Sardor Rashidov nega "Nasonal" o'yinlarida maydonga tushmayapti?

Xabaringiz bor, hamyurtimiz Sardor Rashidov faoliyatini Portugaliyada davom ettirmoqda.

Kuni kecha, "Nasonal" klubi chempionatning 32-turi doirasida "Gimaraesh" mehmoni bo'ldi va so'nggi daqiqalardagi urilgan goli evaziga 1 ochkoga ega bo'ldi. 

Ushbu bahsda Rashidov maydonga tushmadi, u xatto o'yin qaydnomasiga ham kiritilmadi. Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida 27 yoshli hujumchimiz bilan bog'landik.


- Nima uchun so'nggi uch o'yindan beri maydonga tushmaganingiz sababini aytib o'tsangiz...

- Hozir O'zbekistondaman. Viza bo'yicha bir qancha muammo yuzaga keldi, shuning uchun klubdagi o'yinlarda maydonga tushmayapman. Bu mavsum boshqa o'ynamayman.


- Joriy mavsum jamoangizni ligada jon saqlab qolish imkoniyati qanday?

- Fikrimcha, bu mavsumda klubim Portugaliya quyi ligasiga tushib kyetish ehtimoli yuqori.


- Jamoangiz quyi ligaga tushib ketadigan bo'lsa, "Nasonal"dan ketasizmi?

- Agar shunday bo'lsa, boshqa klub safiga o'tib kyetishim mumkin. 


- Qaysi jamoalardan taklif bo'layotganini ayta olasizmi?

- Takliflar bo'lmoqda. Lekin, aynan qaysi davlatlardan takliflar bo'layotganini hozircha ayta olmayman. Mavsum tugaganidan keyin bir to'xtamga kelaman.


- Osiyo kubogi-2015da ko'rsatgan o'yiningizni namoyish etish uchun qaysi omillar sizga to'sqinlik qilmoqda?

- O'ylashimcha, hech narsa menga halaqit qilmayapti. Ayni vaqtda alohida o'zim mashg'ulotlarda qattiq mehnat qilyapman. 


- Endigi rejalaringiz haqida ikki og'iz muxlislaringiz uchun aytadigan gapingiz bo'lsa marhamat...

- Men Portugaliyaga kecha kelib qolganim yo'q. "Nasonal"ga kelganimdan so'ng, o'yinim o'xshamagan uchrashuvlar ko'p bo'ldi. Mana shunday paytda meni qo'llab-quvvatlab turishgani uchun ularga alohida rahmat aytaman. 


- Sizga ham rahmat! Biz sizga ishonamiz, muvaffaqiyat hamrohingiz bo'lsin!

- Rahmat!


Nodir Abdurasulov suhbatlashdi


Manba: championat.asia