Ulug'bek Baqoev: "Sifatli futbol ko'rsatmagan bo'lsak ham g'alabaga erisha oldik"

Sherzod Nurmatov
1 may 2022, 21:27
Superliganing 6-turidan o'rin olgan "So'g'diyona" – "Metallurg" (2:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida

- Qiyin o'yin o'tkazdik. Namangandagi "Navbahor" bilan o'yindan so'ng tiklanish uchun vaqt oz edi. Yigitlar charchoq tufayli bugun haqiqatdan ham qiynalishdi, buni murabbiy sifatida ko'rib-bilib turibman. Sifatli o'yin namoyish etmagan bo'lsak ham gollar urdik va g'alabaga erishdik. Muhimi – natija. 

Keyingi uchrashuvga qadar to'liq tiklanib yanada sifatli o'yin namoyish etamiz degan umiddaman. Jamoamiz a'zolariga bugungi o'yin uchun minnatdorchilik bildiraman.

- Milan Mitrovichda uzatmalar xato chiqayotgani ko'zga tashlanmoqda. Bu borada ish olib borasizlarmi?

- To'g'ri, Mitrovich uzatmalarda xatoliklarga yo'l qo'ydi. U bilan darvozabonlar murabbiyimiz alohida ish olib boradi. Bu to'g'rilasa bo'ladigan xolat.

- Jamoani oldinda "Paxtakor", AGMK kabi kuchli jamoalarga qarshi o'yinlar kutib turibdi...

- To'g'ri, biz yaqin kunlar ichida "Paxtakor" va AGMK bilan o'ynaymiz. Hozirda Superligada kuchsiz jamoaning o'zi yo'q, istalgan raqib muammo tug'dira oladi. Biz har bir o'yinga jiddiy yondashamiz.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia