Vadim Abramov: “Jahon chempionati sabab oliy ligaga e'tibor yuqori emas”

24 iyun 2014, 09:27
Oliy liganing 13-turidan o'rin olgan “Lokomotiv” - “Buxoro” bahsida maydon egalari 2:0 hisobida g'alaba qozonishdi.
O'yindan so'ng bo'lib o'tgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida “temiryo'lchilar” ustozi Vadim Abramov ishtirok etdi.

-   Biz yaxshi o'yin ko'rsatdik, harakatlarimiz muxlislarga yoqdi deb o'ylayman. Lekin hamma hozir tushkun kayfiyatda, chunki jamoamizning yosh a'zosi Aleksandr Shadrin bevaqt olamdan ko'z yumdi. Bu esa baribir yigitlarning o'yiniga ta’sir qilmay qolmadi. Shu bois o'yinga ruhan tayyorlanish qiyin kechdi.
 
-   Hammamiz o'zbek futboli rivoji uchun ishlayapmiz. Lekin jahon chempionati bo'layotgan bir paytda bizda oliy liga va Kubok bahslari o'tkazilishiga qanday qaraysiz?
-   Albatta, jahon chempionati yakuniga etganidan so'ng chempionatning qolgan qismi davom ettirilsa yaxshi bo'lardi. Oldimizda “Paxtakor” bilan bo'ladigan Kubok o'yinlari turibdi, bu o'yinlarga qiziqish hozir unchalik zo'r bo'lmasa kerak, chunki hammaning e'tibor jahon chempionatiga qaratilgan. Ammo PFL tomonidan taqvim tuzib bo'lingan va shu taqvim asosida o'ynashga majburmiz.

-   Davralar oralig'idagi o'zgarishlar haqida aytib o'tsangiz?
-   Artyom Filiposyanning safimizga kelib qo'shilishi aniq. Boshqa o'yinchilar taqdiri esa yaqin kunlarda hal bo'ladi. 14 iyul kuni Avstriya yig'iniga borishni mo'ljallab turibmiz va u yoqda 28 iyulgacha bo'lamiz.

X.Xoliqov yozib oldi.

Manba: championat.asia