Tibbiy tekshiruvdan so'ng "Milan" 30 mln. evrolik transferni bekor qildi

Aslanov Jasurbek
2 fev 2026
Fransiyalik hujumchi Jan-Filipp Matetaning "Kristal Pelas"dan "Milan"ga o'tishi amalga oshmaydigan bo'ldi.

Taniqli insayder Janluka Di Marcioning xabar berishicha, Italiya klubi rahbariyati 28 yoshli futbolchini sotib olmaslikka qaror qilgan. Daniele Longoning qo'shimcha qilishicha, bunga bugun o'tkazilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rik natijalari sabab bo'lgan. "Rossoneri" shifokorlari tekshiruvlardan so'ng transferga to'sqinlik qiluvchi jihatlarni aniqlashgan.

Avvalroq "Milan" va "Kristal Pelas" futbolchining transferi borasida 30 million evro evaziga kelishuvga erishgani xabar qilingandi.

Ma'lumot uchun, Mateta APL joriy mavsumida 23 ta o'yinda maydonga tushib, 8 ta gol urishga erishgan edi. Endi "Milan" qishki transfer oynasi yopilguniga qadar tezkorlik bilan boshqa hujumchi izlashiga to'g'ri keladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: gianlucadimarzio.com