Tolibjonov NFF va “Navbahor” rahbariyati bilan uchrashdi

Narzulla Saydullayev
16 apr 2016
O'FF terma jamoalar markazi rahbari Asqar Tolibjonov va markaz maslahatchisi Vyacheslav Soloxo Namanganga tashrif buyurib, viloyat futbol federatsiyasi va “Navbahor” futbol klubi rahbariyati bilan uchrashdi.

Namangandagi “Markaziy” o'yingohning anjumanlar zalida bo'lib o'tgan uchrashuvda markaz vakillaridan tashqari Namangan viloyat futbol federatsiyasi birinchi vice-prezidenti Bahrom Xolmirzaev, “Navbahor” futbol klubi direktori G'anisher Ismoilov, jamoa bosh murabbiyi Rashid G'ofurov, jamoa shifokori Bahodir Abdug'aniev, NFF selekcioener murabbiyi A'zam Rajabbaevlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda terma jamoalar markazi rahbari Asqar Tolibjonov turli yoshdagi terma jamoalarimiz oldiga yuqori vazifalar qo'yilayotganligini ta'kidlab o'tdi. Yani har bir yoshdagi terma jamoalar oldiga jahon chempionatlari yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifasi qo'yilayotganligini aytib, bu borada nafaqat terma jamoalarda faoliyat ko'rsatayotgan murabbiylar, balki viloyatlarda bevosita futbol sohasida ish yuritayotgan mutaxassislarni ham mas'ul ekanliklarini etirof etdi. Shu sababli, viloyatlarda va klublarda faoliyat yuritayotgan murabbiylar joylardagi iqtidor egalarini topishda va ularni markazga tavsiya qilish muhim ekanligini alohida ta'kidladi.

Tolibjonov sog'lom bo'lishi ham muhim ekanligini aytib, shifokorlarni bunda o'z vazifalariga mas'uliyat bilan yondoshish lozimligini aytib, futbolchilarni to'g'ri tarzda davolanishini ham nazorat ostiga olib, futbol maktablarida shug'ullanayotgan yosh futbolchilarni ota-onalariga ham tushuntirish kerakligini ta'kidladi. Markaz rahbari klublar va terma jamoalar markazi bilan hamkorlikda ish yuritishni taklif etib, terma jamoalarga nomzod futbolchilar mashg'ulot yoki o'yin paytida jarohat oladigan bo'lsa markaz tomonidan sog'lig'ini tiklash markaz tomonidan bepul tarzda taqdim etilishini aytib o'tdi. Shuningdek, 1999 yilda tug'ilgan yoshlar bilan ishlaydigan murabbiylar ro'yxti berilsa terma jamoa murabbiylari bilan tajriba almashish taklifini berib, murabbiylarni terma jamoa muhiti bilan tanishib, malaka oshirib qaytishlari uchun markaz tomonidan sharoit yaratib berilishini bildirdi.

Mehmonlar Namanganga amalga oshirgan safarlari chog'ida, Namangandagi “Markaziy” o'yingohni ko'zdan kechirib, “Navbahor” jamoasi a'zolari istiqomat qilayotgan klub qarorgohini ham ko'zdan kechirishdi. Tashrif yakuniy qismida mehmonlar bir piyola choyga taklif etilishdi. Shundan so'ng Tolibjonov boshchiligidagi markaz vakillari vodiy safarini davom ettirish maqsadida qo'shni viloyatlar sari yuzlanishdi.

 


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz