuborishadi. Shuningdek Asqar Jadigerovda ham kichik jarohat bor va maydonga tusha olmaydi.

Bugun "Andijon" va "Dinamo" jamoalari yoshlari o'rtasidagi bahs soat 18:00da boshlanadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia