Terma jamoalarning qishki yig'ini: oldinga qadammi yoki orqaga?

Iskandarov Abdulaziz
28 yanv 2026, 10:17
Sir emas, FIFA kunlari, odatda, faqat milliy terma jamoalar uchun mo'ljallangan.

Bu paytda asosiy terma jamoalar yig'in o'tkazadi, o'rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi, jamoa ichidagi o'yin uslubi va taktik ishlanmalar ustida ishlaydi. Yani bu yig'inlar aniq maqsadga qaratilgan: mavsum davomida klublarda shakllangan futbolchilarni bir tizimga jamlash. 

Yosh toifadagi terma jamoalarda esa vaziyat biroz boshqacha. Ular faqat FIFA kunlari bilan cheklanib qolmaydi, rejaga qarab boshqa paytlarda ham yig'in o'tkazishi mumkin. Masalan, 2007 yillarda tug'ilgan O'zbekiston terma jamoasi yanvar oyi boshida Turkiyada o'quv-yig'in mashg'ulotlarini olib bordi. Endilikda 27 yanvar sanasidan ular yana yig'inga kirishishdi va bu yig'in 20 fevralgacha davom etadi. 

Bir qarashda bu ijobiy holdek tuyuladi: yoshlar yig'ilyapti, birga ishlayapti, xalqaro muhitni ko'ryapti, o'zaro raqobat shakllanyapti. Lekin futbol rivoji faqat yig'inlar soni bilan o'lchanmaydi. Muammo aynan shu yerda - yig'in qanchalik o'z vaqtida va qaysi tizimni buzmasdan o'tkazilyapti?

Klub va terma jamoa o'rtasidagi muvozanat

Ushbu yig'inda  futbolchilar orasida qishki yig'inni allaqachon o'z klubi bilan o'tkazayotganlar ham bor edi. Ibrohim Shokirov, Mo'minxon Bahodirxonov, Azizbek Erimbetov, Nurbek Sarsenbaev “Neftchi” bilan Antaliyada yig'in o'tkazayotgandi.

Quvonchbek Abraev ("Lokomotiv") bilan Antaliyaga yo'l oldi. U ham terma jamoaga chaqirilgan yakunda "Lokomotiv" futbolchini qo'yib yubormagan. 

Davron To'laganov, Kuvanishbek Saydaliev, Muhammadali Dilshodbekov, Abubakr Shukurullaev ham “Paxtakor” bilan qishki yig'inda qatnashmoqda, asosiy tarkib bilan albatta. 

Nematulloh Rustamjonov, Sayfiddin Sodiqov ham “Andijon”ning Antaliyadagi o'quv-yig'inida. 

Gap yig'in o'tkazilmasin deganda emas. Yig'in kerak, u zarur. Ammo qishki tayyorgarlik - bu futbolchi uchun mavsumning eng muhim va hal qiluvchi bosqichi hisoblanadi. Aynan shu davrda jismoniy poydevor qo'yiladi, individual kamchiliklar ustida ishlanadi, futbolchi butun yil davomida ko'tara oladigan yuklama aniqlanadi. Qolaversa, ular klubda Cheran, Sobirxo'jaev, Alijonov, Nasrullaev, Anzur Ismoilov, Iskanderov kabi nomdor futbolchilar yonida raqobat qilmoqda yani shunchaki yig'inda jamoani to'ldirish uchun olib yurilmayapti. Bu futbolchilar 14 yoki 15 emas asosiy jamoada o'rnini topishga kurashayotgan katta futbolga o'tgan yigitlar.

Klubda futbolchi tizimli ravishda yuklama oladi: mashg'ulot, o'yin, tiklanish - barchasi aniq reja va hisob-kitob asosida amalga oshiriladi. Terma jamoa esa klub emas. U 1–2 yig'in ichida futbolchini to'liq shakllantirib, uni yana klubiga “tayyor mahsulot” sifatida qaytarib bera olmaydi.

Bu yerda asosiy savol tug'iladi: o'z klubida asosiy tarkib uchun kurashayotgan, yangi mavsum oldidan jismoniy va taktik tayyorgarlik ko'rayotgan futbolchilarni yanvar oyida qanday qilib yana ikki marta “uzib olish” mumkin?

