Ten Xag Sancho omma oldida kechirim so'rashini kutyapti

Aslanov Jasurbek
9 okt 2023, 20:15
Jeydon Sancho ijtimoiy tarmoqlarda Erik ten Xagni tanqid qilgani uchun kechirim so'ragani yo'q.

Eslatib o'tamiz, sentyabr boshida Sancho va MYU ustozi o'rtasida mojaro yuzaga kelgan edi. Vinger "Arsenal"ga qarshi APLning 4-tur o'yinini (1:3) o'tkazib yuborgandi. Bahsdan so'ng Erik ten Xag futbolchi mashg'ulotlarda yaxshi taassurot qoldirmaganini aytgan.

Sancho bunga javob tariqasida ijtimoiy tarmoqda quyidagi gaplarni yozdi: "Uzoq vaqt hamma narsaga aybdor bo'ldim - bu adolatsizlik. Mashg'ulotlarda jonimni berib ishlayman, o'qiyotganlaringizga ishonmang. Boshqa sabablar bo'lgani aniq". Keyinroq post o'chirib tashlandi. 14 sentyabr kuni futbolchi asosiy jamoa mashg'ulotlaridan chetlatildi.

Ma'lumotlarga ko'ra, ten Xag Sanchodan omma oldida kechirim so'rashi kerakligini aytgan, biroq futbolchi hali ham uzr so'ragani yo'q.

Ten Xag Sanchoni "Manchester Yunayted" tarkibiga qaytarishi mumkin, ammo klubdagilarning fikricha, mojarodan bir oy o'tib so'ralgan kechirim kerakli effektni bermaydi.

Oldinroq, Sancho qishda MYUni tark etmoqchi ekanligi e'lon qilingan edi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN