"So'g'diyona" – "Turon" bahsini boshqargan Serazitdinov hakamlikdan chetlatildi

Tolibjon Qosimov
15 mar 2021, 16:01
Kecha – 14 mart kuni O'zbekiston Superligasining 2-turidan o'rin olgan So'g'diyona – Turon uchrashuvida yuzaga kelgan holatlar futbol jamoatchiligining muhokamalariga sabab bo'ldi.

VIDEO  Buni ko'rish shart! "Turon" ustozi Islom Ismoilov "portladi": "Qachongacha??? Shumi adolat?!! Meni butun umrga futboldan olib tashlasa ham mayli!"

Bugun O'FA Hakamlik qo'mitasi tomonidan mazkur bahsni boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovning o'yin davomidagi xatti-harakatlari atroflicha tahlil qilib chiqildi.

Mutaxassislar So'g'diyona - Turon uchrashuvi video-lavhasini qayta ko'rib, vaziyatlarni sinchkovlik bilan o'rganib chiqdi. Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida So'g'diyona darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi. Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada Turon futbolchisi o'z jarima maydonida to'pni qo'li bilan o'ynadi deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi Qo'mita vakillari tomonidan qayd etildi.

O'FA Hakamlik qo'mitasining yakuniy qaroriga muvofiq, qo'pol xatolarga yo'l qo'yganligi hamda ushbu xatolar o'yin natijasiga ta’sir o'tkazganligi sababli Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.


Shuningdek, O'FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holat bo'yicha tegishli ma'lumotlar, mazkur futbol uchrashuvi qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o'rganib chiqish ishlari boshlandi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O'FA Etika qo'mitasi tegishli tartibda ko'rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: ufa.uz