Sergey Lushan: “Biz uchun bugun qiyin o'yin bo'ldi”

1 iyul 2015, 23:21
“Qo'qon-1912” – “Bunyodkor” (0:1) uchrashuvidan so'ng tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar ustozi Sergey Lushan savollarga javob berdi.

- O'yin biz uchun qiyin bo'ldi. Raqib jamoa maydon markazida bizga qizg'in kurashni taklif etdi va yaxshi o'ynadi. Bugun jamoam men istagan darajada o'ynay olmadi. Lekin shunga qaramay kerakli natijani qo'lga kiritdik. Havo ham juda issiq bo'ldi. Ko'plab vaziyatlarni golga aylantira olmadik. So'nggi uchrashuvlarda gol o'tkazib yubormayapmiz. Mana shu omil meni quvontirmoqda. Avvalgidek keraksiz va ajabtovur gollarni o'tkazib yubormayapmiz. Biz to'g'ri yo'ldan ketmoqdamiz va keyinchalik ham umid qilamanki ushbu yo'ldan ketamiz - deya gap boshladi Lushan.

- Vohid Shodiev nega oxirgi paytlarda zaxirada qolib ketmoqda?

- U hali butun uchrashuvida to'liq o'ynashga tayyor emas. Jaroxati sabab bir yarim oyni davolanish bilan o'tkazdi. Shuning uchun hozir u o'zining optimal formasida emas. So'nggi ikki bahsda zaxiradan tushib, o'yinni kuchaytira oldi. Bu jamoamiz uchun juda muhim. Davralar oralig'ida yig'in o'tkazamiz va shunda ko'ramiz. Ikkinchi  davrada kim asosiy tarkibda o'ynashini vaqt ko'rsatadi. Hujum chizig'idan ko'nglim to'q. Aynan Shomurodov, O'rinboev va Shodievdan.      

- “Qo'qon-1912” o'yiniga qanday tarif bergan bo'lardingiz?

- Ular bugun juda yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Jamoamizning kuchsiz va kuchli jihatlarini yaxshi o'rgangani o'yin davomida sezilib turdi. “Qo'qon-1912” ko'rsatayotgan o'yinidan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, ularning hozirgi egallab turgan o'rni o'ziga mos emas. “Bunyodkor” bugun mahorat evaziga g'alaba qozondi. Qo'qon jamoasi juda yaxshi shakllangan jamoa. Ular har bir raqibga chaqilmas yong'oqdir – deydi Sergey Ivanovich.


Manba: championat.asia