Aslida tizim teskari ishlashi kerak. Futbolchi terma jamoaga klubida tayyor bo'lgan holda kelishi lozim. Terma jamoa esa uning rivojini to'xtatmasligi, balki yanada yaxshi planga olib chiqishi kerak bo'ladi.

Natijalar nimani ko'rsatyapti?

Bu fikrni yaqin o'tmishdagi misollar ham tasdiqlaydi. 2023 yilgi U-20 Osiyo kubogidan keyin O'zbekiston yoshlar terma jamoasining aksariyat futbolchilari o'z klublarida o'rnini topishda qiynaldi. Bu holatni faqat raqobat yoki psixologik bosim bilan izohlab bo'lmaydi.

Ayniqsa, diqqatga sazovor jihat: turnirga chaqirilmagan Behruz Karimov mavsumning ikkinchi qismida klubida ochildi va barqaror o'yin ko'rsata boshladi. Bu tasodif emas. U qishki tayyorgarlikni to'liq klubi bilan o'tkazdi, jismoniy va taktik jihatdan murabbiy talablariga moslashdi. Allaqachon milliy jamoada debyut golini ham urdi. 

Hamkasbimiz Nikolay Egorichev keltirgan tahlil esa muammoni yanada oydinlashtiradi. 2022 va 2024 yilgi U-23 Osiyo kuboklari hamda 2023 yilgi U-20 Osiyo kubogi qatnashchilari tahlil qilinganda quyidagi manzara yuzaga chiqdi:

O'zbekiston bu turnirlarda Yaponiya va Janubiy Koreyani mag'lub etdi, finallarga chiqdi, chempion bo'ldi. Lekin musobaqalardan keyin:

O'zbekistondan Yevropa top-ligalarida mustahkam o'rnashgan futbolchilar - faqat 2 nafar (Abduqodir Husanov, Abbos Fayzullaev);

Yaponiyadan - 29 nafar;

Janubiy Koreyadan - 14 nafar.

Yaponiya va Koreyada yosh futbolchi birinchi navbatda klub orqali o'sadi. Terma jamoa esa bu jarayonga aralashmaydi, uni to'ldiradi. Bizda esa ko'p holatda terma jamoa yig'inlari klub rejasini parchalab yuboradi. Natijada futbolchi na klubda to'liq tayyorgarlik ko'radi, na terma jamoada uzluksiz rivojlana oladi.

Futbol fiziologiyasida qishki yig'in mavsumning eng muhim 6–8 haftasi hisoblanadi. Ochiq manbalarga ko'ra:

- futbolchining mavsum davomidagi jismoniy imkoniyatining 60–70 foizi aynan qishki yig'inda shakllanadi;

- yuqori intensiv yuklamalarning 80 foizi shu davrda beriladi;

- keyingi mavsumdagi jarohatlar xavfi ham aynan qishki tayyorgarlik sifatiga bog'liq.

Klub qishki yig'ini - 8 hafta

Nazorat o'yinlari - 10–15 ta

Terma jamoa yig'ini - 10–15, undan ham ko'proq

Futbolchi butun yilni yig'indan yig'inga o'tib o'tkazadi. 

Lyubinko Drulovich davrida OTJning xorijda uzoq vaqt yig'inlar o'tkazilgani, Superliga murabbiylaridan birining “futbolchimni 100 kun ko'rmadim, uni tarkibga qo'ya olmayman” degan gapi bejiz aytilmagan.  Musobaqalar o'z yo'liga, unga etiroz yo'q. 

Xulosa

Terma jamoa uchun yig'inlar kerak. Bu bahssiz. 

Lekin:

ular klublar bilan aniq muvofiqlashtirilgan bo'lishi shart;

asosiy tarkibda o'rnini topishga intilayotgan futbolchi qishda asosiy yuklamani klubida olishi kerak;

terma jamoa yig'inlari rivojlantiruvchi, to'ldiruvchi rol o'ynashi lozim.

Aks holda, biz yana shu manzarani ko'raveramiz:

Osiyoda kuchli, natijali, raqiblarni yutadigan terma jamoa - ammo musobaqadan keyin yuqori pog'onaga ko'tarila oladigan futbolchilar soni juda kam.


Aytmoqchi bo'lganim bundan klub ham, terma jamoa ham zarar ko'rmasligi kerak. Six ham, kabob ham kuymasin. Ikkisi o'rtasida tizmli balans bo'lishi lozim.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia