

O'yindan so'ng terma jamoamiz a'zosi Ulug'bek Hoshimov championat.asia muhbiri savollariga javob qaytardi.
"Barcha ko'rdi, o'yin qiyin o'tdi. Bizning maqsadimiz - chempionlik. Buni yodimizdan chiqarmaslikka harakat qildik. Mana, peshonamizga g'alaba yozilgan ekan, finalga chiqdik. Buni so'z bilan tariflab bera olmayman. Kutib olinganimizdan tortib, g'alabadan keyingi xursandchilikkacha... Barchaga rahmat aytmoqchiman - muxlislarga, siz jurnalistlarga, jamoadoshlarimga, yaratilgan sharoitlar uchun rahbariyatga.
- Yaponiya xavfli raqib edi. O'yindan oldin qo'rquv bo'lmadimi?
- Birinchi navbatda muxlislarning o'yinga kirmasligini eshitib, shuni o'yladim. Bizning maqsadimiz bor edi. Muxlislar kirish-kirmasligidan qati nazar g'alaba qozonishimiz lozim edi. Yaponiya kuchli terma jamoa.
- Tashqarida 15 ming kishi yig'ildi. O'yin paytida ularning ovozi eshitildimi?
- Stadionga u qadar eshitilmadi, lekin buni bildik. Ularning qo'llab-quvvatlashlarini his qildik. Finalda stadion to'lishi aniq. Muxlislar kelishidan doimo xursand bo'lganmiz. Ularning qo'llashi bizga motivaciya beradi. Ular stadionda bo'lishsa, biz juda xursand bo'lamiz", - dedi Ulug'bek Hoshimov.



