

"O'yinning dastlabki 60 daqiqasida o'zimizni yaxshi tomonlama ko'rsata oldik, deb o'ylayman. Jamoamiz uyushqoq, intizomli harakat qildi hamda to'p bilan va to'psiz holatlarda ham o'zida etarlicha jasorat topa oldi. Ikkinchi bo'lim boshidayoq hisobda oldinga chiqib olganimiz esa maydonda qilgan mehnatlarimizning ijobiy natijasi bo'ldi", – deya ta'kidladi murabbiy.
Mutaxassis o'yindagi burilish nuqtasi sifatida o'tkazib yuborilgan birinchi golni ko'rsatib o'tdi: "Afsuski, bunday yuqori darajadagi o'yinlarda kichik vaziyatlar ham uchrashuv taqdirini hal qilib qo'yadi. Biz o'z darvozamizdan oson gol o'tkazib yubordik va shundan so'ng jamoaviy tuzilmamiz hamda diqqat-e'tiborimizni biroz yo'qotdik. Nazarimda, aynan o'sha birinchi gol o'yinning burilish nuqtasi bo'ldi va bu biz tezroq hal qilishimiz kerak bo'lgan muammodir. Bu vaziyatni yaxshiroq nazorat qilishimiz kerak edi. Mana shunday lahzalar o'yin tempini butunlay o'zgartirib yuboradi. Shundan so'ng xotirjamlikni yo'qotdik va Venesuela bundan unumli foydalanib qoldi".
Umumiy o'yin haqida fikr bildirarkan, King jamoaning tajriba orttirayotganini alohida qayd etdi: "Tarkibda bir qator tajribali futbolchilar bilan birga yoshlar ham jamlangan bo'lib, bu kabi o'yinlar ularning o'rganish va o'sish jarayonining bir qismi hisoblanadi. O'yindagi yaqqol ijobiy jihatlar bilan birgalikda, aniq xulosalarimiz ham bor. 90 daqiqa davomida yanada barqaror harakat qilishimiz shart. Albatta, yakuniy natijadan hafsalam pir bo'ldi. Muhim lahzalarda diqqatni chalg'itdik va bunday vaziyatlarda o'yinni yaxshiroq boshqarishni o'rganishimiz kerak. Ammo dastlabki 60 daqiqadagi harakatlarimiz biz uchun katta ijobiy holatdir... Yigitlar shu darajada bemalol raqobatlasha olishini ko'rsatadi. Biz nafaqat himoya chizig'i sifatida, balki butun jamoa bo'lib mudofaalanishni kuchaytirishimiz lozim".
Kingning fikricha, himoyalanish – bu butun maydon bo'ylab jamoaviy tuzilma, o'zaro aloqa va yuqori diqqat-e'tiborni saqlab qolish demakdir.
Ma'lumot o'rnida, Trinidad va Tobago terma jamoasi o'zining ikkinchi o'yinini dushanba kuni Toshkentda Gabon terma jamoasiga qarshi o'tkazadi.



