Rufat Akramxo'jaev: “Mag'lubiyatga uchrayotgan paytimizda ham yigitlar ruhan “sinib” qolmadi”

Narzulla Saydullayev
14 sen 2015, 13:08
Kecha birinchi liganing 7-tur o'yinlari start oldi. Toshkentda kichik derbi bo'lib o'tdi.

Unda “NBU-Osiyo” hamshahari “Obod”ni qabul qilib, irodali g'alabaga erishdi. Yakuniy hisob “bankirlar” foydasiga hal bo'lganidan so'ng (5:2) mezbonlar ustozini fikrlari bilan qiziqdik. 

- Uchrashuvning dastlabki 30 daqiqasidan qoniqish xosil qilmadim. Yigitlar bu vaqt davomida berilgan vazifani bajara olmadi. Ammo qolgan daqiqalarda ular asta-sekin o'zlarini ko'rsata boshladi. Ayniqsa ikkinchi bo'limda o'yinimiz kutilganidek chiqdi va shu tariqa kerakli natijani qo'lga kiritdik – deya gap boshladi Rufat Akramxo'jaev. 

- Birinchi bo'limda o'z darvozamizdan ikkita gol o'tkazib yubordik va bo'lim yakunlanishiga kelganida, Leonid Koshelev hisobni qisqartira oldi. Mazkur gol juda kerak edi. Aynan hisobni 1:2 ko'rinishga keltirganimizdan so'ng yigitlarda ruhiy jihatdan o'sish bo'ldi va bu ularga qandaydir umid uchqunlarini uyg'otdi. 

- “Obod” yaxshi jamoa. Buni oldin ham aytganman. Ularda jamoaviy o'yin yaxshi yo'lga qo'yilgan va bundan tashqari ahillik bor. Garchi hisob 4:2 yoki 5:2 bo'layotganida ham raqib futbolchilari dadil oldinga tashlangani e'tiborga molikdir. 

- Albatta derbida muvaffaqiyat qozonganimizdan mamnunman. Yigitlar o'zlarida kuch topa oldi va irodali g'alabani qo'lga kiritdik. Buning uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildirgan bo'lardim – deydi “NBU-Osiyo” bosh murabbiyi. 

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia