Vadim Abramov: "5 ta turdan so'ng kim nimalarga qodirligi ko'rinadi"

Alisher Ostonov
28 fev 2026, 23:03
Superliga 1-turi doirasida bo'lib o'tgan "Dinamo" – "Navbahor" (1:2) uchrashuvidan so'ng mezbonlar ustozi Vadim Abramov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Nima deyish mumkin? O'yinni barcha ko'rdi. Gol urib oldik, keyin qo'pol xatolarga yo'l qo'ya boshladik. Ularning ilk hujumiyoq darvozamizga penalti belgilanishiga olib keldi. Umuman olganda, mag'lubiyatga o'zimiz aybdormiz. "Navbahor"ni g'alaba bilan faqat tabriklash kerak. Biz noto'g'ri o'ynadik. Muxlislardan uzr so'raymiz. Bugun ochilish uchrashuvi edi, ko'p narsa kutishgan. Bu birinchi uchrashuv, mag'lubiyat yoqimsiz. Lekin biz bunga qanday reakciya qila olishimiz muhim."

- Tarkibda o'zgarishlar bo'lsa-da, o'tgan yilgi o'yinni bugun ko'rmadik...

- To'g'ri, chunki to'g'ri harakat qilmadik. Gol urib olganimiz bizga yordam berishi kerak edi. Raqibning birinchi hujumidayoq 11 metrlik nuqtadan gol o'tkazdik. Hozir qaynoq kalla bilan biror so'z aytish qiyin. Bahsni ko'rib chiqamiz, boisi ayni paytgacha bunday o'ynamagandik.

- Sanjar Qodirqulov haqida...

- Hozir unga yoki boshqa futbolchiga etiroz bildira olmayman. Butun jamoa noto'g'ri o'ynadi.

- "Navbahor"ning o'yini borasida nima deya olasiz? O'tgan yilgi bilan solishtira olasizmi?

- Bugun barchasi boshqacha kechishi mumkin edi. Hozir bahor, bu davrda kutilmagan natijalar bo'lishi tabiiy. 5 ta turdan so'ng kim nimalarga qodirligi ko'rinadi. Shu bois bugun nimadir deyish qiyin.

O'xshash yangiliklar


Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia